“Men tilimni tiysam, oilam tinch bo‘ladi”. Aktrisa Bahora Arslonova eriga bo‘ysunishi va kreditlari sabab ko‘proq ishlashga majbur bo‘layotgani haqida

**"Tilimni tiysam, oilam tinch bo‘ladi": Aktrisa Bahora Arslonova turmush o‘rtog‘iga bo‘ysunishi va kreditlar sabab ko‘proq ishlashga majbur bo‘layotgani haqida so‘zladi**
Taniqli aktrisa va uch farzandning onasi Bahora Arslonova "Gaplashamizmi?" loyihasiga bergan intervyusida o‘z hayoti haqida ochiqchasiga gapirdi. U kreditlari tufayli to‘y xizmatlariga chiqishga majbur bo‘layotgani, otasi bilan so‘nggi uchrashuvi va turmush o‘rtog‘i bilan oilaviy munosabatlarda tushunmovchiliklarning oldini olish usullari haqida so‘zlab berdi.
**"Hozir rahmat uchun rol o‘ynamayman"**
Aktrisaning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda daromad topish uning uchun birinchi o‘rinda turadi. "Oldingidek rahmat uchun rol ijro etib beraveradigan vaqt emas. Sababi biror narsa sotib olmoqchi bo‘lsangiz, o‘z mablag‘ingiz yetmay qoladi. Menimcha, 99 foiz odamlar xaridlarini kredit orqali qilishyapti. O‘zimda shunday vaziyat. Keyin kreditni to‘lash uchun ham u ishga ham, bu ishga ham yugurasiz. Bu ham odatiy hayot tarzi — bu ham yaxshilikka," — dedi u.
Hozirda Bahora Arslonova faqat rejissyor Ozod Shams tomonidan suratga olinayotgan serial bilan band. Boshqa serial va filmlarga takliflar bo‘lmayotganini aytgan aktrisa, yangi chehralar paydo bo‘layotgani va yosh rejissyorlar ularning mahoratini bilmasligi mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, hozir internet rivojlangan bo‘lib, aktyor-aktrisalar televizordan ko‘ra Instagram’da mashhurroq. Biroq, u avvalgi paytlardek bir dasturxon atrofida yig‘ilib, issiq choylar bilan o‘zbek filmlarini tomosha qilishni xohlashini bildirdi.
Aktrisa reklama va to‘ylardagi boshlovchilikdan ham daromad olayotganini ma’lum qildi. "Hozir san’atkorni ham, bozorchini ham, tikuvchi-yu operatorni ham — hammani to‘y boqyapti. Kreditlar olgandan keyin inson o‘zini hamma joyga urarkan," — deya qo‘shimcha qildi u.
**"Otam Haj ziyorati vaqtida o‘z tug‘ilgan kunida vafot etdi"**
Bahora Arslonova marhum otasi haqida ham so‘zlab berdi. "Rahmatli otam prokuror edi, menga doim hayotning yaxshi tomonlarini ko‘rsatgan. Juda erka farzand bo‘lganman, menimcha, hozirgi qizlar ham menchalik erka bo‘lmasa kerak. Qiz bola bo‘la turib tilimdan juda yomon gaplar chiqsa ham, shularni ko‘targan. Barcha sirlarimni, dardlarimni unga aytardim. Shunday inson birdan yo‘q bo‘lib qolsa, yomon bo‘larkan. O‘zimga kelishim juda qiyin bo‘lgan, hatto, ey Xudo jonimni ol deb ham so‘raganman," — dedi u.
Aktrisa otasining Haj amalini ado etib ketganidan minnatdor ekanligini bildirdi. Otasi bilan so‘nggi marta tug‘ilgan kunida, Makkaga ketishidan oldin uchrashganini esladi. "Dadamning uchta rafiqasi bo‘lgan, uchinchi onamning uyiga borib, hammamiz yig‘ilganmiz. Katta dasturxon atrofida o‘tirganmiz. Hajga ketishlari, u yerdan kimga qanday sovg‘a-salom olib kelishlari haqida gaplashganmiz. Xayrlashayotgan paytimizda qulog‘im ostidan 'Dadang bilan suratga tush' degandek ovoz keldi. Hamma aka-opalarim, singillarim, oila a’zolarim, dadamni turg‘azib rasmga tushdik. Bu bizning otam bilan oxirgi suratimiz bo‘lib qoldi," — deya hikoya qildi Bahora Arslonova.
Uning otasi Qurbon ismli bo‘lib, Qurbon hayitida tug‘ilgan. Makka shahrida Haj amallarini ado etib, tug‘ilgan kuni sanasida, 63 yoshida, Qurbon hayiti kuni olamdan o‘tgan. "O‘sha kuni ham yaqin do‘stiga 'Bugun men ketaman, xayrlashib olgin' debdi. Do‘sti 'Ko‘p hazillashyapsan, unday dema', desa ham otam 'Yo‘q, ketaman' debdi. Do‘sti otamning yoniga borgunicha uning joni uzilib bo‘lgan ekan. Dadamni o‘sha yerda dafn qilishdi. Katta akam borib keldi, u ham Hajdan qaytgach vafot etdi. Endi qolgan akalarim borishsa, keyin biz bora olamiz. Ulardan oldin borish bizda tarbiyasizlikka yo‘yiladi. Nasib qilgan kuni, ulardan keyin, albatta, boramiz. Vaqti kelsa, otam bilan jannatlarda ko‘rishaman," — dedi aktrisa.
**"Ayollar sababli erim ishga joylasholmadi"**
Bahora Arslonova hozirgi kunda ko‘plab tashkilotlarda ayollarga imkoniyatlar va ish o‘rinlari berilayotgani, buning ortidan ko‘p erkaklar ishsiz qolib ketayotganidan xavotir bildirdi. "Aslida oilaning mas’uliyatini erkak o‘z zimmasiga olishi kerak. Uning aytgani aytgan, degani degan bo‘lishi kerak. Uning pulida baraka bor. Ammo hozir ayollarga ish ko‘proq bo‘gani uchun bu masalada erkaklar biroz ortga ketyapti. Lekin harakat qilishyapti," — dedi u.
O‘z turmush o‘rtog‘ini misol qilib keltirgan aktrisa, uning yaxshi kompaniyada ishlaganini, ammo kompaniya yopilib ketganini aytdi. Boshqa joyga ishga borsa, rahbari ayol kishi bo‘lgani, yana boshqa joyda esa bo‘sh o‘rin yo‘qligi sababli ish topa olmagan. Oxir-oqibat tadbirkor bo‘lgan. "Hozir qayoqqa qaramang, usta ham ayol kishi, shafyor ham ayollar — to‘g‘ri, ular ham oilasini boqish dardida ishlaydi. Buni juda yaxshi tushunaman. Men erkaklar yanada jasoratli, yanada mehnatsevar bo‘lishlarini xohlardim," — deya ta’kidladi Bahora Arslonova.
**"Men tilimni tiysam, oilamda janjal bo‘lmaydi"**
Aktrisa oilani saqlab qolish uchun ayollar tilini tiyishi kerakligini ta’kidladi. "Men tilimni tiysam, oilam tinch bo‘ladi, bo‘lmasa urush-janjal bo‘laveradide. Erim meni nohaq ayblasa ham, jim turaman. Keyin baribir o‘zi tushunib yetib, uzr so‘raydi. Gapir desa ham 'Ha, yo‘q, xo‘p bo‘ladi'dan boshqasiga o‘tmayman. Men uchun eng asosiysi ayol kishi tilini tiyishi," — deya so‘zlarini yakunladi Bahora Arslonova.

