Dunyo

Rossiyada migrantlarning patentini avtomatik bekor qilish tizimi ishga tushirildi

Agar migrant jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (NDFL) bo‘yicha avans to‘lovi amalga oshirmasa, uning patentini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risida avtomatik ravishda qaror qabul qiluvchi xizmat ishga tushirildi.

Rossiyada 10-avgustdan boshlab chet el fuqarolari tomonidan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (NDFL) bo‘yicha avans to‘lovi o‘z vaqtida amalga oshirilmagan taqdirda, ularning patentini avtomatik ravishda haqiqiy emas deb topish tizimi ishga tushirildi. Bu haqda TASS agentligi Rossiya Ichki ishlar vazirligi matbuot markaziga tayanib xabar berdi.

Idoraning ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyada patent asosida ishlayotgan xorijliklar har oy avans to‘lovini to‘lashi shart. Ushbu to‘lov to‘lanmagan taqdirda patentning amal qilish muddati to‘xtatiladi. Shuningdek, IIV migrant uchun soliq to‘laydigan uchinchi shaxslarga to‘lovning maqsadi qismida uning to‘liq ma’lumotlari: familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va STIRni ko‘rsatishni tavsiya qildi. Bu axborot tizimlarida to‘lovlarni to‘g‘ri hisobga olish uchun zarur.

Agar migrant patentni bekor qilish to‘g‘risidagi qarorga rozi bo‘lmasa, u NDFL to‘langani haqidagi kvitansiyalarning asl nusxalarini taqdim etgan holda, hujjatni bergan IIV hududiy organiga murojaat qilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, 2027-yil 1-yanvardan Rossiyada xorijiy ishchilarga nisbatan talablar kuchaytiriladi: ular o‘zini va qaramog‘idagi oila a’zolarini boqish uchun yetarli daromadga ega ekanini tasdiqlashi kerak bo‘ladi, aks holda patent yoki ishlashga ruxsatnoma muddati uzaytirilmaydi.

Vaqtincha yashashga ruxsatnoma (RVP) va yashash guvohnomasini (VNJ) bekor qilish uchun asoslar kengaytirilmoqda, migrantlarning farzandlari mamlakatda bo‘lishining yangi qoidalari va NDFL bo‘yicha qo‘shimcha avans to‘lovlari, jumladan, jismoniy shaxslar qo‘lida ishlovchilar uchun ham joriy etilmoqda. Shu bilan birga, soliq organlari 2026-yil 1-oktyabrdan boshlab migrantlarning daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Ichki ishlar vazirligiga taqdim etishni boshlaydi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.