Qoraqalpog‘istonda meva eksporti 500 mln dollarga yetkaziladi

Qoraqalpog‘istonda meva eksporti 500 mln dollarga yetkaziladi
Qoraqalpog‘istonda 30 ming gektarda sho‘rga chidamli olxo‘ri va kechki o‘rik plantatsiyalarini barpo etish bo‘yicha uch yillik dastur amalga oshiriladi. Bu haqda prezident raisligida Nukus shahrida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda maʼlum qilindi.
Davlat rahbari Kegeylidagi 330 gektar sho‘r yerda bunyod etilayotgan sanoatlashgan bog‘ni ko‘rib chiqqanini qayd etdi. Yangi dastur doirasidagi 10 ming gektarda ishlar shu yil boshlanadi.
Viloyat hokimlari 500 va 1 ming gektardan bog‘ yaratishga mas’ul etib belgilandi. Andijondan yer bo‘yicha mutaxassislar va dehqonlar kelib, Kegeylida ishlarni boshlab yuborgan.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyat hokimlari va Bog‘dorchilik agentligi o‘rtasida uch tomonlama shartnomalar imzolanadi. Ikki hafta ichida har bir viloyat uchun yer ajratilib, kafolatli suv ta’minoti yaratiladi. Agentlik 1-oktyabrgacha iqlimga mos ko‘chat navlari va ekish texnologiyalarini taqdim etadi.
Viloyat hokimlari usta dehqon va agronomlarni jalb qilib, ularga uy-joy qurib beradi. Har bir hududda 50 gektardan bog‘ joriy yil, qolgan maydonlarda esa bahorda barpo etiladi. Qayta ishlash quvvatlari ham shu yerning o‘zida tashkil qilinadi.
Bog‘dorchilikda 20 ming odamni ishli qilish va uch yilda meva eksportini kamida 500 mln dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Kelgusi bahordan Nukus tumanidagi 10 ming gektar maydonda qovun yetishtirish boshlanadi.
Yil yakunigacha Ispaniya, AQSh, Niderlandiya va Xitoydan qovunning eng yaxshi navlari, urug‘chilik va agrotexnologiya bo‘yicha mutaxassislarni olib kelish topshirildi.
Salohiyatli investorlarni jalb etib, shu yerning o‘zida qovunni qayta ishlash va eksport qilish bilan shug‘ullanadigan xolding tashkil etiladi.
Nukus tumanidagi texnikum qovunchilikka moslashtirilib, laboratoriya va sinov poligoni bilan ta’minlanadi.
Ushbu muassasa Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Jizzax, Qashqadaryo va Sirdaryodagi qovun yetishtiruvchilar uchun tajriba almashish metodik markazi bo‘ladi.

