“Alfiya kampir menga pul, mashhurlik va poytaxtdan uy berdi”. Barno Teshaboyeva mashhur obrazining kutilmagan muvaffaqiyati haqida (video)

“Alfiya kampir menga pul, mashhurlik va poytaxtdan uy berdi”. Barno Teshaboyeva mashhur obrazining kutilmagan muvaffaqiyati haqida (video)
“Qalpoq” hajviy ko‘rsatuvidagi Alfiya kampir obrazi bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Barno Teshaboyeva “Daryo lifestyle” YouTube kanaliga intervyu berdi. Suhbat chog‘ida aktrisa ustozi, O‘zbekiston xalq artisti Saida Rametova bilan to‘y va kelinsalom tadbirlariga chiqqani, Alfiya obrazi sabab poytaxtdan uy-joy olgani, mashina sotib olgani, shuningdek, eski “Moskvich” mashinasida ko‘rgan tushi haqida gapirib berdi.
“Chiroyli bo‘lmaganim uchun o‘qishga qabul qilishmagan, deb o‘ylaganman”
— 10-sinfni tugatayotganimda rahmatli onamga san’atkor bo‘lmoqchiligimni aytganman. Ular bunga qarshilik qilmagan. Onam sakkiz farzandining qaysi kasbga qiziqayotgani va kim bo‘lishni xohlashiga hech qachon qarshi chiqmagan.
Bir kuni onam bilan elektrichkaga o‘tirib, shaharga keldik. Metroga tushib, “Kosmonavtlar” bekatidan chiqib, o‘sha paytdagi N.A. Ostrovskiy nomidagi Toshkent davlat san’at va rassomchilik institutiga hujjat topshirgani borganimizda, qo‘rqib ketganman. Odam shu qadar ko‘p edi. Meni cho‘chitgan narsa — u yerda sochlari, kipriklari uzun, qoshlari qora juda chiroyli qizlar ko‘p edi. Men tatar millati vakillariga o‘xshash, sochlarim kalta kesilgan holatda bo‘lganman. Qarasam, go‘zal qizlar monologlar o‘qishyapti. Hujjat topshiryapman-u, to‘qson foiz kirolmasam kerak, deb o‘ylayapman. Bo‘ylari uzun, oppoq qizlarning oldida oddiy qishloq qizi bo‘lganim uchun o‘zimga ishonmaganman.
“Birinchi yili o‘qishdan yiqildim”
— Imtihon javoblari chiqquncha onam meni bir madaniyat xodimining oldiga olib bordi va mendan aktrisa chiqish-chiqmasligini so‘radi. Haligi ayol mendan aktrisa chiqmasligini aytdi. Chunki ko‘zlarim yonmasmish va juda tortinchoq emishman. Uning gaplaridan umuman tushkunlikka tushmadim. O‘zi umuman tabiatan ruhiy tushkunlikka tushishga moyil emasman. O‘ylaganimday, birinchi yili o‘qishdan yiqildim. Tarix fanidan yiqilganim rosa alam qilgan. So‘ng kirolmaganimni hammadan yashirdim. Ichimda “10 yilda bo‘lsa ham o‘qishga kiraman”, dedim.
“Mashhur aktyor va aktrisalar kursdoshim bo‘lgan”
— Ikkinchi yili o‘qishga qabul qilinganman. U yerda hozirgi mashhurlardan Lola Eltoyeva va Muhammadiso Abdulxayirovlar bilan kursdosh bo‘ldim. Biz bir patokda o‘qiganmiz. O‘sha yillarda keyinchalik komedik aktrisa bo‘laman, deb o‘ylamagan ekanman, deydi Barno Teshaboyeva.
“Yaxshi niyat — yarim davlat, deyishgani to‘g‘ri ekan” yoxud, eski “Moskvich”da ko‘rilgan tush va “Oq atirgullar” qo‘shig‘i haqida
— Yaxshi niyat qilish kerak, niyatingga yarasha beradi, deyilgani juda to‘g‘ri ekan. Umida Mirhamidovaning “Oq atirgullar” klipiga kelib qolishim antiqa bo‘lgan. Qashqadaryodagi bir tadbirdan qaytib, Toshkentdagi avtobuslar bekatiga keldim. Bekatda eski “Moskvich” turgan ekan. Haydovchi yoshi katta inson edi. Undan aytgan manzilimga olib qo‘yishini so‘radim. Sovqotib ketganimdan mashinaga shoshib o‘tirib, eshikni qattiqroq yopgan ekanman shekilli, narigi eshigi sharaqlab ochilib ketdi.
Mashina radiosi yoqilgan, past ovozda qaysidir kuy yangrab turardi. Bir payt radioboshlovchi yangi premyera qo‘shiq qo‘yilishini va uning xonandasi kimligini topishni muxlislarga havola etishini aytdi. “O‘tar umr, o‘tadi yillar…” degan so‘zlar bilan qo‘shiq boshlandi. Ham sovqotganim, ham charchaganim uchun qo‘shiqni uyqu aralash eshitib, “Yulduz Usmonova zo‘r qo‘shiq aytibdi”, deb aytyapman ichimda. Boshimni mashina o‘rindig‘iga qo‘ygan holatda mudrab borarkanman, “qaniydi, shu qo‘shiqning klipiga meni chaqirishsa edi, ey Xudo”, dedim va tushimda klipda rol ham o‘ynayapman. Xayoliy klipda oq ko‘ylakda suvning bo‘yida yugurib borardim. Qarshimdan qahramonim ham men tomon yugurib kelardi. Mana shunday uyqu va tush aralash o‘y-xayollar bilan manzilga ham yetib keldim.
Bu voqea aprel oyida bo‘lgan bo‘lsa, oradan 6-7 oy o‘tib, oktyabr oyida shu qo‘shiqning klipida suratga tushdim. Klipdagi rolim uchun bir tiyin ham gonorar olmaganman. Negaki, unga meni tanlashgani uchun xursand bo‘lib, gonorar olish xayolimga ham kelmagan, deydi aktrisa.
“27—28 yil avval ustozim Saida Rametova bilan to‘ylarda kelinsalomlar aytardim”
— 1999-yildan to‘ylarga chiqib qo‘shiqlar aytishni boshlaganman. 27—28 yil avval ustozim Saida Rametova bilan kelinsalomlar aytardim. O‘sha vaqtda Saida opa qo‘limdan ushlab, o‘zi bilan olib yurardi. “Sen hali mendan ham zo‘r bo‘lib ketasan”, derdi. Saida opani rosa yaxshi ko‘rsam ham o‘zlariga buni aytolmayman. Qanaqadir vajohatlari, qandaydir mehrlari bor. Ikkisi 50 ga 50 turadi. Bir qarashlaridan masofa saqlasangiz, bir payt ular bilan yaqin bo‘lgingiz keladi. Shunaqangi bir sehrli ayol. Keyin yana bir zo‘r odatlari bor, qaniydi menda ham shu odat bo‘lsa, deyman: aytgan she’rlarini yodlamasam yoki to‘yga kech borsam urushsalar ham, tez kechirib yuboraverardi. Ijodim davomida hali Saida opamday bir kunda ko‘p kelinsalomga chiqadigan san’atkorni ko‘rmadim. Bir kunda to‘qqizinchi kelinsalomni tushdan so‘ng soat to‘rtda o‘tkazganlarini hali ham eslayman, deydi u.
“Alfiya obrazi menga pul, poytaxtdan uy va mashhurlik keltirdi”
— Alfiya obrazim meni xalqqa tanitdi, o‘z muxlislarimga ega bo‘ldim. Allohga behisob shukr, bitta obrazim bilan mashhurlikka erishdim. Qolaversa, bu qahramon roli poytaxtdan uy-joy, mashina, pul va baxt, oila, farzand berdi menga. Bir ayol “men baxtliman, hamma narsam bor”, deyishi uchun nima kerak bo‘lsa, barini berdi, deydi aktrisa.
“Madaniyat vaziri bo‘lganimda…”
— Yolg‘on gapirishni yomon ko‘raman, shu sabab to‘g‘risini aytadigan bo‘lsam, madaniyat vaziri bo‘lganimda o‘zimga o‘zim “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Barno Teshaboyeva” degan unvonni bergan bo‘ldim. 38 yildan buyon sahnada va ko‘rsatuvlarda 40 daqiqalab yarim o‘tirgan holatda rol ijro etaman. Istagan kishi oyog‘ini yarim o‘tirgan holatda qilib 15 daqiqa tursa biladi: oxiri oyog‘i og‘riganidan qaltirashni boshlaydi. Men esa uzoq yillardan beri shunday oyog‘imni qiyshaytirib, Alfiya kampir obrazini ijro etib kelaman. Butun umrimni qariyalarning rolini ijro etishga bag‘ishladim, deydi aktrisa Barno Teshaboyeva.

