Prezident viloyat hokimlariga Qoraqalpog‘istonda o‘zlariga biriktirilgan mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha vazifa qo‘ydi

Prezident viloyat hokimlariga Qoraqalpog‘istonda o‘zlariga biriktirilgan mahallalarni rivojlantirish bo‘yicha vazifa yukladi
Kecha Nukus shahrining “Ashshiko‘l” hududida 50 ming aholiga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston” massivi — “Nukus siti” qurilishi boshlandi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qildi.
270 gektar maydonda ilg‘or arxitektura yechimlari va energiya tejamkor texnologiyalar asosida osmono‘par binolar, biznes, savdo va servis markazlari, yashil xiyobonlar barpo etiladi. Investitsiya loyihalariga xorijdan salohiyatli investorlar jalb qilinadi.
Nukusdagi Mustaqillik ko‘chasi tun-u kun ishlaydigan maskanga aylandi. 28 nafar tadbirkor ish boshlagani, 50 nafarining faoliyati kengaygani hisobiga bir haftada savdo tushumi 2 karra oshdi.
Nur va Elobod mahallalari Olmazorning Qichqiriq mahallasi namunasi asosida obod qilinadi. Navro‘z bayramigacha shu yerdagi istirohat bog‘ida aholini jalb qiladigan zamonaviy maskan barpo etish topshirildi.
Kegeylida 3,5 kilometr zovurni yopib, 100 ta servis obyekti qurish boshlangan. Buning hisobiga 320 ta ish o‘rni yaratiladi.
Qolgan viloyat hokimlariga ham Navro‘zgacha o‘zlariga biriktirilgan tumanlarda bittadan mahalla va markaziy ko‘chada shunday loyihalarni amalga oshirish vazifasi qo‘yildi.
Obod qilingan ko‘cha va mahallalarga aholining o‘zi baho berishi, odamlar ma’qul topsa, ushbu ko‘chalarga ularni obod qilgan viloyatlar nomini berish taklifi bildirildi.
Qoraqalpog‘istonda 1 million 100 ming yoshlar bor, shundan 505 mingi 14-30 yoshda. Davlat rahbari bu katta kuch ekanini, yoshlarga to‘g‘ri yo‘nalish berish muhimligini ta’kidladi.
Bir yilda 1 ming, kelgusi ikki yilda yana 5 ming yoshni axborot texnologiyalari va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yildi.
Hududda xorijiy til sertifikatiga ega 98 ming, axborot texnologiyalari bo‘yicha 127 ming, aniq fanlar bo‘yicha sertifikat olgan 5,5 ming yosh bor. Ularning 10 mingi chet tili va axborot texnologiyalarini mukammal biladi.
Koreyadagi vatandoshimizning olis hududlardagi yoshlarga axborot texnologiyalarini o‘rgatib, ularni yuqori daromadli qilish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi.
Yil yakunigacha shunday kamida 10 nafar iqtidorli vatandoshni Qoraqalpog‘istonga jalb etib, loyihalar boshlash topshirildi.

