Qozog‘iston olimlari yangi turdagi kartoshkani ixtiro qildi

Qozog‘istonda yangi turdagi kartoshka yaratildi
Qozog‘istonda “Aytxojin” nomli yangi mahalliy kartoshka navi yetishtirildi.
Mazkur nav yuqori hosildorligi hamda bir qator kasalliklarga chidamliligi bilan ajralib turadi. U Qozog‘iston Meva-sabzavotchilik ilmiy-tadqiqot instituti va Murat Aytxojin nomidagi Molekulyar biologiya va biokimyo instituti mutaxassislari tomonidan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Tadqiqotchilar navni Qozog‘istonning tuproq-iqlim sharoitlariga moslashuvi, yuqori hosildorligi va kasalliklarga chidamliligini inobatga olgan holda yaratgan. Seleksiya jarayonida olimlar an’anaviy usullar bilan birga zamonaviy biotexnologik va molekulyar-genetik texnologiyalardan foydalangan. Loyiha kartoshkachilik, sabzavotchilik va polizchilikni rivojlantirishga yo‘naltirilgan.
Avvalroq Qozog‘iston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Azat Sultonov anomal issiq va beqaror ob-havoga qaramay, mamlakatda kartoshka va boshqa sabzavotlar taqchilligi yuzaga kelmasligini aytgandi. 2025-yilda esa mamlakatda suvni tejaydigan “Sir suluv” nomli guruch navi yaratilgandi. U tezroq pishib yetiladi va shu sababli kamroq suv talab qiladi.
Ma’lumot uchun, Qozog‘iston O‘zbekistonga eng ko‘p kartoshka yetkazib bergan davlat hisoblanadi. Yarim yil ichida 11 ta davlatdan jami 421 918 tonna kartoshka eksport qilingan bo‘lsa, shuning 337,9 tonnasi Qozog‘iston hissasiga to‘g‘ri keladi.

