Rossiya fuqarolarning safarlari ustidan nazoratni kuchaytiradi

Rossiya Transport vazirligi fuqarolarning sayohatlari haqida hukumatga taqdim etiladigan ma’lumotlar hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda vazirlikning yangi buyruq loyihasi bilan tanishgan “Vyortska” nashri xabar berdi.
Rossiyada 2024-yildan boshlab yo‘lovchilar va ekipaj a’zolarining shaxsiy ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan avtomatlashtirilgan markaziy bazalar yuritilmoqda. Tashuvchilar va chipta bron qilish xizmatlari ushbu bazalarga samolyot, poyezd, shaharlararo avtobus, shuningdek, dengiz va daryo transportidagi qatnovlar va safarlar haqidagi ma’lumotlarni uzatadi.
Bazaga chiptani sotib olish, qaytarish, qayta rasmiylashtirish, pulni qaytarish, yo‘lovchilarning transportga chiqishi, tushishi va jo‘nab ketishi haqidagi ma’lumotlar hamda boshqa amallar kiritiladi. Bundan tashqari, u yerda yo‘lovchilarning shaxsiy ma’lumotlari — pasport ma’lumotlari, elektron pochta manzili, tashuvchi tizimidagi akkauntining logini va paroli, chipta rasmiylashtirilgan IP-manzil hamda to‘lov haqidagi ma’lumotlar saqlanadi. Ichki ishlar vazirligi va Federal xavfsizlik xizmati ham ushbu bazalardan foydalanish huquqiga ega.
Yangi buyruq loyihasi tashuvchilarga nafaqat rejalashtirilgan, balki amaldagi safarlar haqida ham ma’lumot taqdim etish majburiyatini yuklaydi. Samolyot va poyezdlarga oid ma’lumotlar yo‘lovchi oxirgi manzilga yetib kelganidan so‘ng 15 daqiqa ichida, avtomobil, dengiz va daryo transportida esa 30 daqiqa ichida bazaga kelib tushishi kerak bo‘ladi. Har bir safarga noyob identifikator biriktiriladi va u muayyan yo‘lovchining chiptani bron qilish va sotib olishdan tortib, transportga chiqishi va tushishigacha bo‘lgan barcha harakatlarini o‘zaro bog‘laydi.
Aviaparvozlarda bir reysdan boshqasiga o‘tish va bagaj haqidagi ma’lumotlar ham bazaga uzatiladi. Yangi talablar muntazam reyslarga ham, charter reyslariga ham birdek tatbiq etiladi.
“Vyortska” soʻrovida qatnashgan ekspertlarning fikricha, bu buyruq birinchi navbatda tezkor-qidiruv tadbirlari uchun qo‘llaniladi. Jinoyat ishlari figurantlari, mahkumlar, gumonlanuvchilar va guvohlarning harakatlanishi kuzatib boriladi. Biroq ularning fikricha, safarbarlik uchun bu vositaga ehtiyoj bo‘lmaydi. Chunki harbiy xizmatga majbur shaxslarning harakatlanishini cheklash uchun mamlakatdan chiqishni avtomatik ravishda taqiqlash va haydovchilik guvohnomasini bekor qilish kabi choralar allaqachon mavjud.

