Iqtisodiyot

Elektrotexnika sanoati korxonalari uchun soliq va bojxona imtiyozlari muddati uzaytiriladi

Eksportni kengaytirish maqsadida xorijiy bozorlarda savdo omborlari tashkil etish, mahsulotlarni sertifikatlash va tashqi bozorlarga chiqarish

**Elektrotexnika sanoati korxonalari uchun soliq va bojxona imtiyozlari muddati uzaytiriladi**

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini yangi bosqichga olib chiqish hamda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga doir taqdimot bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda elektrotexnika tarmog‘ini rivojlantirish, qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish va eksportni kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borildi. Natijada sohada ishlab chiqarish hajmi 2018-yildagi 4,7 trillion so‘mdan 43,1 trillion so‘mga oshdi, eksport esa 1 milliard dollardan yuqori bo‘ldi. Hozirda O‘zbekiston elektrotexnika mahsulotlari 65 ta davlatga yetkazib berilmoqda.

Tarmoqda mahsulotlar tarkibi ham o‘zgarib bormoqda. Misdan tayyorlanadigan mahsulotlar ishlab chiqarishi va eksporti ko‘paydi, past qiymatli mahsulotlar ulushi esa ancha qisqardi. Maishiy texnika bo‘yicha ichki talabning 80 foizi mahalliy mahsulotlar hisobidan qoplanmoqda, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 30 foizi eksport qilinmoqda. Quyosh panellari, yuqori kuchlanishli kabellar, elektromobillarni quvvatlash stansiyalari, vakuum o‘chirgichlar, yuqori kuchlanishli ajratgichlar, issiqlik nasoslari kabi yuzlab yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirildi.

Joriy yilning yetti oyida tarmoqda 30 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, 706 million dollarlik eksport ta’minlandi. 148 million dollarlik 16 ta loyiha ishga tushirilib, 1,2 mingta ish o‘rni yaratildi. Yil oxirigacha 51 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 1,6 milliard dollarga yetkazish, 420 million dollarlik 67 ta loyihani ishga tushirish vazifasi belgilangan.

Taqdimotda 2030-yilgacha elektrotexnika va unga yondosh sanoatda ishlab chiqarish hajmini 11 milliard dollarga, eksportni 5 milliard dollarga yetkazish, 3 milliard dollar investitsiya jalb qilish, misga qo‘shilgan qiymatni 35 foizga olib chiqish rejalari ko‘rib chiqildi.

Buning uchun yurtimizda zarur xomashyo bazasi va bozor mavjud. Yiliga 150 ming tonnadan ortiq mis katodi ishlab chiqarilmoqda, yangi quvvatlar hisobiga bu ko‘rsatkich 300 ming tonnaga yetkaziladi. Shuningdek, 15 gigavatt quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, bu elektrotexnika mahsulotlari uchun yiliga 500 million dollarlik buyurtma bozorini shakllantiradi.

Shu bilan birga, sohada hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ham mavjud. Ayrim korxonalarda aylanma mablag‘ uchun kredit olishda garov ta’minoti yetishmayapti, mis xomashyosini birja orqali xarid qilishda qulay moliyaviy instrumentlarga ehtiyoj bor, yirik xalqaro brendlarni jalb etish uchun kafolatlangan mexanizmlarni kengaytirish zarur. Aholi uy-joylari qurilishining ortib borayotgani ham elektrotexnika mahsulotlariga talabni oshirmoqda.

Shu munosabat bilan tarmoq korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yangi mexanizmlar taklif etildi. Jumladan, mis xomashyosini xarid qilishda to‘lovning 25 foizini korxonalar, qolgan 75 foizini “O‘zsanoateksport” AJ amalga oshiradi. Korxonalar ushbu mablag‘ni 90 kun ichida yillik 6 foizgacha stavkada qaytaradi. Bu maqsadlar uchun 50 million dollar resurs yo‘naltiriladi.

Endilikda kreditlar bo‘yicha eksport shartnomalari, sug‘urta polislari kabi boshqa ta’minot turlarini ham qabul qilish imkoniyati yaratiladi. Investitsiya loyihalariga milliy va xorijiy valyutada ajratilgan kreditlarning bir qismi uch yil davomida qoplab beriladi.

Kamida 50 million dollar sarmoya kiritadigan yirik xalqaro brend kompaniyalariga soliq imtiyozlari berilib, infratuzilmaga ega tayyor binolar taklif etildi. Elektrotexnika sanoati korxonalari uchun soliq va bojxona imtiyozlari muddatini 2030 yilgacha uzaytirish, yondosh mahalliy sanoat korxonalarini ham qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilmoqda.

Eksportni kengaytirish maqsadida xorijiy bozorlarda savdo omborlari tashkil etish, mahsulotlarni sertifikatlash va tashqi bozorlarga chiqarish jarayonlarini yengillashtirish bo‘yicha choralar ko‘riladi. Shuningdek, Afg‘oniston, Mo‘g‘uliston, Qozog‘iston va Iroq bozorlariga kompleks texnologik yechimlar eksportini kengaytirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Tarmoqda innovatsiya va ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish uchun To‘rtinchi sanoat inqilobi ilmiy-tadqiqot va innovatsiya markazini tashkil etish taklif qilindi. Markaz yangi mahsulotlarni raqamli modellashtirish, sinovdan o‘tkazish, mahalliylashtirish, prototiplar tayyorlash va korxonalarga injiniring xizmatlari ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

Prezidentimiz mutasaddilarga elektrotexnika sanoatida qo‘shilgan qiymatni oshirish, yuqori texnologik mahsulot va materiallar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, mahalliy korxonalarni global qiymat zanjirlariga olib kirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.