Mahalliy

Rossiya armiyasiga yollangan o‘zbekistonlikning ozodligi 5 yilga cheklandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida Ukrainadagi harbiy harakatlarda qatnashish uchun

Rossiya armiyasiga yollangan o‘zbekistonlikka 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida Ukrainadagi harbiy harakatlarda ishtirok etish uchun yollangan O‘zbekiston fuqarosi F.Q.ga nisbatan hukm chiqardi. 2002-yilda tug‘ilgan F.Q. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (yollanish) bilan aybdor deb topildi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, F.Q. 2020-yilda ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. 2025-yil sentyabrida u Rossiya Mudofaa vazirligiga qarashli Donetsk viloyatidagi harbiy qismga harbiy xizmatchi sifatida yollangan. U yerda quroldan o‘q otish, granata uloqtirish va birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha harbiy hamda jismoniy tayyorgarlikdan o‘tgan.

Sudlanuvchining ko‘rsatmasiga ko‘ra, u Rossiyada jazoni ijro etish muassasasida bo‘lganida hujjat imzolagan va keyin Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun yollanganini bilgan. Donetskda harbiy tayyorgarlikdan o‘tganidan so‘ng, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar tufayli gospitalga yuborilgan. Gospitaldan chiqqach, O‘zbekiston konsullik muassasasiga murojaat qilib, mamlakatga qaytgan.

Tergov va sud jarayonida uning telefonidagi Instagram yozishmalari ham dalil sifatida o‘rganilgan. Unda harbiy kiyimda va qurol bilan tushgan suratlar boshqa shaxsga yuborilgani qayd etilgan.

Sud F.Q.ning harakatlarini JK 154-moddasi 1-qismi bo‘yicha to‘g‘ri kvalifikatsiya qilingan deb topdi. Hukmda u shaxsiy manfaatni ko‘zlab, Ukraina hududidagi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun harbiy tayyorgarlikdan o‘tgani va Rossiya Qurolli kuchlariga xizmatga kirgani qayd etilgan.

Sud uning qilmishidan pushaymonligi va muqaddam sudlanmaganini jazoni yengillashtiruvchi holatlar sifatida baholadi. Shu bilan birga, jinoyat g‘arazli va past niyatlarda sodir etilgani og‘irlashtiruvchi holat deb topildi.

Sud JKning 57-moddasini qo‘llab, modda sanksiyasida nazarda tutilmagan yengilroq jazo — 5 yil ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.

Hukmga ko‘ra, mahkum ish vaqti va ishga borib-kelish uchun zarur bo‘lgan vaqtdan tashqari yashash joyidan chiqishi cheklanadi. Shuningdek, probatsiya organining roziligisiz yashash joyini o‘zgartirishi va Farg‘ona viloyati hududidan tashqariga chiqishi taqiqlangan.

Hukm ustidan belgilangan tartibda apellyasiya yoki kassatsiya shikoyati berish mumkin.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.