Rossiya Qurolli Kuchlari safida dron operatori bo‘lib xizmat qilgan o‘zbekistonlik sobiq harbiyga sud hukmi o‘qildi

Rossiya Qurolli Kuchlari tarkibida dron operatori sifatida xizmat qilgan o‘zbekistonlik sobiq harbiyga sud hukmi chiqarildi
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudida Rossiya Qurolli Kuchlari safida dron operatori bo‘lib xizmat qilgan 31 yoshli fuqaroga nisbatan hukm o‘qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 1995-yilda Farg‘ona viloyati Qo‘shtepa tumanida tug‘ilgan erkak 2015–2016-yillarda Jizzax viloyatidagi havo hujumidan mudofaa qo‘shinlariga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan. Xizmat paytida u O‘zbekiston Qurolli Kuchlari bilan besh yillik shartnoma imzolab, 2019-yilgacha Samarqand viloyatidagi harbiy qismlardan birida mexanik-haydovchi bo‘lib ishlagan.
U 2020-yil 14-mart kuni ish izlab Qozog‘iston orqali Rossiyaning Qozon shahriga borgan. U yerda qariyb bir yil qurilish sohasida mehnat qilgan, 2021-yil fevralida esa Chelyabinskka ko‘chib o‘tib, umumiy ovqatlanish shoxobchasida oshpaz sifatida ish boshlagan.
Mart oyi boshida ishdan qaytayotganida uni Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlarining ikki xodimi to‘xtatib, Chelyabinsk shahar militsiya bo‘limiga olib borgan. Avval uning kiyimlari va shaxsiy buyumlari ko‘zdan kechirilgan, ammo taqiqlangan hech narsa topilmagan.
“Militsiya xodimlari meni qo‘yib yuborish evaziga 3 ming rubl so‘radi. Bu pulni halol mehnatim bilan topganim uchun berishdan bosh tortdim. Taxminan bir soatdan keyin xolislarsiz yana tekshirishdi va shimimning orqa cho‘ntagidan geroin topilganini aytishdi”, deydi o‘zbekistonlik erkak.
Shundan keyin Chelyabinsk sudi uni Rossiya Jinoyat kodeksining 228-moddasida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topib, 11 yil 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgan. Hukmdan so‘ng u jazoni Chelyabinskdagi 18-sonli koloniyada o‘tay boshlagan va shu davrda unga bir necha bor Rossiya Qurolli Kuchlari safiga qo‘shilish taklif qilingan.
“Avvaliga qat’iy qarshilik qildim. Biroq 2025-yil dekabrida koloniya xodimlari rus tilini yaxshi bilmasligimdan foydalanib, aldov yo‘li bilan Rossiya Qurolli Kuchlari safida xizmat qilish haqidagi shartnomaga imzo qo‘ydirib oldi”, deydi sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.
Shartnoma tuzilgach, u boshqa mahkumlar bilan birga yuk mashinasida Yekaterinburg shahriga olib borilgan. U yerdan samolyot orqali Rostov viloyatidagi harbiy qismga yetkazilgan. Oradan to‘rt kun o‘tib, harbiy yuk mashinasida Donetsk viloyatining Pervomayskiy qishlog‘iga olib ketilgan.
Pervomayskiyda uch hafta harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan erkak keyinchalik Donetsk viloyatidagi Merenivka qishlog‘iga yuborilib, Rossiya armiyasining dron bo‘linmasiga biriktirilgan.
“Menga Mavik kuzatuv dronlarini boshqarish topshirig‘i berildi. Ular orqali Ukraina harbiylari joylashgan manzillarni aniqlab, bu haqdagi ma’lumotlarni harbiy boshqaruv markaziga yuborib turdik. Xizmat davomida telefon ishlatish taqiqlangan edi”, deydi erkak.
U taqiqka qaramay, frontda olingan ayrim surat va videolarni “Ali” nomli Telegram akkaunti orqali O‘zbekistondagi ukasiga yuborib turgan.
2026-yil fevralida u urush hududidan qochishga qaror qilgan va Moskvada yashovchi Abdullo ismli shaxs bilan bog‘lanib, undan yordam so‘ragan.
“Abdulloga meni urush hududidan olib chiqishi uchun 500 ming rubl o‘tkazdim. 27-fevral kuni urush hududidan qochib, Rostov viloyatiga yetib bordim. U yerda Abdullo yuborgan Ma’ruf ismli shaxs meni kutib olib, Moskvaga olib ketdi. Moskvaga borgach, O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qildim va vatanga qaytish guvohnomasi bilan O‘zbekistonga qaytdim”, deya ko‘rsatma bergan sudlanuvchi.
Sud I.T.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topgan. Uning ilgari sudlanmagani, qilmishidan pushaymonligi va boshqa yengillashtiruvchi holatlar inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llangan. Sudlanuvchiga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

