“Harbiy mashg‘ulot og‘ir edi, bardosh bera olmaganlar o‘zlarini otib tashladi”. Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan o‘zbekistonlik 3 yilga qamaldi
Rossiyaga ishlashga borgan fuqaro bezorilikda gumonlanib ushlangach, hibsxonada Rossiya qurolli kuchlari bilan shartnoma imzolagan. U Ukrainada jang qilib, 2 ta medal olgan. So‘ng ta’tilga chiqib, O‘zbekistonga qaytgan. Sud unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

“Harbiy mashg‘ulotlar shunchalik og‘ir ediki, ularga dosh bera olmaganlar o‘z joniga qasd qildi”. Rossiya-Ukraina urushida qatnashgan o‘zbekistonlik 3 yilga qamaldi.
7-avgust kuni Xorazm viloyati Yangiariq tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan O‘zbekiston fuqarosi Z.Yu.ga nisbatan jinoiy ish ko‘rib chiqildi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Z.Yu. Rossiya Federatsiyasining Boshqirdiston Respublikasi Ufa shahrida mavsumiy ishlayotgan vaqtida, 2025-yil may oyida bezorilik bilan bog‘liq avvalgi huquqbuzarliklari uchun huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan hibsga olinib, vaqtincha saqlash hibsxonasiga joylashtirilgan.
Shundan so‘ng, u jinoiy javobgarlikdan qochish, shuningdek, moddiy va boshqa manfaatlarni ko‘zlab, Rossiya Qurolli Kuchlari safiga shartnoma asosida yollanish va Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etishni rejalashtirgan.
Hujjatda qayd etilishicha, 2025-yil iyul oyida Z.Yu. Ufa shahrida Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism bilan harbiy xizmatni o‘tash bo‘yicha shartnoma tuzib, Rossiya Qurolli Kuchlari xizmatiga yollangan. Unga Rossiya Mudofaa vazirligi tomonidan Ukrainada olib borilayotgan “maxsus harbiy operatsiya”da ishtirok etish uchun jangovar avtomat, o‘q-dorilar va himoya vositalari berilgan.
Keyin Z.Yu. Ukrainaning Donetsk viloyatidagi Mariupol shahriga yo‘l olgan. U yerda yo‘riqchilar rahbarligida harbiy-jangovar tayyorgarlikdan o‘tgan. Xususan, unga jangovar avtomat, granata, granatomyot, pistolet va boshqa qurollardan foydalanish, jangovar o‘q otish, granata uloqtirish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi ko‘nikmalar o‘rgatilgan.
U 2025-yil avgustidan 2026-yil yanvariga qadar Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qism tarkibida Rossiya-Ukraina urushida ishtirok etgan.
Sudlanuvchi Z.Yu. sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. Uning ko‘rsatmasida aytilishicha, u 2024-yil noyabr oyida ishlash maqsadida Rossiyaning Boshqirdiston Respublikasidagi Ufa shahriga borgan va qurilish ishlarida ishlagan.
Z.Yu.ning so‘zlariga ko‘ra, 2025-yil 30-may kuni u o‘zbek ishchilari bilan kelishmovchilikka borganidan so‘ng Qozon shahriga ishlash uchun yo‘lovchi avtomashinasida ketayotganida Rossiya politsiyasi tomonidan to‘xtatilgan. Hujjatlari tekshirilganda, uning 2014-yilda mayda bezorilik bilan bog‘liq huquqbuzarlik sodir etgani aniqlangan va politsiya bo‘limiga olib ketilgan.
“Uch hafta kamerada saqlashdi, keyin harbiy qismga olib ketishdi”
Uning ko‘rsatmasida keltirilishicha, politsiya bo‘limida xodimlar bilan suhbatdan so‘ng uni Cheryomushka deb ataladigan hududdagi harbiy qismga o‘xshash binoga olib borishgan. U yerda Z.Yu. uch hafta davomida kamerada saqlangan. Keyin u va u kabi saqlanayotgan boshqa shaxslar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
Shundan so‘ng ularni temir yo‘l vokzaliga olib borib, poyezdda Rostov shahriga, u yerdan esa boshqa poyezdda Sevastopol shahriga jo‘natishgan. Z.Yu.ning aytishicha, ular 2025-yil 23-iyun kuni Sevastopoldagi harbiy qismga yetib borgan.
Z.Yu. sudda aytishicha, harbiy qismga kirishdan oldin ularga qizil yig‘ma jild berilgan. Ichkariga kirganlarida esa shu jildlar bilan ularni rasmga olishgan va keyin jildlarni qaytarib olishgan.
Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, ular yig‘ma jildlarni ochib ko‘rmagan va ichidagi hujjatlar bilan tanishmagan. Keyin ular harbiy qismning umumiy yotoqxonasiga joylashtirilgan.
Uning aytishicha, qismda taxminan 800 nafar askar bo‘lgan. Erta tongda ularga Rossiya Qurolli Kuchlarining harbiy kiyimlari — kaska va bronejilet, shuningdek, “AK-12” avtomati hamda har birida 30 tadan o‘q bo‘lgan to‘rtta magazin berilgan.
“Harbiy mashg‘ulot og‘ir bo‘lgani uchun bardosh bera olmaganlar o‘zlarini otib tashladi”
Z.Yu.ning aytishicha, shundan so‘ng ularni harbiy tayyorgarlik uchun poligonga olib borishgan.
“U yerda kuniga 18 soat harbiy mashg‘ulot va jangovar tayyorgarlikdan o‘tdik. Harbiy mashg‘ulot og‘ir bo‘lganligi sababli, unga bardosh bera olmaganlar o‘zlarini otib tashladi”, — degan sudlanuvchi.
Taxminan uch haftadan keyin ular brigadalarga bo‘lingan. Z.Yu.ning aytishicha, qasamyod qilmagan va harbiy bilet olmagan 76 nafar shaxs 336-sonli brigada tarkibiga qo‘shilib, Mariupol shahridagi poligonga yuborilgan.
Ular Mariupolga 2025-yil 23-iyul kuni yetib borgan. Sudlanuvchining aytishicha, o‘sha yerda ularga o‘z qo‘l telefonlari qaytarib berilgan, ammo telefondan odatdagidek foydalanish mumkin bo‘lmagan va ular faqat Starlink orqali internetga ulangan. Z.Yu. Telegram orqali onasi va opasi bilan yozishib turgan. Biroq u ularga urushda ishtirok etayotganini aytmagan.
“Janglarda qatnashib, „Za shturm“ va „Za razvedku“ medallarini oldim”
Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, Mariupolda ular ikki hafta davomida harbiy o‘quv mashg‘ulotlaridan o‘tgan. Keyin Maliyevka qishlog‘iga yaqin hududdagi uylarning yerto‘lalariga joylashtirilgan.
U yerda 20 nafar askar ikki hafta davomida bo‘lgan. Z.Yu.ning aytishicha, ular AK-74 avtomati, 16 ta to‘liq o‘qlangan magazin, kaska va bronejilet bilan qurollangan.
Sudlanuvchining ko‘rsatmasida aytilishicha, boshqa brigada Maliyevkani egallaganidan keyin ularga ortga qaytish haqida buyruq berilgan.
Qaytish vaqtida ular yaralangan, “Levsha” laqabli komandirni ham poligonga olib kelgan. Maliyevka egallangani munosabati bilan bayram o‘tkazilgan va Z.Yu.ga “Za shturm” medali hamda uning guvohnomasi berilgan.
Uning aytishicha, komandiri uni mukofotlagan va tirik qolishi uchun Zeleniy Gay qishlog‘ida joylashgan 155-sonli brigadaning 1-rotasiga yuborgan.
Z.Yu.ning aytishicha, 155-sonli brigadada u ikki hafta davomida dron uchirishni o‘rgangan. Keyin Sofiyevka shaharchasi uchun bo‘lib o‘tayotgan janglarga yuborilgan. U yerda okopda yotib, tungi vaqtda “Mavik 3T” rusumli dronni boshqargan.
Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, uning vazifalaridan biri dushman droni yaqinlashayotgani haqida ogohlantirish bo‘lgan. U, shuningdek, kunduzi okopdan tashqariga chiqqan vaqtida dushmanning bitta hujum qiluvchi FPV-dronini AK-74 avtomati bilan otib tushirganini aytgan.
Z.Yu.ning aytishicha, ular o‘lgan va yarador bo‘lgan askarlarni olib qaytish bilan ham shug‘ullangan. Taxminan bir yarim oydan keyin ular Zeleniy Gay qishlog‘ida joylashgan brigadaga qaytarilgan.
Z.Yu. sudda aytishicha, brigadaga qaytayotganlarida u yana yetti nafar askar bilan birga “Baba Yaga” nomli dronni otib tushirgan. Shundan so‘ng unga “Za razvedku” medali berilgan.
Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, u har oy 200 ming rubl maosh olgan. Uning aytishicha, bu pulning 100 ming rublini komandirlari olib qolgan, yana 50 ming rubl materiallar, benzin va boshqa narsalarga sarflangan.
“Menga ikki hafta ta’til va Rossiyadan chiqib ketish uchun ruxsat berishdi”
Z.Yu.ning aytishicha, “Molodoy” laqabli komandiri unga 2026-yil 5-yanvardan 24-yanvargacha ikki hafta ta’til va to‘rt kun yo‘l uchun ruxsat bergan.
Unga 1,5 mln rubl berilishi, shuningdek, Ufa shahrida bir gektar yer maydoni ajratilishi ko‘rsatilgan ma’lumotnoma berilgan. Bundan tashqari, Rossiya fuqaroligini olish bo‘yicha ham ma’lumotnomalar berilgan. Sudlanuvchining aytishicha, ushbu hujjatlarni olish uchun Ufa shahridagi harbiy komissariatga murojaat qilishi kerak bo‘lgan.
2026-yil 3-yanvar kuni u “Avreol” laqabli komandir o‘rinbosari va yana yetti nafar askar bilan vertolyotda Sochi shahriga borgan. Uning xorijga chiqish pasporti yonida bo‘lgan.
Shundan so‘ng Z.Yu. Sochidan Ufaga samolyot chiptasini olib uchgan. Ufa shahriga yetib borgach, u yerda kirakashlik bilan shug‘ullanadigan xorazmlik yigitlar bilan bog‘langan.
Ularning yordamida yo‘lovchi avtomashinasida Rossiyadan Qozog‘istonga qonuniy tartibda o‘tgan va keyin O‘zbekistondagi uyiga qonuniy tartibda qaytib kelgan.
“Profilaktika inspektoriga Ukrainada urushda qatnashganimni o‘zim aytdim”
Z.Yu.ning aytishicha, 2026-yil fevral oyi boshlarida u akasi bilan avtomobil masalasida tortishib qolgan. Akasining IIBga qo‘ng‘iroq qilishi ortidan u profilaktika inspektori bilan telefonda gaplashgan.
“Shunda profilaktika inspektoriga Ukrainada urushda qatnashganimni aytdim”, — dedi Z.Yu.
Ertasi kuni profilaktika inspektori uni xizmat xonasiga chaqirgan. Sudlanuvchining aytishicha, u yerda inspektor undan holat bo‘yicha so‘ragan va Z.Yu. unga sodir bo‘lgan barcha voqealarni aytib bergan.
Sudda Z.Yu. hozir qilgan ishi jinoyat ekanini tushunib yetganini bildirgan. U qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon ekanini aytib, oilaviy va moddiy ahvolini inobatga olishni, uni kechirish va jazosini yengillashtirishni so‘ragan.
Sud Z.Yu.ni O‘zbekiston Respublikasi JKning 154-moddasi (Yollanish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Unga JKning 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilandi.
Sud jazo tayinlashda Z.Yu.ning aybiga to‘liq iqror bo‘lgani, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, oilaviy va moddiy ahvoli, bo‘ydoqligi, muqaddam sudlanmagani hamda jinoyatning kelib chiqish sabablarini yengillashtiruvchi holatlar sifatida baholadi.
Shu bilan birga, sud Z.Yu.ga nisbatan qo‘llangan “munosib xulq-atvorda bo‘lish haqidagi tilxat” ehtiyot chorasini bekor qilib, uni sud zalidan darhol qamoqqa olish haqida qaror chiqardi.
JKning 223-moddasi (Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) 2-qismi “b, v” bandlari bo‘yicha esa Z.Yu. oqlandi. Sud uning mazkur ayblov bo‘yicha harakatlarida jinoyat tarkibi mavjud emas, degan xulosaga kelgan.

