Mahalliy

“Urushga kirgan birinchi kunimdayoq dron hujumiga uchradik”. Rossiya armiyasiga yollangan namanganlik yigit 2 yilga qamaldi

“Urushga kirgan birinchi kunimdayoq dron hujumiga uchradik”. Rossiya armiyasiga yollangan namanganlik yigit 2 yilga qamaldi

Rossiya armiyasi tarkibida Ukrainadagi urushga yuborilgan, ilk jangovar topshiriq vaqtidayoq dron hujumi sabab yaralangan 25 yoshli o‘zbekistonlik yigit ikki yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ma’lum bo‘lishicha, Namangan viloyatida yashovchi F.A. 2021-yil noyabrida ish izlab Rossiyaga borgan va Yekaterinburg hamda Penza shaharlarida turli yumushlar bilan shug‘ullangan.

2022-yil 13-sentyabr kuni F.A. Ulug‘bek ismli tanishining taklifiga binoan o‘rmonda qoldirilgan giyohvandlik vositasini olishga borganda Rossiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan. Penza sudi uni giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq jinoyatda aybdor deb topib, 8 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilgan. Hukm chiqqach, u jazoni Penza shahridagi 4-sonli qattiq tartibli koloniyada o‘tay boshlagan. Jazoni o‘tash jarayonida muassasaga harbiylar kelib, mahkumlarga Ukraina urushida qatnashish evaziga pul va Rossiya fuqaroligini taklif qilgan.

Avvaliga u urushga borishga rozi bo‘lmagan. Biroq qamoqxona xodimlari taklifni rad etgan o‘zbek, tojik va qirg‘iz millatiga mansub mahkumlarni qiynab, karserga joylashtirgan.

“Urushdagi vaziyatni bilganim uchun avvaliga shartnomaga rozi bo‘lmadim. Qamoqxona xodimlari bizga bir umr shu yerda qolib ketishimizni, hech kim himoya qilmasligini aytishdi. Oxiri qiynoq va bosimlarga chiday olmay, shartnomani imzolashga majbur bo‘ldim”, deya ko‘rsatma bergan F.A.

F.A. 2025-yil iyul oyi oxirida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bir yillik shartnoma imzolagan. Unda 1 million 900 ming rubl bir martalik mukofot hamda oyiga 210 ming rubl ish haqi to‘lanishi ko‘rsatilgan. Amalda uning bank kartasiga 400 ming rubl o‘tkazib berilgan. Shuningdek, unga Rossiya fuqaroligi va pasporti berilgan.

Shundan keyin u boshqa mahkumlar bilan manzili sir tutilgan aeroportga, u yerdan esa samolyotda Azov dengizi yaqinidagi hududga olib borilgan. Unga harbiy kiyim, Kalashnikov avtomati berilib, jangovar quroldan foydalanish hamda dronlardan himoyalanish bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilgan. Mashg‘ulotlar tugagach, u Rossiya dengiz piyoda qo‘shinlariga qarashli 336-sonli harbiy qismga granatomyotchi sifatida qabul qilinib, Malinovka nomli hududga yuborilgan.

F.A. yana yetti nafar harbiy bilan “Baggi” rusumli avtomobilda jang ketayotgan hududga yo‘l olayotganida ularning mashinasiga Ukraina droni kelib urilgan.

“Urushga kirgan birinchi kunim edi. Mashinamizga dron urilib, juda kuchli portlash yuz berdi. Nima bo‘lganini tushunmay qoldim. Keyin qornim va o‘ng sonimda qattiq og‘riq sezdim, jarohatlarimdan qon oqayotgan edi. Shundan so‘ng hushimni yo‘qotdim. O‘zimga kelganimda harbiy gospitalda yotgan edim”, deydi F.A.

Rostovda jarrohlik amaliyoti orqali uning qornidagi metall parchasi olib tashlangan, sonidagi mayda metall parchasi esa tanasida qoldirilgan. Yigirma kun davolangach, uni Kaliningraddagi harbiy qismga yuborishgan, biroq jangga yaroqsiz bo‘lgani sababli 2026-yil fevraliga qadar harbiy qismda saqlashgan.

7-fevral kuni Kolya ismli starshina uni yaqin kunlarda yana jangovar hududga olib ketishlari mumkinligini aytgan. Shundan so‘ng u harbiy qismni tark etishga qaror qilgan. 8-fevral kuni harbiy qismdan chiqib, Kaliningrad aeroportiga borgan va Rossiya pasporti orqali Moskvaga chipta sotib olgan. Poytaxtga yetib borgach, O‘zbekiston elchixonasiga murojaat qilib, pasportini yo‘qotib qo‘yganini aytib, yordam so‘ragan.

Elchixona xodimlari unga vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirib bergach, F.A. Moskva—Toshkent reysi orqali O‘zbekistonga qaytib kelgan.

Tergov davomida uning telefonidan Rossiya armiyasida xizmat qilgan paytidagi suratlari, Rossiya pasporti hamda Kaliningrad viloyatida berilgan faxriy yorliq tasviri topilgan.

Sudda u aybiga to‘liq iqror bo‘lib, bu ishga noilojlikdan qo‘l urganini va qilmishidan pushaymonligini bildirgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi F.A.ni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topib, unga ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.

Sudlanuvchiga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolish sharti bilan uch yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.