Texnologiya

«Qiyomat baligʻi»ning siri ochildi: olimlar undan ilhomlanib ovozsiz robot yaratmoqchi

Kornell universiteti olimlari «Qiyomat baligʻi» nomi bilan tanilgan seld qirolining gʻayrioddiy suzish mexanizmini oʻrgandi. Endi muhandislar ushbu mexanizm asosida dengiz jonzotlarini choʻchitmasdan, okean holatini kuzatadigan yirik va ovozsiz suvosti robotlarini yaratishni rejalashtirmoqda.

«Qiyomat baligʻi» siri fosh bo‘ldi: olimlar undan ilhom olib ovozsiz robot yaratmoqchi

Kornell universiteti muhandislik maktabi professori Rob Sheperdga okeanni tadqiq etish uchun katta, kam seziladigan suvosti robotini yaratish vazifasi yuklangan. AQSH Harbiy-dengiz tadqiqotlari boshqarmasi buyurtmasi bilan ishlab chiqilayotgan bu qurilma dengiz hayvonlarini cho‘chitmasdan harakatlana olishi kerak.

Sheperd buning uchun tabiatdagi noodatiy namunani — chuqur suvlarda yashovchi seld qirolini tanladi. Tasmasimon tanasining uzunligi qariyb sakkiz metrga yetishi mumkin bo‘lgan bu baliq «Qiyomat baligʻi» nomi bilan ham mashhur.

### Tanasini deyarli qimirlatmay suzadi

Uzun tanali dengiz jonzotlarining aksariyati ilonbaliqqa o‘xshab, butun gavdasini bukib harakatlanadi. Seld qiroli esa tanasini deyarli bir holatda saqlaydi.

Uni oldinga yoki orqaga siljitadigan asosiy a’zo — orqa qismi bo‘ylab cho‘zilgan uzun suzgichidir. Ushbu suzgichda uzluksiz yuzaga keladigan to‘lqinsimon harakatlar baliqqa shovqinsiz suzish va yo‘nalishini aniq boshqarish imkonini beradi.

Bu mexanizm qanday ishlashini aniqlash uchun Sheperd Kornell universitetining sobiq ixtiologi Uilli Bemis bilan hamkorlik qilgan.

Seld qirolining butun va shikastlanmagan namunasini o‘rganish juda mushkul. Chunki baliq o‘lganidan keyin uning tanasi odatda mo‘rt bo‘laklarga ajralib ketadi. Shu sabab tadqiqotchilar kompyuter tomografiyasi, Smitson institutidagi rentgen tasvirlari va batafsil anatomik tekshiruvlardan foydalangan.

Tadqiqot jarayonida olimlar baliq terisi ostida yashiringan murakkab tabiiy mexanizmni aniqlagan. Orqa suzgichning yuzlab suyaksimon tayanch nurlari maxsus sharsimon bo‘g‘imlarga ulangan bo‘lib, ular mitti «joystik»lar kabi ishlaydi.

Har bir nur alohida mushaklar va tog‘aylar tizimi orqali harakatga keladi. Bu tuzilma suzgichning har bir qismiga turli yo‘nalishlarda burilish imkonini beradi.

Nurlarni birlashtirib turuvchi parda esa bir vaqtning o‘zida qarama-qarshi yo‘nalishlardagi harakat to‘lqinlarini uzata oladi. Natijada baliq tanasini egmasdan, tezligi va harakat yo‘nalishini deyarli bir zumda o‘zgartiradi.

Olimlarning ta’kidlashicha, tasmasimon suzgich yordamida suzish usuli evolyutsiya davomida suyakli baliqlarda bir-biridan mustaqil ravishda taxminan o‘n marta paydo bo‘lgan. Biroq aynan seld qirolida «joystik»ka o‘xshab buriladigan suzgich nurlari mavjudligi ilk bor ushbu tadqiqotda hujjatlashtirilgan.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.