Layfstayl

“Meni tushunadigan insonga turmushga chiqaman”. 12 yoshida sovchi kelgan va sayohatlarga 70 ming dollar sarflagan Zebo Rahimova 23 yoshda

“Meni tushunadigan insonga turmushga chiqaman”. 12 yoshida sovchi kelgan va sayohatlarga 70 ming dollar sarflagan Zebo Rahimova 23 yoshda

Aktrisa va bloger Zebo Rahimova 2-sentyabr kuni 23 yoshga to‘ldi. Shu munosabat bilan, san’at olamidan vaynerlikka o‘tib millionlab muxlislar mehrini qozongan, dunyoning so‘lim go‘shalariga sayohat qilishni sevadigan hamda uyqusi qattiqligi bois tongda uyg‘otuvchi yordamchi yollagan ijodkorning hayotiy va ijodiy yo‘liga to‘xtalamiz.

Zebo Rahimova Toshkent shahrida tavallud topgan. U intervyularida oilada yagona farzand bo‘lgani bois erka bo‘lib ulg‘ayganini aytadi.

“Haqiqiy ismim Zebo emas, Zebiniso”

— Haqiqiy ismim Zebiniso. Ismim qo‘yilishining kulgili tarixi bor: aslida Munisa bo‘lishi kerak bo‘lgan. Oyimning ismlari Mohira. Qaynona-qaynotalari “O‘zingiz ism qo‘yavering”, deyishgan. Shuning uchun onam o‘z ismlariga o‘xshash bo‘lgani uchun Munisa qo‘yaman, deb niyat qilgan ekanlar. Tug‘ilganimdan so‘ng onam shifoxonada ekanliklarida bobom guvohnomamni olishga borganda nima ism qo‘yilishi eslaridan chiqib qolgan. O‘ylab-o‘ylab hech topolmagan ekanlar.

Shunda o‘sha yerdagi bir opa bobomdan onasining ismini so‘rab, shu ismni qo‘yishni maslahat bergan. Navbatda turganlarni kuttirmaslik uchun bobom ham: “Mayli, shu ismni yozib qo‘yavering, nima deb chaqirishsa, o‘zlari biladi”, degan ekanlar. Shundan so‘ng oyim yig‘lab, bobomdan arazlab qolgan ekan. Shu bilan Zebiniso bo‘ldim. Ismim o‘zimga juda yoqadi, ma’nosi ham chiroyli.

“Faqat onam aktrisa bo‘lishimga qarshilik qilmagan”

—Oilada yagona farzandman. Aktrisalik faoliyatini tanlashimga boshida uydagilar qarshilik ko‘rsatgan. Birgina onam bu fikrimni qo‘llab-quvvatlaganlar. Shu sababli ham onam bilan juda yaqinmiz. Umuman olganda, ota-onamni hayotdagi eng yaqin do‘stlarim deb bilaman. Qarindoshlar yoki ko‘chadagi tanishlar hech qachon ular kabi sirdosh bo‘la olmaydi.

Yolg‘iz farzand bo‘lganim bois, ota-onam ishga ketganida uyda bir o‘zim qolib, yolg‘izlikka ko‘nikkanman. Shu sababli hozir ham yolg‘iz qolsam, o‘zimni juda xotirjam his qilaman.

“Birinchi sovchi 12 yoshimda kelgan”

— O‘zbekistonda o‘zi oq, ko‘zlari ko‘k qizlarning xaridori ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, birinchi sovchi 12 yoshimda kelgan. Undan so‘ng 18 yoshimda uydagilar yaxshi oiladan kelgan sovchilarga meni turmushga berishmoqchi bo‘lishdi. Har tomonlama so‘rab-surishtirishsa, bola bizga to‘g‘ri kelmaydi ekan. Bularni bilgan ota-onam meni majburlashgani uchun keyinchalik afsuslanishgan. Agar o‘sha vaqtda shu insonga turmushga berib yuborishganda, bugun ota-onam mening oldimda juda ham aybdor bo‘lib qolishgan bo‘lardi. Shularni tushunib yetganidan keyin ular qarorni o‘zimga qo‘yib berishdi. Shunda hamma mas’uliyat o‘zingning bo‘yningda bo‘ladi, deyishdi.

“Dadamga jurnalist bo‘laman, deganman”

— Aktrisalik kurslariga qatnay boshlashdan avval dadamdan boshlovchi bo‘laman deb ruxsat olganman. Dadamga: “Jurnalistlar tez mashhur bo‘lib ketmas ekan. Mashhur aktrisa bo‘lib tanilib olsam, keyin jurnalistikaga o‘tib ketaman. Shundan keyin boshlovchilik qilsam hamma biladi, ko‘rsatuvlarga olishlari oson bo‘ladi, to‘ylarga chaqirishadi”, deganman. Shunday deb u kishini aktyorlik maktabiga borishga ko‘ndirganman. Keyinchalik “jurnalistlarni tayyorlaydigan maktab yo‘q ekan, aktyorlikda qolaqolay, ikkisi ham o‘xshash kasb-ku”, deganman. Rozi bo‘lganlar.

Boshida serial syomkalarida o‘zlari ham qo‘shilib men bilan yurganlar. Chunki aktyor va aktrisalar haqida har xil yomon gaplar eshitgan, bu kasb egalarining intervyularini ko‘rganlar. Shuning uchun o‘zlari olib borib, suratga olish jarayonlarini ko‘rib turardilar. Keyinchalik dadamning kimgadir: “Mundoq qarasam, san’at odamlaridan toza odam yo‘q ekan. Hamma o‘zining ishini bilib qilib yuribdi. Hech kimning birov bilan ishi yo‘q, qolaversa ayollar ko‘p bo‘lar ekan”, deganlarini eshitganman. Shunday qilib, keyinchalik qizim yomon kasb tanlamagan ekan, deb tushunib yetganlar.

“Birinchi rolimni ijro etganimda talaba emas edim”

— Institutga qabul qilinish uchun bir yil davomida aktyorlikdan dars olganman. Birinchi ustozim Zahro Mirzayeva bo‘lgan. Ular “Folbin” serialining bosh qahramoniga kasting e’lon qilingani haqidagi xabar yuborgan. Tashkilotchilarga yozganman, rasmimni jo‘natganman, borganman. Bosh qahramon roliga tasdiqlanib, kinodagi birinchi faoliyatimni shu loyihadan boshlaganman. 42 qismli serial men uchun juda katta tajriba bo‘lgan.

Suratga olish jarayonlaridan tortib montajigacha kuzatardim. Dublyajida ham “ovozim yoqimsiz eshitilmayaptimikan”, deb qayta-qayta eshitib chiqardim. Ushbu serial menga omad olib kelgan. Shundan so‘ng tanila boshlaganman va telenovellalarga ham takliflar tusha boshlagan. Shuni ham aytib o‘tishim kerak, bu serialdan pul olmaganman. Boshidan oxirigacha tekinga xizmat qilganman. Hatto ba’zi qismlari buvimning uyida ham suratga olingan. Buvim uylari to‘zib ketganini aytib menga tanbeh bersalar ham bunga chin ko‘ngildan rozi bo‘lganman.

Blogerlikni esa 2022-yilda boshlaganman. Blogerlar tashkilotiga borganda Umid aka bilan tanishdik va birga kontentlar ishlay boshladik.

“Ota-onam olib bergan Spark’ni to‘ylarda boshlovchilik qilib, Gentra’ga o‘zgartiraman, deb o‘ylardim”

— Ko‘pchilik “orzularimga yetishish uchun ularni qayta-qayta tasavvur qildim, orzular xaritasini tuzib chiqdim”, deydi. Men bunchalik orzu qilolmasdim. Alloh o‘ylaganimdan ham ancha ko‘prog‘ini berdi. Ish boshlashimdan oldin ota-onam haydovchilik guvohnomasini olganimdan so‘ng, bo‘lib to‘lash evaziga Spark sovg‘a qilishmoqchi bo‘lishgan. Taxminan, niyatimiz shunday edi. Chunki u paytda bloger bo‘lish niyatim yo‘q edi.

Aksincha, hech qachon bloger bo‘lmayman, derdim. Chunki bizlarga institutda boshqacha tarbiya berishardi. Blogerlarni juda yomon qilib ko‘rsatishardi. “Ular professional emas, bu kasbning kelajagi yo‘q”, deyishardi. Shuning uchun men aktrisa bo‘laman, so‘z boyligimni oshirib to‘ylarda boshlovchilik qilaman. Shu orqali daromad qilib uyimdagilar olib bergan Spark’ni Gentra’ga almashtiraman, deb o‘ylardim. Lekin Alloh kutganimdan-da ortig‘ini tayyorlab qo‘ygan ekan. Hali haydovchilikka o‘qimay turib, birinchi marta 19 yoshimda o‘zim uchun Kia xarid qildim. Undan keyin ota-onamga ham mashina sovg‘a qildim. O‘zim uchun Mers olganimga ham bir yil bo‘lib qoldi, deydi aktrisa.

“Kelajakda meni tushunadigan insonga turmushga chiqishni xohlayman”

Foto: Instagram

—Kelajakda kasbimni tushunadigan va ishlashimga ruxsat beradigan inson bilan oila qurishni istayman. Chunki kasbimni juda ham yaxshi ko‘raman. Qolaversa, ota-onam keksayganida kimningdir qo‘liga qarab qolishini, bo‘lajak turmush o‘rtog‘im ularga qilgan yordamini minnat qilishini xohlamayman. Bo‘lajak umr yo‘ldoshim yaxshi inson bo‘lishiga ishonsam-da, baribir moliyaviy jihatdan mustaqil bo‘lish tarafdoriman, deydi u.

“Ertalab uyg‘otishi uchun alohida ishchi olganman”

— Juda ham uyquni yaxshi ko‘radigan odamman. Erta turib, hamma ishlarimga ulgurishning zo‘r yechimini topdim. Har kuni erta tongda kelib, meni uyg‘otib ketadigan ishchi olganman. Uyqum qattiqligi uchun “budilnik” ham uyg‘ota olmaydi. Oyim uyg‘otsalar ham, uyg‘onmayman. Chunki bitta farzand bo‘lganim uchun erkaman. Begona odam kelib uyg‘otsa, uyalganingizdan ham uyqungiz ochiladi. Shu darajada uyqum yaxshi bo‘lgani uchun chet davlatga ketishda ham qiynalmayman — samalyotga chiqishim bilan uxlab, manzilga yetganda uyg‘onaman.

Ishchim o‘zimning kelinoyim bo‘ladi. Uylari bizniki bilan yonma-yon. Bir kuni ular ishdan bo‘shadi. Keyin ularga moddiy tomondan yordam bergim keldi. Shundoqligicha pul bersam, kelinoyimning ham g‘ururiga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun o‘zimga nima kerak bo‘lsa, shuni o‘ylab, “ertalab kelib, meni uyg‘otib keting, keyin men sizga oylik beraman”, dedim, deydi Zebo Rahimova.

“O‘zimni qurbon qilib ko‘rsatishdan qo‘rqaman”

—Hayotda qiyinchilikka uchrasam ham, o‘zimni baxtsiz va jabrdiyda qilib ko‘rsatishdan qochaman. Odamlar menga achinganidan emas, balki yaxshi ko‘rganidan kuzatishlarini istayman. Sahifamni kuzatuvchilarida menga nisbatan rahm-shafqat hissi uyg‘onishini xohlamayman. Maqsadim — ularga faqat yaxshi kayfiyat ulashish. Shu sababli ijtimoiy tarmoqlarda yig‘lab yoki hayotdan nolib storis joylamaslikka harakat qilaman, deydi vayner.

“Vaynlarda hamma bilan sherik bo‘lishni xohlamayman”

—Ijodiy sherigim Umid Eshonqulov bilan to‘rt yildan buyon birga vayn suratga olamiz. Shu paytgacha mayda tushunmovchiliklar bo‘lgan bo‘lsa-da, o‘zaro til topishib, yaqin do‘stlardek ishlaymiz. Blogerlikni boshlagan vaqtimdayoq har xil yigitlar bilan vayn olmaslikni maqsad qilgandim. Boshida boshqa blogerlardan ko‘plab takliflar tushgan, ammo ularni rad etganman. Chunki tez-tez partnyor almashtirish hurmatimni to‘kib yuboradi, deb o‘ylaganman. Shu sababli faqat har safar faqat bitta partnyor — Umid aka bilan ishlaymiz.

“Eng katta shartnomamizni uy quruvchi kompaniya bilan tuzganmiz”

Zebo Rahimova birinchi marta reklama uchun olgan gonorarini eslar ekan, o‘sha paytda bu jarayon o‘zi uchun juda hayratlanarli bo‘lganini aytdi.

— Boshida telenovellalarga 200 ming so‘mdan chiqar edim. Keyin 300 ming bo‘ldi. Shu bilan oxirgi ishtirok etgan telenovellam uchun bir million olganman. Shundan buyon, deyarli ikki yildirki filmlarda rol ijro etmadim. Bunga vaqt ham bo‘lmayapti.

Birinchi katta gonorarim tilla do‘konining reklamasidan bo‘lgan. O‘shanda ijtimoiy tarmoqda storis orqali reklama qilish narxini 50 dollar etib belgilab qo‘ygandik. Shunda qo‘limizga 600 ming so‘m teggan. Keyinchalik texnika buyumlari bilan shug‘ullanuvchi do‘kon bilan shartnoma imzolaganmiz. Oyiga 12 ta video ishlash evaziga 1200 dollar olardim. Shundan so‘ng shampun ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan oyiga 15 ming dollarlik kelishuv qildik va shuncha daromad topa boshladim. Shu vaqtga qadar olgan eng katta gonorarim uy bo‘lgan. Bitta shartnomada ikkita uyga kelishilgani uchun juda xursand bo‘lganman. Xuddi shu uy quruvchi kompaniya bilan ikkinchi marta ham shu asosda shartnoma tuzdik. Ikkita deyishimizga sabab biz ikki kishimiz. Umid aka bilan topgan pulimizni teng ikkiga bo‘lishamiz, deydi u.

“Sayohatlar uchun deyarli 70 ming dollar sarfladik”

— Shu vaqtga qadar 28 ta mamlakatga sayohat qildik. Safarlarimizning birinchisi umra ziyoratidan boshlangan. Ota-onam bilan birgalikda borganman. Umumiy olganda 70 ming dollarni sayohatlarga sarflabmiz. Bu ikki kishi uchun, ya’ni men va Umid aka uchun sarflangan mablag‘. Bu pulga, taxminan, 12-13 ta to‘yni o‘tkazsa yoki 4-5 ta avtomobil sotib olsa bo‘ladi. Sayohat insonning dunyoqarashini oshirar ekan. Biz bilan faqat xotiralarimizgina qoladi, deydi Zebo Rahimova.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.