Mahalliy

“Men va yana bir sherigim tirik qoldik”. Rossiya—Ukraina urushida qatnashgan 19 yoshli samarqandlikka sud hukmi o‘qildi

“Men va yana bir sherigim tirik qoldik”. Rossiya—Ukraina urushida qatnashgan 19 yoshli samarqandlikka sud hukmi o‘qildi

Samarqand viloyatining Narpay tumanida Rossiya—Ukraina urushida Rossiya Qurolli kuchlari safida qatnashgan 19 yoshli yigitga sud hukmi chiqarildi.

Ma’lum qilinishicha, Narpay tumanida yashovchi S.F. maktabni bitirgach, mavsumiy ishlarda ishlagan. 2024-yil kuzida u ishlash maqsadida Rossiyaning Vladivostok shahrida yashovchi akasi va amakisining yoniga borgan. U 4-5 oy davomida amakisi topib bergan qurilish ishlarida mehnat qilgan.

2024-yil 31-dekabr kuni S.F. Yangi yilni kutib olish uchun amakisining ijaradagi uyiga mehmonga borgani aytiladi. Ertasi kuni ertalab o‘z yashash joyiga qaytish uchun taksi chaqirgan. Yo‘lda politsiya xodimlari avtomobilni to‘xtatib, avval haydovchining, keyin esa uning hujjatlarini so‘ragan. S.F. hujjatlarini ko‘rsata olmagach, mashinadan tushirilib, tintuv qilingan.

Politsiya xodimlari uning kurtkasi cho‘ntagidan sellofan paketga o‘ralgan giyohvandlik vositasini topgan. U paket o‘ziga tegishli emasligini va uni birinchi marta ko‘rayotganini aytgan bo‘lsa-da, politsiya bo‘limiga olib ketilib, ikki nafar xolis ishtirokida qayta tintuv qilingan va qamoqqa olingan. Ekspertiza paket ichidagi modda geroin ekanini aniqlagan. S.F. tergov davomida ayblovni tan olmagani sababli uning qamoqda saqlash muddati har ikki oyda uzaytirilib, jarayon to‘qqiz oyga cho‘zilgan.

Sudlanuvchining so‘zlariga ko‘ra, shu davr mobaynida uni aybiga iqror bo‘lish va Rossiya armiyasi safida Ukrainadagi urushga borishga ko‘ndirish uchun qiynashgan.

“Har kuni karserga qamab, ovqat va suv bermasdan kaltaklashdi. Urushga borishga rozi bo‘lsam, katta miqdorda pul, Rossiya fuqaroligi berilishi va jazodan ozod qilinishimni aytishardi. To‘qqiz oylik qiynoqlarga oxiri chiday olmasdan, aybimni tan olishga majbur bo‘ldim”, degan S.F. o‘z ko‘rsatmasida.

2025-yil 18-sentyabr kuni Rossiya Mudofaa vazirligi xodimlari S.F.ga bir yillik harbiy shartnoma evaziga 2,5 million rubl, uy-joy, Rossiya fuqaroligi va jazodan shartli ravishda ozodlikni taklif qilgan. U taklifga rozi bo‘lib, o‘sha kunning o‘zida shartnomani imzolagan.

Ertasi kuni S.F. va boshqalar Vladivostok yaqinidagi Ussuriysk shahrida joylashgan harbiy qismga olib borilgan.

“U yerda turli millatga mansub taxminan 600 kishicha odam bor edi. Ular orasida qo‘li yoki oyog‘idan ayrilganlarni ko‘rib, yuragim orqaga tortdi. Shartnomani bekor qilmoqchi bo‘ldim, ammo endi ortga yo‘l yo‘q edi”, deydi sudlanuvchi.

Oradan bir hafta o‘tib, 300 kishi, jumladan S.F. ham harbiy samolyotda Rostov-na-Donudagi poligonga jo‘natilgan. Unga shaxsiy ma’lumotlari va harbiy qism raqami yozilgan hujjat, jeton hamda bank kartasi berilgan.

Yigit poligonda uch hafta davomida avtomatdan o‘q otish, granata uloqtirish, okop qazish, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish va harbiy aloqa bo‘yicha mashg‘ulotlardan o‘tgan. Keyinchalik yana 48 nafar harbiy bilan Donetsk hududidagi boshqa poligonga olib borilib, tayyorgarlik davom ettirilgan. So‘ng u 35-armiya tarkibidagi bo‘linmalardan biriga o‘qchi sifatida biriktirilgan. Ilk jangovar topshiriqda guruh Zaporojye viloyatidagi Gulyaypole shaharchasi tomon yuborilgan.

Manzilga yaqinlashganda ular FPV-dronlar hujumiga uchragan. Portlash oqibatida yigitning o‘ng oyog‘i va tanasining boshqa qismlari jarohatlanib, hushini yo‘qotgan.

“Hushimga kelganimda men va yana bir nafar rus millatiga mansub yigit tirik qolganini ko‘rdim. Qolgan barcha sheriklarim halok bo‘lgan edi. Oyog‘imdan oqayotgan qonni o‘zim to‘xtatib, ortga qaytdim”, deydi S.F.

Yaralangan yigit Mariupoldagi harbiy shifoxonaga olib borilib, 20 kun davolangan. Davolanishdan so‘ng u yana harbiy poligonga qaytarilgan. Biroq Gulyaypole hududidan qochib, 2-3 hafta davomida Berdyansk tomondagi egasiz uyda yashirinib yotgan.

Shu vaqt ichida u internet orqali rossiyalik qizlar bilan tanishib, boshidan kechirgan voqealarni aytib bergan. Qizlar yigitni Donetskdagi uyiga olib borib, tanishlari orqali Rossiya hududiga o‘tishiga yordam bergan.

Shundan so‘ng u taksida Rostovga borib, u yerdagi O‘zbekiston vakolatxonasiga yordam so‘rab murojaat qilgan. S.F.ga 2026-yil 17-aprel kuni vatanga qaytish guvohnomasi berilgach, O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Sudda S.F. aybiga iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymonligini bildirgan va yengillik so‘ragan. Sud hukmiga ko‘ra, S.F. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) aybdor deb topilib, unga to‘rt yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.