“Kasalligim sabab hammadan uyalganman”. Aktrisa Munojot Alimboyeva uzoq yillik tushkunlikni qanday yenggani hamda omadli roli haqida

**"Kasalligim tufayli hammadan uyalganman". Aktrisa Munojot Alimboyeva uzoq yillik tushkunlikni qanday yenggani va omadli roli haqida**
"Jaydari kelin" spektaklidagi Mehriniso roli bilan tomoshabinlarga yaxshi tanish bo‘lgan aktrisa Munojot Alimboyeva "Darakchi" nashrining YouTube kanaliga intervyu berdi. Suhbat davomida aktrisa san’atga kirib kelishidan avval bosib o‘tgan yo‘li, o‘zi ishtirok etgan spektaklga qanday tasdiqlangani hamda kasali sabab uzoq yillar tushkunlikka tushib qolgani haqida so‘zlab berdi.
**"Yoshligimda onam orzumdagi kasbni egallashimga qarshi bo‘lgan"**
— Yoshligimdan aktrisa, ashulachi bo‘laman, derdim. Maktabda qo‘shiqlar kuylab yursam, onam: "Qo‘shiqchi bo‘laman demagin, bizning avloddan artistlar chiqmagan", deb orzu-havaslarimni taqiqlardi. "Bu kasb o‘zbekchilikka to‘g‘ri kelmaydi" degan gap-so‘zlar doim onamning qulog‘iga chalingani, qolaversa, dadam ham san’atdan uzoq sohada bo‘lgani uchun san’atkor bo‘lishimni xohlashmagan. Yana "artist bo‘lsa, turmushga chiqolmaydi" deb qo‘rqishgan.
Odamlarning san’atkorlar haqidagi salbiy fikrlaridan qo‘rqishi ko‘p qizlarimizning san’at yo‘lidan ketishiga, farzandlarning o‘zi xohlagan kasbni egallashiga to‘sqinlik qiladi. Menda ham xuddi shunday bo‘lgan. O‘sha paytlarda yurist bo‘lish urf bo‘lgani uchun huquqshunoslik litseyining tarix bo‘limiga hujjat topshirib, o‘qiganman. Litseyimiz pedagogika universiteti qoshida bo‘lgani sababli musiqa fakulteti ham bor edi. O‘sha yerda bizga maqomdan dars berishardi, maqom kuylashni o‘rganganman. Hattoki litseyimiz direktori dadamni chaqirtirib: "Qizingiz pedagog yoki boshqa kasb egasi emas, san’atkor bo‘lsin", degan. Lekin dadam indamagan.
**"San’at yo‘nalishi men o‘ylagandan ham yaxshi ekan"**
Ota-onasining ra’yiga ko‘ra boshqa kasbni tanlashga majbur bo‘lgan aktrisa yuridik yo‘nalishga o‘qishga kirish qiyinligini bilgach, dadasining maslahati bilan Toshkent tibbiyot akademiyasiga hujjat topshiradi. Ammo bu yo‘nalishda ham unga omad kulib boqmaydi. Shundan so‘ng u onasining taklifiga binoan tikuvchilik hunarini egallashga kirishadi. Keyinchalik esa Munojot Alimboyeva keyingi taqdiri kutilmaganda o‘zgarib ketgani haqida gapirdi:
— Hamma narsa birdaniga o‘zgarib ketdi. Bilsam, dadam avvaldan san’atkor bo‘lishimga qarshi bo‘lmagan ekanlar. O‘zlari institutni bitirib, chet ellarda ishlagan zamonaviy inson edilar. Qarshiliklar esa onamning qo‘rquvi tufayli bo‘lgan ekan, u kishi "dadam sahnaga qo‘ymaydi" deb o‘ylaganlar. Aktrisa bo‘lishimga dadam ruxsat berganidan keyin onam ham e’tiroz bildirmadilar. San’at men o‘ylaganimdan ham yaxshi soha ekan. Hamma gap insonning o‘ziga, aqliga, irodasiga hamda oiladagi tarbiya va muhitga bog‘liq ekan.
**"Jaydari kelin"dagi rol menga nasib qilmasligi ham mumkin edi"**
— Aslida spektakldagi kelin roli meniki emas edi. Bu obraz ustozlarimiz Zulayho Boyxonova, Gulchehra Nosirova, Norposhsha Hasanova va kursdoshim Nargiza Shahobovalardan biri uchun mo‘ljallangandi. Ularning tavsiya etilganiga sabab — hammasi gavdali, ketmon ko‘tara oladigan obrazga to‘g‘ri kelishardi. Men esa kichkina epizod — qaynisingil rolida edim.
Repetitsiya jarayonida qahramonning xarakterini eshitib: "Xuddi mening yoshligim ekan, yurish-turishlari ham o‘xshar ekan", derdim. Chunki bolaligimda yurishimning ustidan kulishardi, onam bo‘lsa "to‘g‘ri yur, Munojot", deb urishardi. Nozik tabiatli emas, juda qo‘pol qiz bo‘lganim uchun ham bu rol menga yoqib qolgan.
Domladan shu rolni o‘ynashni iltimos qilganimda, ustozlarim u menga to‘g‘ri kelmasligini aytishgan. Sababi, o‘sha paytda juda ozg‘in, zo‘rg‘a o‘zbekcha gapiradigan qiz bo‘lganim uchun ketmonchi kelin obraziga mos emas, deb o‘ylashgan. Shu rolga olishmagani uchun ulardan qattiq xafa bo‘lganman. Shunda ham baribir qahramonning so‘zlarini yozib olib, tayyorlanib yurishga qaror qildim va ssenariydan kelinning hamma gaplarini daftarga ko‘chirib chiqdim.
Bir kuni menga omad kulib boqdi. Zulayho opa konsertga, ustozimiz Gulchehra Nosirova dublyajga ketdi. Norposhsha opaning mazasi qochib qoldi, kursdoshim ham nimadir sabab bilan spektakldan chiqib ketdi. Repetitsiyada hamma ustozlar o‘tiribdi, lekin "Jaydari kelin"ning so‘zlarini o‘qiydigan odam yo‘q. Bir payt, biroz avval mendan rad javobini eshitgan ustozim tayyorlanib yurganimni eslab qoldi va daftarimdan kelinning gaplarini o‘qib turishimni aytdi. Rolga kirishib, maromiga yetkazib o‘qib berdim. Shundan so‘ng har kuni tayyorgarlikda bu rolni menga o‘qitishdi va yakunda asosiy spektakldagi rol ham menga berildi.
**"San’atga o‘zimni bag‘ishlab, sog‘lig‘imni yo‘qotganman"**
— San’atga o‘zimni bag‘ishlab, sog‘lig‘imni yo‘qotganman. Vaqtida judayam tig‘iz ish grafigida yurardim: ertalab kelinsalomga, keyin xorga borib ashula aytardim, so‘ng o‘qishga borardim. Kech uxlab, barvaqt turish oqibatida kun tartibim buzildi. Buning ortidan organizmda vitaminlar yetishmasligi kelib chiqdi va natijada tanamda oq dog‘lar paydo bo‘la boshladi.
Shu sababli uzoq vaqt depressiyaga tushib qoldim. O‘sha kezlarda hamma syomkalarni rad etdim, chunki xalqning ichiga kirishga uyalardim. Xayolimda xuddi jirkanch insonga aylanib qolgandek edim va o‘zimni juda baxtsiz his qilardim.
Lekin aynan shu xastalik meni baxtga yetakladi. Sababi, shu qiyinchilik ortidan men kuchli bo‘lishni, har doim kulib yurish va raqsga tushish kerakligini angladim. Tibbiy tomondan ham inson o‘zini baxtli his qilsa, bu dog‘lar tanani tark etishini bilganimdan so‘ng, hamma narsaga ijobiy (pozitiv) ko‘z bilan qarashni hamda doim tabassum qilishni o‘rgandim.
**"Qizim ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishimga undaydi"**
— Blog yuritishga asosan to‘ng‘ich qizim Samira undab turadi. "Oyijon, bu zamon talabi, muxlislaringizga hech narsa joylamabsiz", deydi. Ba’zida o‘zi nimalardir topib joylab qo‘yadi. Turmush o‘rtog‘im esa: "Sahifangga har narsani joylayvermanglar. Odamlar salbiy narsalar yozishni boshladi, ularni o‘qib yomon bo‘ldim, qattiq gapirib yuboraman", deb tanbeh berdi. So‘ng u kishiga har xil odam borligini, hamma har xil saviyada yozishini aytib, shularga qaramay, muxlislarga qiziq bo‘lgan narsalarni joylab borishimiz kerakligini yotig‘i bilan tushuntirdim. Qizimning aytishi bo‘yicha, salbiy izohlar qancha ko‘p yozilsa, rilslar shuncha ko‘p tarqalib, ko‘rishlar soni keskin ortar ekan. Shuning uchun qizim: "Oyijon, qo‘yavering, yomon gaplar yozaverishsin", deydi.
Garchi sahifamga kunimiz va ishimizning bir qismini qo‘yib borsam-da, o‘zimni bloger deb hisoblamayman. Lekin juda ko‘p muxlislar kuzatib, hayotim bilan qiziqisharkan. Hattoki farzandlarim bilan munosabatim ham kuzatuvchilarimga motivatsiya berarkan. Bir kuni bir qiz yozib qoldi: "u ertalabdan kechgacha ishda bo‘lgani uchun farzandlariga vaqt ajratolmas ekan". Men ham ishlayman, ba’zan tun-u kun ishlashimga to‘g‘ri keladi. Lekin o‘sha qiz bolalarim bilan qilgan muloqotimni, ularga vaqt ajratishimni ko‘rib, mendan ko‘p narsa o‘rganganini aytdi. "Farzandlaringizni urishmas ekansiz. Men ba’zan asabim chidamasdan bolalarimga qattiq gapirib yuboraman. Sizni ko‘rib, ularni urishmaydigan bo‘ldim", dedi. Bu men uchun juda katta baxt bo‘ldi. Chunki aktrisaligim yoki boshqa yutuqlarimdan tashqari, ona sifatida boshqa bir ayolga o‘rnak bo‘layotganimning o‘zi ulkan yutuqdir.

