“Qizim turmushga chiqishim mumkinligini aytganida, uni urishib berganman”. Vazira Yunusova oilasi va vaynlardagi ishtiroki haqida (video)

“Qizim turmushga chiqishim mumkinligini aytganida, uni urishib berganman”. Vazira Yunusova oilasi va vaynlardagi ishtiroki haqida (video)
Teatr va kino aktrisasi Vazira Yunusova 35 yildan beri sahnada bo‘lsa-da, hanuz unvon olmagani, turmush o‘rtog‘i vafotidan keyin qizi unga qayta turmush qurishi mumkinligini aytgani hamda nega vaynlarda suratga tushishi haqida “Daryo lifestyle” YouTube kanaliga intervyu berdi.
“Syomkalarda yoshlarni mensimaydigan aktrisalarni koʻraman”
— Ko‘p syomka jarayonlarida yoshlarni mensimasdan muomala qiladigan aktrisalarni ko‘raman. Ko‘pchiligi yoshlarning salomiga alik olmaydi, ensasini qotirib gapiradi. Yosh aktyorlar ham bir-ikki marta indamaydi. Keyin salom berishni ham istamay qoladi. “Guruch kurmaksiz boʻlmaydi”, yoshi kattalarimiz orasida ham shunday — o‘zini tarbiyalashi kerak bo‘lganlar bor.
“Ayol kishi birinchi oʻringa oilani qoʻyishi kerak”
— Tajribamdan kelib chiqib aytaman: ayol kishi birinchi o‘ringa oilani qo‘yishi kerak. Nima bo‘lishidan qat’i nazar, oila birinchi o‘rinda. Chunki biz ayollar erkak kishining qovurg‘asidan yaratilganmiz. Demak, asosiy vazifamizni unutmasligimiz kerak. Aslida bu dunyodagi bosh vazifamiz farzandlarimizni dunyoga keltirib, ularni ilmli-bilimli qilib, chiroyli tarbiyalashdan iborat. Masalan, men ham turmush o‘rtog‘im “ishlama”, deganida olti yil ishlamaganman. Keyin yoshim 30dan oshgach, rozi-rizolik bilan ishga chiqqanman. Unda ham filmlarda emas, “Otalar so‘zi”da suratga tushardim. Bunga sabab syomka uchun uzoq joylarga borilmasdi, ish har kuni sakkizda boshlanib besh—oltida tugardi. Ishdan uyga qaytib, osh-ovqatimizni, boshqa ishlarimizni qilib o‘tirardim.
Vazira Yunusova bugun film va seriallarda suratga tushish bilan birga, hozir eng talabgir bo‘lgan vaynerlar jamoasi bilan vaynlarda ham rol ijro etmoqda. Aktrisani bunga nima undamoqda?
— To‘g‘risini aytsam, teatrning oyligi ko‘p ham emas, kam ham emas — o‘rtacha. Turmush o‘rtog‘im hayot bo‘lganida vaynlarda suratga tushmasdim, deb o‘ylayman. Yana bir gap: telefon yangi chiqqan paytlarda yoshi kattalarimiz “telefonga berilib ketdinglar”, deb gapirishgan bo‘lsa, hozir masalan, majlisda ham telefonga qarab qo‘yishadigan darajaga kelingan. Bu holat faqat bizda emas, butun dunyoda shunday. Shuning uchun aytamanki, yoshi katta aktrisalarimiz ham sekin-sekin vaynlarda tushishyapti. E’tibor bergan bo‘lsangiz, men quruq vaynning o‘zida emas, reklamasi bor vaynda suratga tushaman. Buni boshqacha qaralsa, davlat reklamasida ham vayn olinadi. Oldin ham yoshi katta va mashhur artistlar reklamaga chaqirilgan. Faqat ular televideniyeda berilgan, bunisi esa xuddi shuning telefondagi varianti.
“Mendan keyin sanʼatga kirganlarning hammasi unvon oldi”
— Har bir aktyor va aktrisa yaxshi rol o‘ynay, o‘zimdan yaxshi iz qoldiray, deb niyat qiladi. Men ham shular qatorida 35 yildan buyon xalqimga xizmat qilib kelyapman. Bu bir bola tug‘ilib 35 yoshga kirganiga teng. Mayli, ijobiymi, salbiymi, kichikmi, kattami — rol o‘ynab kelyapmiz. Agar “Oʻtkan kunlar” filmida ham Otabek, Kumush va Zaynabning o‘zi bo‘lib, ularning atrofidagi qahramonlar bo‘lmaganida kino bu qadar bo‘larmidi? Bo‘lmaydi. Atrofdagi amma, xola, jiyan kabi qahramonlar hayotni to‘ldirganidek, filmni ham to‘ldirib turadi. Ikki qahramonning dunyoga kelishi uchun atrofdagi personajlar voqelikni kuchaytirib, yordam beradi. Ana shundan so‘ng bir bola tug‘ilgani singari, film vujudga keladi.
Ba’zida “unvon olish uchun katta-katta rollarni o‘ynash kerak”, degan gaplarni eshitib qolaman. Bu gap insonga juda og‘ir botadi. Lekin katta rollarni o‘ynab turib, bir tiyinga qimmat ijro etganlar bor. Asosiy qahramonlarning atrofidagi kichik rollarni o‘ynab, odamlarning esida qoladigan aktyorlar ham bor. Shunday ekan, yildan buyon xizmat qilib, davlat mukofoti olmaganim, albatta, meni xafa qiladi. Chunki 35 yillik mehnatim bor. Mendan keyin san’atga kelganlarning deyarli barchasi mukofotlanib bo‘ldi.
“Qizim turmushga chiqishim mumkinligini aytganida, uni urishib berdim”
— O‘rtancha qizim Durdona bir marta hazillashib, “onajon, hali yoshsiz, turmushga chiqsangiz bo‘ladi”, deganida bolam sho‘rlikni urishib berdim. Unga bu haqda umuman o‘ylamasligini, gapidan juda qattiq xafa bo‘lganimni aytdim. “Hali dadangni qabri sovimasidan turib, menga aytayotgan gapingni qara”, deb koyidim. Lekin qizim Islomda ota yoki onaga farzandlari aytishi kerak bo‘lgan gapni aytib, o‘z vazifasini bajargan holda o‘zidan soqit qildi. Albatta, ilmli bo‘lgani uchun bu ishni qildi. Kulib-hazillashib aytdi. Uni tushundim. Ammo qayta turmushga chiqishni xayolimga keltirmaganman, o‘ylamayman ham. Endi bundan buyog‘iga qizlarim bilan juda hayot kechirib, ularni turmushga uzatib, nevaralarimni ham uzatib, qancha umrim bo‘lsa yashab, u dunyoga borganimda turmush o‘rtog‘im kutib olishini xohlayman.

