Xitoyda ishlab chiqarilgan yana bir robot Useyn Boltga tegishli Jahon rekordini yangiladi

Xitoyda yaratilgan yana bir robot Useyn Boltning jahon rekordini yangiladi.
Pekinda bo‘lib o‘tayotgan Dunyo gumanoid robotlar o‘yinlarida Xitoyning "Tiangong Ultra" roboti 100 metr masofani 8,86 soniyada bosib o‘tib, yangi rekord o‘rnatdi. Bu natija yengil atletika afsonasi, yamaykalik Useyn Boltning 9,58 soniyalik jahon rekordidan 0,72 soniyaga tezroqdir.
Pekin gumanoit robototexnika innovatsiya markazi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu robot musobaqalarning yarimfinal bosqichida marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Qayd etish joizki, robot turnirning saralash bosqichida ham 100 metrni 9,39 soniyada bosib o‘tib, natijani yangilagan edi.
Robotlarning texnik rivojlanish sur'ati tomoshabinlar va mutaxassislarni hayratda qoldirmoqda. Chunki "Tiangong" roboti o‘tgan yili o‘tkazilgan ilk turnirda xuddi shu masofani 21,50 soniyada bosib o‘tgan edi. Bir yil ichida uning tezligi ikki baravar oshgan.
Biroq, robotlarning yuqori tezligini to‘xtatish hali ham muammo bo‘lib qolmoqda. "Tiangong Ultra" marra chizig‘ini kesib o‘tgach, sekinlashish o‘rniga to‘xtatish uchun o‘rnatilgan maxsus matga borib urildi. Zarba kuchi tufayli robotning tanasida kichik yong‘in kelib chiqdi. Boshqa bir yarimfinal poygasida esa raqobatlashayotgan robotlardan biri masofa o‘rtasida qismlarga bo‘linib ketgan.
Tashkilotchilarning ta'kidlashicha, "Tiangong" roboti insoniyat tomonidan o‘rnatilgan 4 ta jahon rekordini ortda qoldirishga muvaffaq bo‘lgan. 100 metrdan tashqari, u 400 metr masofani 38,15 soniyada, 1500 metrni 2 daqiqa 21,64 soniyada bosib o‘tgan hamda 2,88 metr balandlikka sakray olgan.
Pekindagi ushbu musobaqada dunyoning 16 mamlakatidan 2 000 dan ortiq robotlar futbol, raqs, yengil atletika va sanoat topshiriqlari kabi 51 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro bellashmoqda. Xitoy hukumati gumanoid robototexnikani strategik tarmoq deb e'lon qilgan bo‘lib, kelgusida ushbu texnologiyalardan ishlab chiqarish, logistika va xizmat ko‘rsatish sohalarida keng foydalanishni rejalashtirgan.
Avvalroq, Xitoyning Honor smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyasi yaratgan "Lightning" nomli gumanoid robot 100 metr masofani 9,32 soniyada bosib o‘tgan va yamaykalik afsonaviy sportchi Useyn Boltga tegishli dunyo rekordini yangilagan edi.

