Dunyo

Ilon Maskning sobiq sevgilisi milliarder haqidagi hujjatli filmda ishtirok etish uchun 40 million dollardan voz kechdi

Ilon Maskning sobiq mahbubasi milliarder haqidagi hujjatli filmda ishtirok etish uchun 40 million dollardan voz kechdi

Eshli Sent-Kler sir saqlash toʻgʻrisidagi kelishuvni (NDA) imzolash evaziga taklif qilingan 40 million dollarni qabul qilmaganini maʼlum qildi. Uning soʻzlariga koʻra, Ilon Mask ushbu pulni oʻzining ishtirokisiz yangi «Mask» hujjatli filmi suratga olinishini taʼminlash uchun taklif qilgan. Film premyerasi 8 sentyabr kuni Venetsiya kinofestivalida boʻlib oʻtdi.

Sent-Kler — X ijtimoiy tarmogʻida bir million obunachiga ega boʻlgan oʻng radikal siyosiy sharhlovchi. Oʻtgan yili u oʻgʻil farzand dunyoga keltirgan boʻlib, u milliarderning 13-farzandi ekani aytiladi.

Venetsiyadagi matbuot anjumanida u oʻz rad javobini moliyaviy mustaqilligi va maʼnaviy tamoyillari bilan izohladi:

«Men farzandlarimga oʻrnak koʻrsatmoqchiman: moddiy qulaylikni hech qachon haqiqatdan ustun qoʻymaslik kerak.

Sukut saqlash uchun sizga shuncha miqdorda pul taklif qilishsa, savol tugʻiladi: ular mening gapiradigan gaplarimdan nega bunchalik qoʻrqishdi?».

Rejissyor Aleks Gibnining toʻrt soatlik hujjatli filmi Ilon Mask bilan bogʻliq bir nechta shov-shuvli mavzularga toʻxtaladi. Xususan, unda Donald Tramp maʼmuriyati huzuridagi Davlat samaradorligi departamenti (DOGE) faoliyati davomida Maskning oddiy xodimlari amerikaliklarning maxfiy shaxsiy maʼlumotlariga kirish huquqini qoʻlga kiritgani taʼkidlanadi.

Bundan tashqari, Tesla sobiq muhandislari avtopilot tizimini ishlab chiqish xavfsizlik talablariga eʼtibor bermay tezlashtirilganini, bu esa bir qator oʻlim bilan yakunlangan baxtsiz hodisalarga olib kelganini daʼvo qilishdi (Tesla bu ayblovlarni qatʼiyan rad etadi).

Shuningdek, kartina mualliflari Maskning Trampni qoʻllab-quvvatlashiga demokratlar gʻalaba qozongan taqdirda uning biznesi ustidan ehtimoliy tergovlar boshlanishidan qoʻrqish sabab boʻlganini taʼkidlamoqdalar.

Rejissyor Aleks Gibnining soʻzlariga koʻra, suratga olish ishlari bosim ostida oʻtgan: «Maskning tanqidchilari orasida ham, biznes sheriklari orasida ham ochiq gapirishdan deyarli ekzistentsial qoʻrquv hukmron edi». Shu bilan birga, filmda milliarderning birinchi rafiqasi Jastin Mask va uning otasi Errol Mask ham ishtirok etgan.

Ilon Maskning oʻzi loyihani allaqachon tanqid ostiga olib, X tarmogʻida Gibni unga nisbatan gʻarazli munosabatda ekanini va «daxshatli tuhmatdan iborat material» suratga olganini maʼlum qildi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.