Layfstayl

“Qizimni o‘zbekka bermayman, deganimni noto‘g‘ri tushunishgan” — Kamola Arslonova O‘zbekistonga ko‘chib kelgani hamda turkiyalik erining stressga tushgani haqida

“Onamning masofa uzoq, qiynalasan, degan gaplarida jon bor ekan. Buni 11 yil davomida xorijda yashab tushunib yetdim”, deydi aktrisa.

“Qizimni o‘zbekka bermayman, deganimni noto‘g‘ri tushunishgan” — Kamola Arslonova O‘zbekistonga ko‘chib kelgani hamda turkiyalik erining stressga tushgani haqida

“Kelgindi qaynona”, “Kirakash” filmlari hamda “Opa-singillar” serialidagi rollari bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Kamola Arslonova “Darakchi”ning YouTube sahifasiga intervyu berdi. Suhbat chog‘ida aktrisa turkiyalik turmush o‘rtog‘i bilan qanday tanishgani, 11 yil davomida xorijda yashab vatanini sog‘ingani hamda oilasi bilan O‘zbekistonga butunlay ko‘chib kelgani haqida so‘zlab berdi.

“Erimni birinchi ko‘rganimdayoq xayolimdan shu inson turmush o‘rtog‘im bo‘ladi, degan fikr o‘tgan”

— Avvallari rahmatli onam Istanbulga borib turardilar. Chet elga ilk bor chiqishimga ham shu sabab bo‘lgan. Onamga syurpriz qilish maqsadida tur sotib olib, Turkiyaga borganman. O‘shanda bu davlatni juda yaxshi ko‘rib qolgandim. O‘zi Turkiyaga bir marta borgan odam yana kelishni istaydi.

Oradan biroz vaqt o‘tib, yana Istanbulga bordim. Bu safar boshqa hududlarni ham ko‘rish maqsadida Izmir tomonga o‘tganimda, turmush o‘rtog‘im bilan tasodifan tanishib qolganmiz. Avvalgi intervyularimda aytganmanmi-yo‘qmi, bilmayman, u kishini birinchi ko‘rganimda xayolimdan “shu inson mening erim bo‘ladi”, degan o‘y o‘tgan. Ilgari hech qachon bunday bo‘lmagandi, hatto o‘zim ham hayron qolganman.

Boshida ikkimizda ham oila qurish niyati bo‘lmagan. Shunchaki shaharni aylantirib, yaqinlari bilan tanishtirganlar. Bir-birimizni yoqtirish yoki turmush qurish haqida gap ham ketmagan, shunchaki yaxshilik qilgan. Toshkentga qaytganimdan keyin u kishi menga turmush qurish taklifini bildirdi. To‘ydan keyin bildim, xo‘jayinim hammaga qo‘lidan kelgancha yordam berishga intiladigan inson ekan.

“Bu insondan yaxshi ota chiqishini his qilganman”

— San’atkorlarda odamlarni, atrof-muhitni kuzatish qobiliyati kuchli bo‘ladi. Menimcha, bu o‘ziga xos kasb kasalligi. Ustozim Mahmud Rashidov ham “teatralniy” institutda o‘qib yurgan paytlarimizda bizni doimiy kuzatuvchanlikka o‘rgatgan. Shu sababli har bir holatga e’tibor berardim. Bir safar turmush o‘rtog‘imning 40 daraja isitmasi bo‘lishiga qaramay, o‘rnidan turib ishga ketganini ko‘rib, ich-ichimdan “qanday mas’uliyatli inson, kasal bo‘lsa ham ishga ketyapti. Undan juda yaxshi ota chiqadi”, deb o‘ylaganman. Uni tanlashimga aynan mana shu xislati sabab bo‘lgan.

Qolaversa, o‘shanda 28 yoshda edim. Atrofdagilar tomonidan “qachon turmushga chiqasan”, degan savollar to‘xtovsiz beriladigan paytlar edi. To‘g‘ri, ungacha ham uylanish niyatida bo‘lganlar uchragan. Lekin ular meni shunchaki aktrisa va mashhur bo‘lganim uchun yaxshi ko‘rishyapti, degan fikrda bo‘lardim. Shu sababli bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan tanishganimizda aktrisaligimni yashirib, o‘qituvchiman, deb yolg‘on gapirganman.

“Onam turklarning hammasi yolg‘onchi bo‘ladi, degandilar”

— Toshkentga kelib, bor gapni onamga aytdim. Onam biroz muddat Turkiyada ishlab qaytganlari sababli “bolam, turklarga ishonma, ularning hammasi yolg‘onchi bo‘ladi”, dedilar. Nima uchundir ko‘pchilik turklarni aldoqchi deb o‘ylaydi. Ammo ular shirinso‘z, buni inkor etib bo‘lmaydi. Onam ham gaplarimni boshida jiddiy qabul qilmay indamadi, lekin baribir ko‘nglim g‘ash bo‘lib qoldi.

Keyinchalik xo‘jayinim bilan telefonda yozishib turdik. U paytlarda Turkiyadan O‘zbekistonga kelish ancha qiyin, vizani kutish uchun uch oy vaqt ketardi. Bu haqda aytganimdan keyin u kishi pasport tayyorlatdi. O‘zbekistonga kelib, yaqinlarim bilan tanishib, qo‘limni so‘ramoqchi ekanini aytdi. Ammo uch oylik muddatni eshitgach “Buncha kutolmayman, xayrli ishni tezroq bitirgan ma’qul. Men borolmasam, onangni olib o‘zing kel”, dedi. Yo‘l chiptalarini olib berganidan so‘ng onam bilan Turkiyaga yo‘l oldik.

Borganimizdan keyin uydagilari, onasi bilan tanishtirdi, onam bilan suhbatlashishdi. O‘sha kecha onam menga “yo‘q, qizim”, dedilar. O‘shanda onamning gapi uchun rosa yig‘lagim kelgan. Aslida qattiq sevib-oshiq bo‘lmagandim, lekin ko‘nglim qandaydir “jiz” etgandi. “Mayli, siz nima desangiz shu”, deganimda, onam yig‘layotganimni payqab qoldi. Ertalab uyg‘ongach esa xayrli tush ko‘rganini aytib, rozilik berdi.

“Turkiyada yashashga ko‘nika olmadim”

— Onamning “masofa uzoq, qiynalasan”, degan gaplarida jon bor ekan. Buni 11 yil davomida xorijda yashab tushundim. O‘zbekistonga har kelganimda ortga qiynalib, vatanni sog‘inib qaytardim. Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda menga “vatanfurush, yurtingni sotib ketding”, deb yozadi. Ammo men avvalgi intervyularimda ham vatan sog‘inchi haqida doim gapirganman. Shuning uchun oxiri 11 yillik duolarim ijobat bo‘lib, oilamiz bilan O‘zbekistonga qaytib keldik.

“Niyatda gap katta ekan”

— Yaratgandan ko‘chib kelishimizni 11 yil davomida so‘radim. Niyatingiz amalga oshishi boshqacha yoqimli bo‘larkan, chunki bu men uchun ushalmas orzudek edi. Turmush o‘rtog‘imning ishi, do‘stlari va barcha tanishlari u yoqda bo‘lgani sababli hammasini tashlab ketish oson emasdi.

Bir-ikki marta ko‘chib ketish haqida gapirganimda “barcha yaqinlarim, ishim va obro‘yim Turkiyada”, deb aytgandi. Haqiqatan ham u yerda o‘z biznesi bor edi va uni ko‘pchilik tanirdi. Xuddi men O‘zbekistonda tanilganimdek, u ham vatanida mashhur edi. Shu bois “bu obro‘dan, familiyamdan bolalarim ham foydalanishi kerak”, deb ko‘chishga rozi bo‘lmasdi.

Qarshiliklarga qaramay, baribir vatanimga qaytishimizni so‘rab duo qilaverardim. Istagingizga yetishgandan keyin esa baribir hamma narsaning o‘z mas’uliyati borligini tushunib, “to‘g‘ri qildimmikin”, deb biroz qo‘rqib ham qolar ekansiz.

“Bu yerda turmush o‘rtog‘im uch yoshli bolaga aylanib qoldi”

— O‘zi ochiq aytmasa ham, O‘zbekistonga ko‘chish turmush o‘rtog‘imni biroz qo‘rqitgani rost. Yangi muhit baribir o‘ziga yarasha stressli bo‘ldi. Tilimizni bilmagani sababli o‘zini go‘yo uch yoshli boladek his qilayotganini aytadi. Bir safar do‘konga borganida sotuvchi uni tushunmay, “ertaga keling”, deb jo‘natib yuboribdi. Shundan keyin nima kerakligini qo‘liga yozib beradigan bo‘ldim. Kelgan kunlarimizning boshida kechalari uxlolmay chiqardi, hozir esa biroz ko‘nikdi.

Farzandlarimizdan qizimning bu yerga moslashishi boshida biroz qiyin kechdi. O‘g‘limga esa farqi yo‘q, uning uchun yonida bo‘lishimizning o‘zi yetarli. Bolalar O‘zbekistonga tezroq o‘rgansin va bu yerni yaxshi ko‘rib qolsin deb, ularni har kuni hayvonot bog‘i hamda istirohat bog‘lariga olib borardim. Xudoga shukr, ular ham tezda ko‘nikib ketishdi.

“Ishsiz qolganim sababli stressga tushdim”

Aktrisaning turmush o‘rtog‘i yangi manzilda boshdan o‘tkazganlarini shunday izohlaydi:

— Har doim ishimni o‘zim mustaqil bajarishga odatlanganman. Nimani reja qilsam, ertalabmi-kechqurun, buning farqi yo‘q, o‘sha kunning o‘zida amalga oshirishim lozim edi. O‘zbekistonga kelgach esa bu imkoniyatdan cheklandim. Erkin harakat qilolmayman, til bilmaganim uchun biron ishni mustaqil bitira olmayman. Shu sababli ham qattiq stressga tushdim, deydi aktrisaning turkiyalik turmush o‘rtog‘i.

“Qizimni o‘zbek yigitiga turmushga bermayman, deganimni noto‘g‘ri tushunishgan”

— Bir paytlar Turkiyada vatanimni sog‘inib, zerikkanim sababli ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lib, blog yuritishni boshlagandim. O‘shanda bir safar “qizimni hech qachon o‘zbekka bermayman”, deb yozgan gapimni ko‘pchilik noto‘g‘ri tushungan. U vaqtlar keyinchalik butunlay O‘zbekistonga ko‘chib kelishimizni bilmaganman. Bu yozuv tarqalib ketgach, ko‘pchilik “u bizning erkaklarimizni mensimayapti”, deb tushundi. Vaholanki, men buni butunlay boshqa ma’noda yozgandim.

Aksincha, o‘zim musofirlikda qiynalganim sababli kelajakda qizim ham chet elga turmushga chiqib, menga o‘xshab vatanini sog‘inib yashamasin, degan maqsadda aytganman. Chunki oiladan uzoqda yashash, haqiqatan, qiyin. Buni boshimdan o‘tkazganim uchun yaxshi bilaman. U yoqda har doim “onam nima qilyapti ekan, sog‘liqlari yaxshimi?”, degan o‘y bilan yashardim.

Qolaversa, opam Qozog‘istonda, yana bir opam boshqa davlatda, ukam esa Moskvada. Hammamiz chetda bo‘lganimiz sababli musofirlik nima ekanini bilamiz. Shuning uchun qizimning ham yurt sog‘inchida qiynalishini istamaganman.

“Ijodni sog‘inganman”

— Bolaligimdan kasbimni, sahnani yaxshi ko‘raman va hozir ijodni juda sog‘inganman. Agar yaxshi filmlardan o‘zimga mos rollarga takliflar bo‘lsa, jon deb qabul qilardim.

Instagram orqali ijodga qaytishni ham o‘ylayapman. Ammo nimadan, qanday boshlashni hozircha bilmayapman. Buni kimdan so‘rashni ham bilmayman. Men tanigan, bilgan hamkasblarim esa teatrda, ular blog yuritmaydi. Hozirgi blogerlar bilan esa tanish emasman, deydi aktrisa.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.