Mahalliy

“9 oy har kuni karserga qamab, kaltaklashdi”. Ukrainada jang qilgan 19 yoshli yigitning ozodligi 4 yilga cheklandi

Rossiyada giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun qamalgan 19 yoshli o‘zbekistonlik qamoqda unga bosim o‘tkazilgani va urushda qatnashish evaziga ozodlik, pul va fuqarolik va’da qilinganini aytdi. U shartnoma tuzib, Ukrainada jang qilgan va yarador bo‘lgan. Sud unga 4 yilga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

"9 oy davomida har kuni karserga qamab, kaltaklashdi". Ukrainada jang qilgan 19 yoshli yigitning ozodligi 4 yilga cheklandi.

3-avgust kuni Samarqand viloyati Narpay tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya tomonida jang qilgan 19 yoshli fuqaroning ishi ko‘rib chiqildi. "Gazeta" sud hujjati bilan tanishdi.

Sudlanuvchi 2024-yilning kuzida ish izlab Rossiyaning Vladivostok shahriga borgan. U yerda giyohvand moddalarning noqonuniy savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun ozodlikdan mahrum etilib, jazoni Vladivostokdagi jazoni ijro etish muassasasida o‘tagan.

Jazoni o‘tash davrida u muddatidan ilgari ozod bo‘lish, o‘ziga nisbatan qonuniy chora ko‘rilmasligi, Rossiya fuqaroligini olish va boshqa shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab, 2025-yil 18-sentabrda Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzib, harbiy xizmatga yollangan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, u Rostov shahri va Donetsk viloyatidagi harbiy poligonlarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish, granata uloqtirish, quroldan o‘q otish va jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha mashg‘ulotlardan o‘tgan. Shuningdek, harbiy istehkomlar – blindajlar qurish ishlariga jalb qilingan.

2026-yil yanvar oyida sudlanuvchi Ukrainaga qarshi janglarda, hujjatda qayd etilganidek, Ukraina davlatining Gulyaypole viloyatida ishtirok etgan. Janglar vaqtida FPV-dronlar portlashi oqibatida o‘ng oyog‘i va tanasining boshqa qismlaridan jarohat olgan.

Sudlanuvchi sud majlisida aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan. Uning ko‘rsatmalariga ko‘ra, 2024-yil kuzida ishlash va pul topish maqsadida Vladivostokka borgan. U yerda amakisi yordamida qurilish ishlarida 4-5 oy ishlagan.

Uning aytishicha, 2025-yil 1-yanvar kuni amakisining uyidan ijara xonadoniga ketayotganida taksi politsiya xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Hujjatlari bo‘lmagani sababli shaxsiy tintuv qilingan va kurtkasining cho‘ntagidan qora sellofan paketga o‘ralgan giyohvandlik vositasi topilgan.

Sudlanuvchi ushbu modda unga tegishli emasligini va uni birinchi marta ko‘rayotganini aytgan. Keyinchalik paketda geroin borligi aniqlangan. U dastlabki tergov davomida ayblovni tan olmaganini bildirgan.

**"To‘qqiz oy davomida qamoqda saqlanib, har kuni kaltaklandim"**

Sudlanuvchining ko‘rsatmalariga ko‘ra, Rossiyada unga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi sudi to‘qqiz oyga cho‘zilgan. U shu davr mobaynida har kuni karserga qamalganini, ovqat va suv berilmasdan qiynoqqa solingani va kaltaklanganini aytgan.

U qamoqda saqlangan vaqtida u yerdagi boshqa ayblanuvchilar ham unga muntazam ravishda bosim o‘tkazganini bildirgan. Ularning aytishicha, agar u Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda Rossiya qurolli kuchlari safida qatnashishga rozi bo‘lsa, unga katta miqdorda pul berilishi, Rossiya fuqaroligini olishi va jazodan ozod bo‘lishi mumkin bo‘lgan.

Sudlanuvchi to‘qqiz oy davomida o‘ziga qo‘yilgan ayblovni tan olmaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qiynoqlarga chiday olmagach, oxir-oqibat ayblovni tan olishga majbur bo‘lgan.

Shundan keyin, uning ko‘rsatmalariga ko‘ra, Rossiya Mudofaa vazirligi mas’ul xodimlari unga Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashish sharti bilan jazodan shartli ravishda ozod etilishni taklif qilgan.

**"Bir yillik shartnoma evaziga 2,5 mln rubl va’da qilishdi"**

Uning ko‘rsatmalariga ko‘ra, 2025-yil 18-sentabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi mas’ul xodimlari unga Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda ishtirok etsa, jazodan shartli ravishda ozod qilinishi, bir yillik harbiy shartnoma evaziga 2,5 mln rubl olishi, uy-joy bilan ta’minlanishi va Rossiya fuqaroligini olishi mumkinligini aytgan.

Sudlanuvchi bu taklifga rozi bo‘lib, shu kuni shartnoma imzolagan. 19-sentabr kuni u Vladivostok yaqinidagi Ussuriyskda joylashgan harbiy qismga olib borilgan.

U yerda turli millat vakillaridan iborat harbiy xizmatchilar bo‘lgan. Sudlanuvchining aytishicha, ularning orasida qo‘l-oyog‘idan ayrilganlar ham bor edi. Taxminan 8-10 kundan so‘ng, 25-sentabr kuni uni boshqa 300 kishi bilan birga harbiy aeroportga olib borishgan. Shundan keyin ular Rostov-Don shahridagi harbiy poligonga yuborilgan.

Sudlanuvchi Rostov-na-Donu yaqinidagi poligonda uch hafta davomida boshlang‘ich harbiy tayyorgarlikdan o‘tganini aytgan. U yerda avtomatdan o‘q otish, granata uloqtirish, okop qazish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va harbiy aloqa bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilgan.

Keyinchalik uni 48 nafar sherigi bilan Donetsk viloyatidagi Starodubovka va Sujenka shahar va qishloqlari yaqinidagi harbiy poligonlarga olib borishgan. U yerda ham uch hafta harbiy tayyorgarlikdan o‘tishgan. Sudlanuvchining ko‘rsatmalariga ko‘ra, 2025-yil noyabr oxiri – dekabr boshlarida ularga birinchi harbiy topshiriq berilgan.

**"Dronlar hujumida yarador bo‘ldim, sheriklarimning aksariyati halok bo‘ldi"**

Sudlanuvchi Zaporoje viloyatidagi Gulyaypole shahriga yaqinlashgan paytda dronlar hujumiga uchraganini aytgan. O‘ng oyog‘i va tanasining boshqa qismlaridan jarohat olgan va hushini yo‘qotgan.

"Hushimga kelgan vaqtimda men va yana bir nafar rus millatiga mansub sherigim tirik qolgan edik, qolgan barcha sheriklari halok bo‘lgandi", — dedi u.

U o‘ziga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, oyog‘idan qon ketishini to‘xtatgan va orqaga qaytgan. Jarohati og‘ir bo‘lgani sababli avval shifoxonaga, keyin Mariupoldagi harbiy shifoxonaga olib borilgan. U yerda 20 kun davolangan.

**"Internetda qizlar bilan tanishdim, ular Rossiyaga qaytishimga yordam berdi"**

Sudlanuvchining aytishicha, shifoxonadan so‘ng yana harbiy poligonga yuborilgan. Biroq u Zaporoje viloyatidagi Gulyaypole hududidan qochib, Berdyansk tomonga o‘tgan va egasi yo‘q uyda taxminan 2-3 hafta yashagan.

U internet orqali rus millatiga mansub qizlar bilan tanishgan va ularga boshidan kechirgan voqealarni aytgan. Qizlar uni Donetsk shahriga olib borib, tanishlari orqali Rossiya hududiga o‘tishini ta’minlashgan.

Shundan so‘ng sudlanuvchi taksida Rostov shahriga borib, O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilgan. U yerda urushdan qochib kelgani va pasporti yo‘qligini aytgan.

2026-yil 17-aprel kuni unga O‘zbekistonga qaytish guvohnomasi berilgan. 18-aprel kuni u taksida O‘zbekistonga yo‘lga chiqqan va 21-aprel kuni soat 13:30 da Toshkent orqali Samarqandga kelgan.

Sudlanuvchi qilmishidan pushaymonligini bildirib, shaxsini inobatga olgan holda unga nisbatan qonuniy yengillik berishni so‘ragan.

Sud sudlanuvchining aybiga iqrorligini va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida baholadi. Aybni og‘irlashtiruvchi holatlar mavjud emasligi qayd etildi.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 154-moddasi (Yollanish) 1-qismi bo‘yicha aybli deb topildi. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasi (Yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Sud qaroriga ko‘ra, sudlanuvchi jazoni Narpay tumani Birlik mahallasidagi yashash xonadonida o‘taydi. Unga ish joyiga borish va uyiga qaytish uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari yashash joyini tark etish taqiqlandi.

Shuningdek, unga Narpay tumani IIB ruxsatisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va Samarqand viloyati hududidan tashqariga chiqmaslik majburiyatlari yuklatildi. Uning xulq-atvori ustidan nazorat Narpay tuman IIB zimmasiga yuklatildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.