Qozog‘iston bolalar uchun fastfud reklamasini cheklamoqchi

Qozog‘istonda bolalar uchun fastfud reklamasiga cheklov kiritilishi mumkin
Qozog‘istonda bolalarga qaratilgan fastfud va shirin ichimliklar reklamasi cheklanishi ehtimoli bor. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi shu yo‘nalishda qonunchilikka takliflar tayyorladi.
Takliflar fastfud, shirin ichimliklar hamda tarkibida shakar, tuz va to‘yingan yog‘lar yuqori bo‘lgan mahsulotlarga tegishli.
“Tashabbusning asosiy maqsadi — bolalarning oziq-ovqat tanloviga marketing ta’sirini kamaytirish va erta yoshdan sog‘lom odatlarni shakllantirishdan iborat”, deyiladi xabarda.
Oziq-ovqat reklamasi, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarga kuchli ta’sir qiladi. Ular yorqin qadoqlar, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar va boshqa marketing vositalari orqali targ‘ibotga ko‘proq beriluvchan.
“Vazirlik tomonidan qonunchilikka tuz, shakar, to‘yingan yog‘lar va transyog‘lar miqdori yuqori bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini televideniye, radiokanallar, ijtimoiy tarmoqlar va tashqi reklama vositalarida reklama qilishni cheklash bo‘yicha takliflar ishlab chiqilgan. Ushbu takliflarni amalga oshirish uchun vazirlik mazkur cheklovlarning tartibga solish ta’sirini tahlil qilishni boshladi”, dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy yordamni tashkil etish departamenti direktori Gulnar Sarsembayeva.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, 6–9 yoshdagi bolalarning 23 foizi ortiqcha vaznga, 6 foizi esa semizlikka ega. Bundan tashqari, o‘smirlarning 17,5 foizi har hafta energetik ichimliklar iste’mol qiladi.
Yanvar oyida Buyuk Britaniyada zararli taomlarni internetda reklama qilishni taqiqlovchi va televideniyedagi reklamani cheklovchi qonun kuchga kirgandi. Cheklovlar tarkibida shakar, yog‘ va tuz miqdori yuqori bo‘lgan 13 toifadagi mahsulotlarga taalluqli. Jumladan, ularga shakar qo‘shilgan ichimliklar (yogurt kabi ayrim sut mahsulotlari), chipslar, tuzlangan krakerlar, pechenyelar, makkajo‘xori yormasi va boshqa “tayyor” nonushta mahsulotlari, popkorn, shokolad, saqich, muzqaymoq, shakarli pishiriqlar, pitssa hamda muzlatilgan taomlar kiradi.

