Xitoyda robot Useyn Boltning rekordini yangiladi (video)

Xitoyda yaratilgan robot Useyn Boltning rekordini yangiladi (video)
Xitoyning Honor smartfon ishlab chiqaruvchi kompaniyasi tomonidan yaratilgan gumanoid robot 100 metr masofani 9,32 soniyada bosib o‘tib, yamaykalik afsonaviy sportchi Useyn Boltning jahon rekordini yangiladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
"Lightning" (Chaqmoq) deb nomlangan ushbu robot 22-avgust kuni Pekinda boshlangan Ikkinchi butunjahon gumanoid robotlar o‘yinlariga tayyorgarlik musobaqasida soniyasiga 14,5 metr tezlikka erishdi. Bu natija Boltning 2009-yilda Berlindagi Jahon chempionatida o‘rnatgan 9,58 soniyalik rekordidan tezroqdir.
Xitoy gumanoid robotlarni strategik ahamiyatga ega soha sifatida rivojlantirmoqda. Mamlakat rasmiylari va kompaniyalari sun’iy intellekt va texnik imkoniyatlarning rivojlanishi ularni ishlab chiqarish, logistika va maishiy xizmatlarga joriy etishni tezlashtirishiga ishonch bildirmoqda.
Shuningdek, "Lightning" roboti aprel oyida o‘tkazilgan Pekin yarim marafonida 21 kilometr masofani 50 daqiqa-yu 26 soniyada bosib o‘tib g‘olib bo‘lgan edi. Bu natija ham professional erkak yuguruvchilarning dunyo rekordidan tezroqdir.
Yarim marafon paytida robotning bo‘yi 169 santimetr, oyoqlarining uzunligi esa 95 santimetr edi. Xitoy Markaziy televideniyesining xabar berishicha, tadqiqotchilar Butunjahon gumanoid robotlar o‘yinlari oldidan uning oyoqlarini yana 10 santimetrga uzaytirib, 1,05 metrga yetkazishgan.

