“Qurilishda ishlaysan deyishgandi” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit frontda mina bosib olib, barmoqlaridan ayrildi
Quvasoylik yigit avvaliga Rossiyada hujjatsiz transport vositasini boshqargani uchun 1,5 yilga qamalgan. Soʻngra qamoqdan Ukrainaning bosib olingan hududlarida qurilishda ishlash aldovi bilan frontga joʻnatilgan. Jarohatlangan askarlarni jang maydonidan olib chiqishda yerga koʻmilgan minani bosib olgan. Oqibatda oʻng oyogʻi barmoqlari uzilib tushgan.

“Qurilishda ishlaysan deyishgandi” – Rossiya armiyasiga yollangan yigit frontda mina bosib, barmoqlaridan ayrildi
Fargʻonada Rossiya armiyasiga yollangan erkakka nisbatan jinoiy jazo qoʻllandi.
Sud hukmiga koʻra, 29 yoshli Z.T. 2019-yildan beri mavsumiy tarzda Rossiyaga qatnab, ishlab kelgan. 2023-yil bahorida qoʻshnisining taklifi bilan Moskva shahriga borib, yetkazib beruvchi sifatida ishlagan. 2024-yil iyun oyida hujjatsiz transport vositasini boshqargani uchun sudlanib, 1,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Jazoni oʻtash chogʻida unga Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida qurilish ishlarida ishlash taklif qilingan. Buning evaziga jazo qoʻllanmasligi vaʼda qilingan.
Z.T. bu taklifga rozi boʻlgan. Ammo u qurilishga emas, frontga olib ketilgan.
Z.T. sudda aldov yoʻli bilan shartnoma imzolattirishganini aytgan.
500 nafarga yaqin migrantni Kursk viloyatining Sudja shahri yaqiniga olib ketishdi. U yerda bizga qurilish emas, Rossiya-Ukraina oʻrtasidagi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolattirishdi
Shundan soʻng Z.T. “Piton” shartli laqabi ostida janglarda qatnashgan. U jarohatlangan va vafot etgan askarlarni jang maydonidan olib chiquvchi guruhda oddiy askar boʻlib xizmat qilgan.
2024-yil 25-dekabr kuni 4 nafar sherigim bilan jarohatlangan askarlarni jang maydonidan olib chiqish vaqtida ehtiyotsizlik qilib, yerga koʻmilgan minani bosib oldim. Mina portlab, oʻng oyogʻim barmoqlari uzilib ketdi
Soʻng uni harbiy gospitalga joʻnatishgan. U yerda 7 oy davomida davolangan. Shu vaqt ichida Z.T.ga Rossiya fuqaroligi berilgan, medal bilan taqdirlangan, protez oyoq taqdim qilingan.
Z.T. 2026-yil aprel oyida Oʻzbekistonning Moskva shahridagi elchixonasiga borib, fuqarolik pasportini yoʻqotib qoʻyganini aytgan. Soʻng 30-aprel kuni vatanga qaytish guvohnomasi bilan Oʻzbekistonga qaytib kelgan.
JIB Quvasoy shahar sudining hukmi bilan Z.T. Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qoʻllagan holda 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

