Pekinda robotlar uchun g‘aroyib “bolalar bog‘chasi” ochildi

Pekinda robotlar uchun noodatiy "bolalar bog'chasi" ochildi.
Xitoy poytaxtida tajriba markazi ishga tushirildi. Uni yaratuvchilar norasmiy ravishda robotlar uchun "bolalar bog'chasi" deb atashmoqda. Bu yerda mutaxassislar mashinalarni o'qitishning yangi konsepsiyasini sinovdan o'tkazmoqda. Bu usul oldindan tayyorlangan ko'rsatmalarga emas, balki robotlarning atrof-muhit bilan mustaqil muloqotiga asoslangan.
Loyihaning asosiy jihati shundaki, robotlar taktil sezgilar, tajribalar va o'z xatolarini tahlil qilish orqali ko'nikmalarni egallashga o'rgatiladi. Mashinalar inson harakatlarini shunchaki takrorlash o'rniga, qaysi yechimlar muvaffaqiyatli, qaysilari esa samarasiz ekanini mustaqil anglab yetishi kerak.
Masalan, robot harakatlanishga bo'lgan ilk urinishlarida biror to'siqqa duch kelishi mumkin. Bunday holatlar nosozlik deb hisoblanmaydi: tizim sodir bo'lgan voqeani qayd etadi, muvaffaqiyatsizlik sabablarini tahlil qiladi va keyingi urinishda xato takrorlanmasligi uchun harakat yo'nalishini o'zgartiradi. Shu tariqa har bir xato ta'lim bazasining bir qismiga aylanib, mashina xatti-harakatini takomillashtirishga yordam beradi.
Ishlab chiquvchilarning fikricha, bunday model robotlarga foydalanishga topshirilganidan keyin ham o'rganishni davom ettirish imkonini beradi. Shu tufayli ular dastlabki tayyorgarlik vaqtida ko'zda tutilmagan yangi sharoit va vaziyatlarga moslasha oladi.
Loyiha taktil sensorlarni ishlab chiquvchi Xitoyning Tashan Technology kompaniyasi hamda sun'iy intellekt bo'yicha kanadalik mutaxassis Richard Sutton rahbarligidagi tadqiqot guruhi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

