Qozog‘istondagi eng yirik neft zavodlaridan birida yong‘in chiqdi

Qozog‘istondagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan birida yong‘in sodir bo‘ldi.
Qozog‘istonning Atirau neftni qayta ishlash zavodida yong‘in kelib chiqqan. Bu korxona mamlakatdagi uchta yirik neftni qayta ishlash zavodidan biri bo‘lib, uning yillik quvvati 5,5 million tonnani tashkil etadi.
Korxona matbuot xizmatining xabar berishicha, yopiq turdagi mexanik tozalash inshootining tindirgichi ichida neft shlami (kukunsimon mahsulot) yonib ketgan. Hodisa vaqtida hududda hech qanday ish olib borilmagan. Jabrlanganlar yo‘q, zavod odatdagi tartibda faoliyatini davom ettirmoqda.
Internetda voqea joyidan olingan videolar ham tarqaldi. Keyinroq Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi yong‘in to‘liq o‘chirilganini ma’lum qildi. Uni bartaraf etishga 65 nafar xodim va 19 ta maxsus texnika jalb etilgan.
Ma’lumot uchun, zavod Rossiyaning Astraxan viloyati bilan chegaradosh Atirau viloyatida joylashgan. Korxona 1945-yilda foydalanishga topshirilgan bo‘lib, unga Qozog‘istonning milliy neft-gaz kompaniyasi — “QazMunayGas” egalik qiladi.
Yong‘in Qozog‘iston Rossiya neftini qayta ishlab, undan olingan benzin va dizel yoqilg‘isining 70 foizini Moskvaga qaytarishga rozi bo‘lgani haqidagi xabarlar fonida yuz berdi. Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov bu kelishuvni amalga oshirish uchun yiliga 850 ming tonna quvvatga ega “Kondensat” zavodidan foydalanilishini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Qozog‘iston yoqilg‘i tanqisligining ikkinchi to‘lqini kuchayib borayotgan Rossiyaga kichik hajmlarda Ai-92 benzini yetkazib bera boshlagan.
Rossiyada yoqilg‘i taqchilligi Ukraina tomonidan neftni qayta ishlash zavodlariga berilgan yangi zarbalar seriyasidan so‘ng yanada keskinlashdi. Avgust boshidan buyon sohadagi 10 dan ortiq korxona hujumga uchragan, ularning kamida beshtasi faoliyatini to‘xtatgan.
Hozirda Rossiyada neftni qayta ishlash hajmi mavsumiy me’yordan qariyb uchdan birga past. Yirik yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmoqlarini kuzatuvchi “Benzonavt” servisi ma’lumotiga ko‘ra, Rossiyadagi AYQSHlarning 78 foizida Ai-95, 68 foizida Ai-92 benzini, 75 foizida esa dizel yoqilg‘isi mavjud emas.

