Mahalliy

Elektrotexnika korxonalariga mis xaridi uchun 50 mln dollar ajratiladi

Elektrotexnika korxonalariga mis xaridi uchun 50 mln dollar ajratiladi

Elektrotexnika korxonalarida mis xaridiga doir yangi moliyaviy mexanizm joriy etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha taqdimotda ma’lum qilindi.

So‘nggi yillarda elektrotexnika tarmog‘ida ishlab chiqarish hajmi 2018-yildagi 4,7 trln so‘mdan 43,1 trln so‘mga yetgani, eksport esa 1 mlrd dollardan oshgani qayd etildi. Hozirda O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda.

Tarmoqda mahsulotlar tarkibi ham o‘zgarayotgani ta’kidlandi. Misdan tayyorlanayotgan mahsulotlar ishlab chiqarilishi va eksporti oshgani, past qiymatli mahsulotlar ulushi esa kamaygani aytildi.

Maishiy texnika bo‘yicha ichki talabning 80 foizi mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplanayotgani, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 30 foizi eksport qilinayotgani ma’lum qilindi.

Quyosh panellari, yuqori kuchlanishli kabellar, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, vakuum o‘chirgichlar, yuqori kuchlanishli ajratgichlar, issiqlik nasoslari kabi yuzlab yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirilgani bildirildi.

Joriy yilning yetti oyida tarmoqda 30 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgani, 706 mln dollarlik eksport ta’minlangani qayd etildi. 148 mln dollarlik 16 ta loyiha ishga tushirilib, 1,2 mingta ish o‘rni yaratilgani aytildi.

Yil yakunigacha 51 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 1,6 mlrd dollarga yetkazish, 420 mln dollarlik 67 ta loyihani ishga tushirish vazifasi belgilangan.

Taqdimotda 2030-yilgacha elektrotexnika va unga yondosh sanoatda ishlab chiqarish hajmini 11 mlrd dollarga, eksportni 5 mlrd dollarga yetkazish, 3 mlrd dollar investitsiya jalb qilish, misga qo‘shilgan qiymatni 35 foizga olib chiqish rejalari ko‘rib chiqildi.

Buning uchun mamlakatda zarur xomashyo bazasi va bozor mavjud ekani bildirildi. Yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodi ishlab chiqarilayotgani, yangi quvvatlar hisobiga mazkur ko‘rsatkich 300 ming tonnaga yetkazilishi topshirilgani aytildi.

Shuningdek, 15 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgani, bu elektrotexnika mahsulotlari uchun yiliga 500 mln dollarlik buyurtma bozorini shakllantirishi ta’kidlandi.

Ayrim korxonalarda aylanma mablag‘ uchun kredit olishda garov ta’minoti yetishmayotgani, mis xomashyosini birja orqali xarid qilishda qulay moliyaviy instrumentlar talab etilayotgani, yirik xalqaro brendlarni jalb etish uchun kafolatlangan mexanizmlarni kengaytirish zarurligi qayd etildi.

Aholi uy-joylari qurilishi ortib borayotgani ham elektrotexnika mahsulotlariga talabni oshirayotgani bildirildi.

Shu munosabat bilan tarmoq korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif etildi. Jumladan, mis xomashyosini xarid qilishda to‘lovning 25 foizini korxonalar, qolgan 75 foizini “O‘zsanoateksport” AJ amalga oshiradi.

Korxonalar ushbu mablag‘ni 90 kun ichida yillik 6 foizgacha stavkada qaytaradi. Bu maqsadlar uchun 50 mln dollar resurs yo‘naltiriladi.

Avvalroq O‘zbekistonda besh yilda korxonalarning asosiy kapitalga investitsiyasi 3 karra ko‘payib, 363 trln so‘mga yetgani haqida xabar berilgandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.