Dunyo

Rossiyada migrantlar 1-sentyabrdan har yili tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart bo‘ladi

Rossiyada 1-sentyabrdan boshlab migrantlar har yili majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart bo‘ladi. Bu haqda “Kommersant” xabar berdi.

Yangi qonuniy o‘zgarishlarga ko‘ra, Rossiyada 90 kundan ortiq qolishni rejalashtirgan chet el fuqarolari OIV (OITS), giyohvandlik va boshqa xavfli kasalliklar (jumladan, sil va sifilis) bo‘yicha tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Bu qoida ish, o‘qish yoki boshqa maqsadlarda kelgan barcha shaxslarga taalluqlidir. Ular mamlakatga kirganidan keyin bir oy ichida maxsus ma’lumotnomani olishlari kerak, keyinchalik bu jarayon har yili takrorlanadi. Ushbu talabni bajarmaganlarga 25 mingdan 50 ming rublgacha jarima solinadi va ular mamlakatdan deportatsiya qilinadi.

Yangi qonunga ko‘ra, tibbiyot tashkilotlari berilgan ma’lumotnomalarni 24 soat ichida Sog‘liqni saqlash vazirligi bazasiga joylashi shart. Soxta ma’lumotnoma tayyorlash, sotish yoki sotib olish uchun esa 8 yilgacha qamoq jazosi belgilandi.

Bu o‘zgartirishlar “Rossiyadagi xorijiy fuqarolarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonun, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks hamda Jinoyat kodeksiga kiritildi. Hujjat barcha fraksiya deputatlari guruhi tomonidan Davlat dumasiga kiritilgan va 2026-yilning may oyida parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilingan.

Ilgari xorijliklar bunday ma’lumotnomalarni faqat ishlash ruxsatnomasi, vaqtinchalik yashash huquqi, patent yoki yashash guvohnomasini rasmiylashtirishda topshirgan. Muddatlar ham yengilroq (30 kundan 90 kungacha) edi. Rossiya Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida ma’lumotnoma topshirishdan bo‘yin tovlaganlik uchun jarima yo‘q edi. Lekin noqonuniy ishlagan migrantlarga 5 ming rubl jarima solinishi mumkin edi.

Qonunda tibbiy ko‘rik o‘tkazuvchi muassasalar uchun alohida bo‘lim ajratilgan. Endi xorijliklarga beriladigan ma’lumotnomalar faqat raqamli shaklda bo‘ladi. Tibbiyot tashkilotlari ularni elektron imzo bilan tasdiqlaydi hamda 24 soat ichida Sog‘liqni saqlash vazirligi reyestriga kiritadi.

Agar ko‘rik natijasida xavfli yuqumli kasalliklar yoki giyohvandlik aniqlansa, tibbiyot muassasalari bu haqda Ichki ishlar vazirligi va “Rospotrebnadzor”ga xabar berishi shart. Bu ikki idora olingan ma’lumotlar asosida xorijlikni Rossiyadan deportatsiya qilish huquqiga ega bo‘ladi.

Yangi qonun tibbiyot tashkilotlariga ko‘rik o‘tkazish huquqini uchinchi shaxslarga berishni taqiqlaydi. Qoidani buzganlar 1 million rublgacha jarimaga tortiladi. O‘zgartirish mualliflari shu yo‘l bilan soxta ma’lumotnomalar muammosini hal qilishni maqsad qilgan.

Shuningdek, Rossiya Jinoyat kodeksiga xavfli va yuqumli kasalliklar yo‘qligi haqidagi soxta ma’lumotnomalarni qalbakilashtirish, sotish va sotib olish bo‘yicha yangi modda qo‘shildi. Ularni internet orqali bir guruh shaxslar tomonidan sotish yoki sotib olish 3 yildan 6 yilgacha qamoq hamda 2 million rublgacha jarima bilan jazolanadi.

Agar bu holat ommaviy kasallanishga olib kelsa, jazo 4 yildan 8 yilgacha qamoq va 3 million rublgacha jarimani tashkil etadi. Ilgari soxta ma’lumotnoma sotganlik uchun Jinoyat kodeksining 327-moddasi bo‘yicha 2 yilgacha qamoq jazosi berilar edi.

Avvalroq Rossiyada bir qo‘li yoki oyog‘i yo‘q odamlarga avtobus haydashga ruxsat berilgani haqida xabar berilgandi. O‘zgarish Rossiyaning Ukrainadagi urushi ishtirokchilarini ish bilan ta’minlash masalasi muhokama qilinayotgan bir paytda qabul qilingan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.