Oʻzbekiston fuqarosi yollanma jangchilik uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi
Rossiyaga ishlagani ketgan Xorazmlik fuqaro politsiya tomonidan qoʻlga olinganidan soʻng Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun shartnoma imzolagan. Xizmati evaziga unga 1,5 million rubl toʻlash, bir gektar yer berish va fuqarolik olishda koʻmaklashish vaʼda qilingan, shu bilan birga, sudlanuvchining soʻzlariga koʻra, oylik maoshining yarmi olib qoʻyilgan.

**Oʻzbekiston fuqarosi yollanma askarlik uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum etildi**
Xorazm viloyati Yangiariq tumani jinoyat ishlari boʻyicha sudi avgust oyida Ukrainada Rossiya tomonida jang qilgan fuqaro Z. Yu.ga nisbatan hukm chiqardi.
Ish materiallaridan maʼlum boʻlishicha, 2024 yil noyabr oyida Z. Yu. Oʻzbekistondan Ufaga ishlash uchun borib, u yerda qurilishda mehnat qilgan. 2025 yil may oyida Rossiya politsiyasi uni avvalroq sodir etgan bezoriligi uchun qoʻlga olgan.
Hukmning tavsif qismida sud qayd etishicha, hibsga olinganidan keyin erkak jinoiy javobgarlikdan qochish maqsadida, shuningdek, moddiy va boshqa manfaatdorlik yoʻlida harbiy xizmatga kirishga hamda Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi jangovar harakatlarda qatnashishga qaror qilgan.
Sudda Z. Yu. yollanma askarlik boʻyicha aybini tan oldi va qanday sharoitda Rossiya qurolli kuchlariga qoʻshilib qolganini soʻzlab berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, qoʻlga olinganidan keyin uni uch hafta davomida yopiq binoda ushlab turishgan, soʻngra boshqa odamlar bilan birga tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, poyezdda avval Rostovga, keyin esa Sevastopolga yuborishgan.
Z. Yu.ning taʼkidlashicha, harbiy qismga joylashtirishdan oldin unga va boshqa rekrutlarga qizil papkalar berilgan va ular bilan birga suratga tushirilgan. Uning aytishicha, ular papka ichidagi hujjatlar mazmuni bilan tanishmagan. Ertasi kuni ularga harbiy kiyim, himoya anjomlari, avtomatlar va oʻq-dorilar berilib, tayyorgarlikka yuborilgan, u ushbu tayyorgarlikni jumladan Mariupolda oʻtagan.
«Harbiy mashgʻulotlar va jangovar tayyorgarlikdan kuniga 18 soatdan oʻtardik. Ular juda ogʻir edi, chiday olmaganlar oʻzlarini otib oʻldirishdi», — deyiladi sudlanuvchining koʻrsatmasida.
Keyinchalik, uning koʻrsatmalariga koʻra, Z. Yu. bir nechta boʻlinmalar va jangovar harakatlar hududlariga yuborilgan. Xususan, u Maliyevka qishlogʻi yaqinida boʻlganini, keyinroq Zelyoniy Gay hududida dronlarni boshqarish boʻyicha oʻqiganini, soʻngra Sofiyevka qishlogʻi yaqinida drondan foydalanganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, uning vazifalariga havo hududini kuzatish va Ukraina dronlari yaqinlashayotgani haqida ogohlantirish kirgan.
Sudlanuvchi, shuningdek, xizmat vaqtida unga «Za shturm» («Hujum uchun») va «Za razvedku» («Razvedka uchun») medallari berilganini aytdi.
Z. Yu.ning soʻzlariga koʻra, unga oyiga 200 ming rubldan hisoblangan. Shu bilan birga, u taʼkidlaganidek, 100 ming rublni komandirlar olib qoʻygan, yana 50 ming rubli moddiy taʼminot, yoqilgʻi va boshqa ehtiyojlarga sarflangan.
2026 yil yanvar oyida taʼtilga chiqishdan oldin unga 1,5 mln rubl toʻlov va Ufadan bir gektar yer olish huquqini beruvchi hujjatlar ham berilgan. Bundan tashqari, unga Rossiya fuqaroligini rasmiylashtirish uchun maʼlumotnoma topshirilgan. Keyingi rasmiylashtirish uchun, uning soʻzlariga koʻra, Ufa harbiy komissarligiga murojaat qilish kerak boʻlgan.
Yanvar oyida Z. Yu. Rossiyani tark etib, Qozogʻiston orqali Oʻzbekistonga, uyiga qaytgan.
Oʻzbekiston huquq-tartibot idoralari uning urushdagi ishtiroki haqida fevral oyidagi oilaviy mojarodan keyin bilib qolishgan. Z. Yu. akasi bilan urishib qolgan, shundan soʻng akasi ichki ishlar organlariga murojaat qilgan. Profilaktika inspektori bilan suhbat chogʻida mast holatda boʻlgan erkak Ukrainadagi jangovar harakatlarda qatnashganini maʼlum qilgan.
Ertasi kuni inspektor uni xizmat xonasiga chaqirgan. U yerda Z. Yu. inspektorga oʻz xizmati tafsilotlarini soʻzlab bergan, shundan soʻng xodim bu haqda rahbariyatga xabar qilgan.
Sudda erkak oʻz harakatlarining jinoiy xususiyatini anglab yetganini va pushaymonligini bildirdi. U jazoni yengillashtirishni soʻradi.
Sud Z. Yu.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanma askarlik) bilan aybdor deb topdi. JKning 57-moddasini qoʻllagan holda, sudlanuvchi umumiy tartibli koloniyada uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilindi.

