Qoraqalpog‘istonda 5,11 mlrd dollarga uchta mayning va data markaz qurilishi boshlandi

Qoraqalpog‘istonda umumiy qiymati 5,11 milliard dollarga teng uchta mayning va uchta data markaz qurilishi boshlandi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay O‘rinbayev Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi yangi obyektlarni foydalanishga topshirish marosimida ma’lum qildi.
Prezident qarorida Qoraqalpog‘istonda mayning uchun maxsus zona tashkil etilishi belgilangan edi. Data markazlar uchun yaratilgan ushbu maxsus zonada investorlar 2040-yilgacha barcha turdagi soliq va bojlardan ozod qilinishi aytilgan. Amanbay O‘rinbayevning ta’kidlashicha, endilikda hudud investorlar va investitsiyalarning sifatiga ko‘proq e’tibor qaratish imkoniyatiga ega.
"Ilgari investorlar kelsa, u katta boʻlsin, kichik boʻlsin, investitsiya kiritsa, xursand boʻlib yurardik. Hozir mana siz yaratib berayotgan imkoniyatlaringiz natijasida investorlarning ham, investitsiyaning ham sifat darajasiga, sifat jihatiga ham alohida eʼtibor berishga imkoniyat boʻlmoqda", dedi u.
Jo‘qorg‘i Kenges raisi, shuningdek, "yashil" energetika sohasidagi yirik loyihalar haqida ham ma’lumot berdi. ACWA bilan hamkorlikda qiymati 3,3 milliard dollarlik shamol elektr stansiyasi qurilmoqda. Marosimda, shuningdek, 260 million dollarlik "Nukus-2" shamol elektr stansiyasi ham foydalanishga topshirildi. O‘tgan yili esa hududda 107 million dollarlik "Nukus-1" loyihasi ishga tushirilgan edi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan hududlarda yangi obyektlarni ishga tushirish marosimi 25-avgust kuni boʻlib oʻtgandi. Marosimda 50 trillion so‘mlik 72 ta yirik sanoat va servis loyihasi hamda 91 ta ijtimoiy soha obyekti foydalanishga topshirildi.

