Texnologiya

Xitoylik olimlar o‘zini qayta tiklaydigan mato ixtiro qildi

Xitoylik tadqiqotchilar o‘z-o‘zini tiklaydigan mato yaratishdi

Xitoyning Shenchjen ilg‘or texnologiyalar instituti olimlari kiyim-kechak sanoatida inqilobiy yangilikka qo‘l urishdi. Ular Cordyceps militaris nomli maxsus qo‘ziqorin mitseliysi (ildiz iplari) asosida o‘z-o‘zini tozalaydigan, eskirgan sirtini yangilaydigan va eng muhimi, yirtilgan joylarini mustaqil ravishda tiklay oladigan materialni ixtiro qildilar. Ushbu matoning o‘ziga xosligi shundaki, u kiyim holiga keltirilganidan keyin ham o‘zining tiriklik xususiyatini saqlab qoladi.

Mato qanday qilib o‘zini o‘zi ta’mirlaydi?

Yirtilgan yoki teshilgan joyni tiklash uchun unga kartoshka qaynatilgan maxsus ozuqaviy suv surtib, ustiga ozgina tirik qo‘ziqorin bo‘lagi qo‘yish kifoya. Shunda mato ichidagi "uyqudagi" tolalar uyg‘onib, o‘sa boshlaydi. Yangi iplar yirtilgan joyni yelim yoki choklarsiz o‘z-o‘zidan ko‘payib, to‘qib yuboradi. Bundan tashqari, mato suv o‘tkazmaydigan xususiyatga ega, ya’ni uning ustiga tushgan kirlar suv bilan shunchaki sirg‘alib tushib ketadi va kiyim o‘z-o‘zini tozalaydi.

Professor Ke Li boshchiligidagi tadqiqotchilar qo‘ziqorin tolalarini o‘ziga xos "poydevor" sifatida ishlatishmoqda. Masalan, unga boshqa xamirturush yoki zamburug‘larni qo‘shish orqali matoga tabiiy ko‘k rang berish yoki uni quyoshning zararli ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladigan qilish mumkin.

Yangi ixtironing hayratlanarli imkoniyatlari:

* **Uyqu rejimi:** Mato 45 daraja issiqda quritilganda, o‘ziga xos "gipnoz" holatiga o‘tadi. U ozuqa suvi quyilmaguncha o‘smaydi va o‘z shaklini uzoq vaqt saqlab tura oladi.

* **Mustahkamlik va moslashuvchanlik:** Ushbu qo‘ziqorin matosidan eshilgan bor-yo‘g‘i to‘rtta ingichka tasma naqd 1 kilogramm yukni ko‘tarishga bardosh beradi. Unga glitserin bilan ishlov berilsa, xuddi oddiy kiyimdek yumshoq va egiluvchan bo‘ladi — uni bemalol kesish, tikish yoki buklash mumkin.

* **Ekologik toza:** Atrof-muhitni plastik va sintetik chiqindilardan qutqarish uchun bu ayni muddao. Chunki ushbu kiyim yerga ko‘milganda bor-yo‘g‘i 41 kun ichida tuproqqa qorishib, butunlay yo‘q bo‘lib ketadi.

Albatta, matoning kamchiliklari ham yo‘q emas. U yumshoq teri yoki matoga o‘xshab kiyishga juda qulay bo‘lsa-da, olimlar uni hali kir yuvish mashinasida yuvib ko‘rishmagan, kiyganda havo o‘tkazishi va uzoqqa chidashini oxirigacha sinashmagan. Qolaversa, yirtig‘i bitishi uchun hozircha odam o‘zi qo‘lda dori surtishi shart.

Ushbu mato turining sotuvga chiqishiga hali vaqt bor bo‘lishiga qaramay, bu kelajak sari ulkan qadam bo‘ldi.

Olimlar Peelshere kiyim brendi bilan hamkorlikda ushbu matodan ilmiy-fantastik kinolardagidek g‘ayrioddiy ko‘ylak tikib ko‘rishdi.

"Bu material moda olami va arxitektorlar uchun ajoyib topilma. Unda o‘zgacha ko‘rinish, tabiiy rang va shikastlangan joyni nazorat ostida qayta tiklash xususiyati bor. Ekologiya birinchi o‘ringa chiqayotgan bugungi zamonda eski kiyimni shunchaki bog‘dagi yerga ko‘mib yuborish imkoniyati haqiqiy inqilobdir", — deydi professor Ke Li.

Ekspertlarning ogohlantirishicha, bunday kiyimlarni do‘kon peshtaxtalarida ko‘rishimizga hali biroz vaqt bor. Kundalik hayotda kiyishdan avval uning chidamliligi va namlikka bardoshini yaxshilash kerak. Aks holda, birinchi yomg‘ir ostida qolgan odamning kiyimi loyga aylanib, titilib ketishi hech gap emas.

Shunga qaramay, ekspertlarning fikricha, bu ixtiro shunchaki qiziqarli tajriba yoki oddiy namuna emas. Bu — kelajakda biologik xususiyatlarini xuddi bolalar o‘ynaydigan konstruktor kabi istalgan vazifaga moslab, qaytadan yig‘ish mumkin bo‘lgan "dasturlashtiriladigan jonli kiyimlar" davri boshlanayotganidan darak beruvchi ulkan qadamdir.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish uchun cookie fayllaridan foydalanamiz. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Siz qabul qilmaguningizcha hech narsa o‘lchanmaydi.