Rossiyaga qarshi «doʻzaxiy sanksiyalar» va AQShning ehtimoliy urush jinoyati – kun dayjesti
Oʻtgan kun davomida jahonda roʻy bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Rossiyaga qarshi «doʻzaxiy sanksiyalar» va AQShning ehtimoliy urush jinoyati – kun dayjesti
Yaqin Sharqda tobora kengayib borayotgan urush global neft taʼminotiga yangi xavf tugʻdirmoqda. Payshanba kuni Saudiya Arabistoni va Yamandagi husiylar bir-biriga yangi zarbalar berdi.
Husiylar Saudiya havo zarbalari Qizil dengiz qirgʻogʻiga yaqin Hajjah viloyatiga hamda Taiz atrofidagi hududlarga berilganini maʼlum qildi.
Yamanning butun Qizil dengiz qirgʻogʻini nazorat qilayotgan husiylarning aytishicha, Saudiya kuchlari soʻnggi kunlarda yuzlab aviazarbalarni amalga oshirgan. Bir kun avval husiylar Saudiyaning F-15 qiruvchi samolyoti urib tushirilganini bildirgandi.
Saudiya Arabistoni esa Toif shahrida dron urib tushirilganini xabar qildi. Dron qoldiqlari tushishi oqibatida podshohlikda yashovchi Yaman fuqarosi halok boʻlgan. Bu oʻtgan haftada janglar keskinlashganidan beri Saudiya tomonidan eʼlon qilingan ilk oʻlim holatidir. Avvalroq 80 dan ortiq kishi jarohatlangani aytilgandi.
Xalqaro migratsiya tashkiloti maʼlumotiga koʻra, soʻnggi toʻqnashuvlar sabab 100 mingdan ortiq yamanlik, asosan, Yaman ichida oʻz uylarini tark etishga majbur boʻlgan.
Eron Muhofizlar korpusi esa Hoʻrmuz boʻgʻozidan «noqonuniy oʻtishga» uringan Togo bayrogʻi ostidagi tanker zarbaga uchrab, yonib ketganini bildirdi.
Husiylarga qarshi urushga kirishni rad etgan Tramp esa Eronga qarshi hujumlarni qayta boshlash masalasida hal qiluvchi pallada ekanini aytdi.
«Oldimda katta qaror turibdi. Men u yerga kirib, ularni yakson qilmoqchimanmi yoki yoʻqmi? Bu katta qaror. Mendan har narsa kutish mumkin», dedi Tramp Axios’ga bergan intervyusida. Tramp avval ham Eronga qarshi amalga oshmagan, yangi yirik hujumlar bilan tahdid qilgandi.
Iyun oyida erishilgan vaqtinchalik kelishuv barbod boʻlgach, AQSH va Eron oʻrtasida hech qanday muzokaralar oʻtkazilmayapti. AQSH Davlat departamentining bildirishicha, urush kelasi hafta BMT Bosh assambleyasida muhokama qilinadi va unda Eron delegatsiyasi qatnashadi.
AQSH Vakillar palatasi 17-sentabr kuni Rossiyaga qarshi «doʻzaxiy sanksiyalar» haqidagi qonun loyihasini maʼqulladi. Ukrainaparast senator nomi bilan atalgan ushbu hujjatni Senat avgust oyidayoq tasdiqlagandi.

