Rossiyalik harbiylar safarbarlikka tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazayotgani ma’lum bo‘ldi

Rossiya harbiylari safarbarlikka tayyorgarlik mashg‘ulotlarini o‘tkazayotgani ma’lum bo‘ldi.
Iyul oyida Kaliningrad viloyatida safarbarlik e’lon qilingan taqdirda qanday harakatlanish bo‘yicha harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilgani aniqlandi. Bu haqda The Wall Street Journal g‘arb razvedka xizmatlari vakillariga tayanib xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, mashg‘ulotlar davomida harbiylar, jumladan, hududda safarbarlik tadbirlarini o‘tkazishga tayyorgarlik darajasini, safarbar qilinganlarni joylashtirish imkoniyatlarini, ularni oziq-ovqat va qurol-yarog‘ bilan ta’minlash tizimini tekshirgan.
G‘arb maxsus xizmatlari vakillarining aytishicha, shunga o‘xshash o‘quv mashg‘ulotlari Rossiyaning boshqa hududlarida ham o‘tkazilmoqda. Biroq ular aynan qaysi hududlar haqida gap ketayotganini ochiqlamagan.
WSJ manbalari buni yangi safarbarlik to‘lqini e’lon qilinishiga tayyorgarlik deb atagan. Ularning fikricha, sentyabrdagi parlament saylovlariga qadar safarbarlik e’lon qilinishi ehtimoldan yiroq.
Shu bilan birga, gazeta suhbatlashgan ekspertlar, agar Rossiya hukumati kuzda safarbarlik e’lon qilsa, bunday qarorning amaliy samarasi qanday bo‘lishi hozircha tushunarsiz ekanini qayd etdi. Ular qishda murakkab ob-havo sharoiti tufayli jangovar harakatlar sekinlashishini eslatdi. Biroq Karnegi jamg‘armasi tahlilchisi Maykl Kofman fikricha, yangi safarbarlik to‘lqini frontdagi vaziyatga 2027-yildayoq ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yangi safarbarlik to‘lqini ehtimoli haqida iyun oxiridan buyon xabar berib kelinmoqda. Eng ko‘p tilga olinayotgan taxminga ko‘ra, safarbarlik sentyabrdagi saylovlardan keyin e’lon qilinishi mumkin.
Rossiya rasmiylari esa yangi safarbarlik rejalari borligini inkor etib kelyapti. Ular 2022-yil sentyabrda safarbarlik e’lon qilinishidan oldin ham shunday bayonotlar bergandi. Shu bilan birga, 2022-yilda boshlangan safarbarlikni rasman tugatish haqida alohida farmon hanuz e’lon qilinmagan.
Yangi safarbarlik haqidagi mish-mishlar fonida “Kovcheg” huquqni himoya qilish tashkiloti avgust oyida rossiyaliklarning mamlakatdan ko‘chib ketish imkoniyatlariga qiziqishi keskin oshganini qayd etdi.

