Dunyo

Qozog‘istonda yuz bergan YTHda uch nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi

Qozog‘istonda sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida uch nafar O‘zbekiston fuqarosi hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Xabarga ko‘ra, 22-avgust kuni ertalab soat 06:47 da Qizilo‘rda viloyatining Birkazan tumanida, KAZ06 davlat ahamiyatidagi “Qorabutak—Qizilorda—Chimkent” avtomobil yo‘lining 1831-1836-kilometrlarida Nexia-2 yengil avtomobili va “Kamaz” yuk mashinasi to‘qnashib ketgan.

Ushbu YTH natijasida Nexia-2 avtomobili ichida bo‘lgan uch nafar O‘zbekiston fuqarosi voqea joyida vafot etgan.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzib, halok bo‘lganlarning jasadlarini vatanga olib kelish va ularning oila a’zolariga har tomonlama yordam ko‘rsatish bo‘yicha barcha zarur choralarni amalga oshirmoqda.

“Hozirda Favqulodda vaziyatlar vazirligining mas’ul xodimlari qozog‘istonlik hamkasblari bilan doimiy aloqada bo‘lib, baxtsiz hodisaning kelib chiqish sabablarini o‘rganish bo‘yicha hamkorlik ishlarini olib bormoqda”, — deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil dekabr oyida Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 32 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus ag‘darilib ketgan, ammo hech kim jabrlanmagan edi. 2024-yil sentyabrida Qozog‘istonning Chimkent viloyatida o‘zbekistonliklar bo‘lgan avtomobil YTHga uchragan. Olmaota trassasining yo‘l ta’mirlash ishlari olib borilayotgan qismida Opel Vectra avtomobili Toyota Alphard’ga borib urilgan va yengil avtomobil haydovchisi voqea joyida halok bo‘lgan. O‘sha yilning oktyabr oyida Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatidagi trassada JAC rusumli avtomobil yo‘l chetidagi MAN yuk mashinasi bilan to‘qnashishi oqibatida olti nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgan. Avtomobilda jami 10 kishi bo‘lgan, to‘rt nafar yo‘lovchi kasalxonaga yotqizilgan. Ular Rossiyadan O‘zbekistonga qaytayotgan bo‘lgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.