Rashk tufayli qotillikka qo‘lga urgan shaxs 20 yilga qamaldi
Sud hujjatlariga ko‘ra, fuqaro O‘.B. hamda N.H. 2010-yilda turmush qurishgan. Ular bir necha farzandni voyaga

**Rashk oqibatida qotillikka qo‘l urgan shaxs 20 yilga ozodlikdan mahrum etildi**
Ba’zan oiladagi gumon birgina gapdan boshlanadi. Keyin u janjalga, janjal esa qaytarib bo‘lmas fojiaga aylanadi. Qorako‘l tumanida yuz bergan ushbu voqea ham rashk sabab kelib chiqqan.
Sud hujjatlariga ko‘ra, fuqaro O‘.B. va N.H. 2010-yilda turmush qurgan. Ular bir necha farzandni voyaga yetkazishgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan er-xotin o‘rtasida kelishmovchiliklar paydo bo‘la boshlagan.
O‘.B. turmush o‘rtog‘ining begona erkaklar bilan gaplashib yurishidan shubhalangan. Ana shu gumon o‘zaro nizolarga sabab bo‘lgan. U hatto xotinini xiyonatda ayblab, joriy yil boshida nikohdan ajratish yuzasidan sudga da’vo arizasi ham bergan. Sud ularga yarashish uchun olti oy muddat bergan. Afsuski, sud belgilagan vaqt munosabatlarni tiklashga emas, og‘ir jinoyatga olib kelgan.
### «Shunchaki qo‘rqitmoqchi edim...»
Yarim tunda xotini bilan gaplashish niyatida spirtli ichimlik iste’mol qilgan holda O‘.B. qaynonasining darvozasini taqillatib keladi. Darvoza ochiq turgani va hech kim chiqmagani sababli u to‘g‘ridan-to‘g‘ri uy ichiga kiradi. Uyda ayoli, qaynonasi va yana bir nechta ayol qarindoshlari suhbatlashib o‘tirishgan bo‘lgan.
Mast holatdagi erkakning kutilmaganda xonaga kirib kelishi ayollarni cho‘chitib yuborgan. O‘.B. televizor oldida turgan oshxona pichog‘ini olib, xotini N.H.ga tashlangan. U uning bo‘yin va qo‘l sohalariga pichoq bilan zarba bergan. Qizini himoya qilish uchun o‘rtaga tushgan qaynonasi Sh.E.ni ham pichoqlagan. N.H. jarohatlangan holda xonadan chiqib qochishga ulgurgan.
— Men shunchaki xotinimni qo‘rqitmoqchi edim. Ammo pichoqning unga tekkanini tan olaman, o‘ldirish niyatim yo‘q edi. Qaynonamga pichoq urganimni eslay olmayman, — degan u sudda.
Qaynona og‘ir jarohat bilan yerga yiqilgan. Shifokorlar yetib kelguniga qadar bemorning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
### «Onam meni himoya qilmoqchi bo‘ldi...»
Sud-tibbiy ekspertiza Sh.E.ning ko‘krak qafasiga sanchib kesilgan, hayot uchun xavfli og‘ir tan jarohati yetkazilganini qayd etgan. Jarohat yurak va o‘pka sohalariga zarar yetkazgan.
— Turmush o‘rtog‘imning uzoq yillar davomida doimiy spirtli ichimliklar ta’sirida yurishi, yo‘q joydan rashk qilaverib, tuhmatlar yog‘dirishi jonimdan ham o‘tkazib yuborgan edi. Hamma voqea bir pasda ko‘z oldimda sodir bo‘ldi. Onam meni himoya qilish uchun o‘rtaga tushdi va o‘z hayoti bilan vidolashdi, — deya ko‘z yosh to‘kadi N.H. sudda.
Voqealar rivojiga ko‘ra, o‘z uyida to‘s-to‘polon bo‘lganini eshitib, ayollar xonasiga yugurib kelgan B.H. va O.T. fuqaro O‘.B.ni ushlab, tashqariga olib chiqishgan. U keskin qarshilik ko‘rsatib, darvozadan qochib chiqib ketgan.
— Men ayni o‘sha soniyalarda dovdirab qolgan va hammayoqning qon bilan belanganidan, hatto, esankirab qolgandim. Vaholanki, rahmatli ayolim Sh.E. o‘sha chog‘da jon talashayotgan edi, — deydi B.H.
Sud hujjatlariga ko‘ra, jinoyat sodir etgan O‘.B. qonga belangan holda va yalangoyoq ko‘yi qaynonasi hovlisidan chiqib qochib, hudud profilaktika inspektori qabuliga borgan. U xotini hamda qaynonasini o‘ldirib qo‘yganini aytgan. Hatto ular tirik qolgan taqdirda, oilasining boshqa a’zolarini ham o‘ldirib qo‘yishi mumkinligini bildirgan.
Shundan so‘ng fuqaro O‘.B. ushlangan.
### Qat’iy xulosa
O‘.B. sudda hech kimni o‘ldirish niyati bo‘lmaganini, pichoqni qo‘rqitish uchun olganini bildirgan. Biroq sud uning bu vajlarini jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatmalari, sud-tibbiy, sud-biologik, kriminalistik va ruhiy ekspertiza xulosalari, voqea joyini ko‘zdan kechirish bayonnomalari hamda boshqa dalillar bilan solishtirgan.
Sud xulosasiga ko‘ra, uning harakatlari tasodifiy emas, qasddan sodir etilgan jinoiy harakatlar sifatida baholangan. Ayniqsa, N.H.ga hujum qilganidan keyin uni himoya qilish uchun o‘rtaga tushgan qaynonaga ham zarba berilgani sud tomonidan alohida e’tiborga olingan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining qasddan odam o‘ldirishga oid ishlar bo‘yicha sud amaliyotiga doir qarorida jabrlanuvchining yaqin kishilari ko‘z o‘ngida odam o‘ldirish, agar aybdor o‘z harakatlari bilan ularga kuchli iztirob yetkazayotganini anglagan bo‘lsa, o‘ta shafqatsizlik holati sifatida baholanishi qayd etilgan.
Sud, shuningdek, fuqarolik burchini bajarayotgan shaxsni qasddan o‘ldirish bilan bog‘liq holatlarga doir qoidalarni ham inobatga olgan.
### 20 yillik hukm
Sud O‘.B.ni Jinoyat kodeksining 25-, 97-moddasi 2-qismi «j» bandi, 97-moddasi 2-qismi «g», «j» va «r» bandlari hamda 219-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor, deb topgan. Jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan unga uzil-kesil 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan va bu jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi belgilangan.

