Nukusda ishlab chiqarilgan qurilish materiallari Qozog‘iston va Turkmanistonga eksport qilinadi
Korxonada gazoblok va ohak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Gazoblok ishlab chiqarish uchun “Nukus” erkin iqtisodiy

Nukusda ishlab chiqarilgan qurilish materiallari Qozog‘iston va Turkmanistonga eksport qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Nukus shahridagi “Coals KS” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.
Loyihaning umumiy qiymati 16,3 million dollarni tashkil etadi. Korxonada gazoblok va ohak ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Gazoblok ishlab chiqarish uchun “Nukus” erkin iqtisodiy zonasida 4,8 gektar maydon ajratilgan.
Ohak ishlab chiqarish quvvatlari esa Qorao‘zak tumanidagi 4,8 gektar maydonda joylashgan.
Korxona yiliga 300 ming kub metr gazoblok va 165 ming tonna ohak ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. Bu ichki bozorga zamonaviy qurilish materiallari yetkazib berish bilan birga eksportni ham yo‘lga qo‘yish imkonini beradi. Mahsulotlarni Qozog‘iston va Turkmanistonga eksport qilish rejalashtirilgan.
Ishlab chiqarishda ishlatilayotgan xomashyoning 96 foizi mahalliy manbalardan olinadi. Xususan, kvars qumi, sement va gips mamlakatimizdagi korxonalar tomonidan yetkazib berilmoqda. Bu mahsulot tannarxini kamaytirish va ta’minot barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.
Korxonada tayyorlanayotgan gazobloklar yengilligi, issiqlikni saqlash va tovush izolyasiyasi xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ular oddiy pishiq g‘ishtga qaraganda 3-4 barobar yengil bo‘lib, qurilish xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda korxonada 200 nafar mahalliy aholi mehnat qilmoqda. Korxona tomonidan hozirgacha umumiy qiymati 200 million dollar bo‘lgan 5 ta yirik loyiha ishga tushirilgan. Yana 40 million dollarlik 4 ta yangi loyiha bo‘yicha qurilish ishlari davom etmoqda.
Mahsulot tannarxini pasaytirish bilan birga sifatini yuqori darajada saqlash, ishlab chiqarish hajmi va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, xodimlar malakasini muntazam oshirib borish muhimligi ta’kidlandi.

