Qarsaklar shovqinida haqiqatning ovozi eshitilmaydi | 5 daqiqa
Insonning qoʻliga katta hokimiyat berilsa, odatda atrofdagilarga qanday yashashni oʻrgata boshlaydi. Lavozimi koʻtarilgani sari oʻzini koʻproq narsani biladigan, hatto oʻzida yoʻq sifatlarga ham ega inson sifatida tasavvur qilishi mumkin. Biroq Mark Avreliyning «Oʻzimga oʻgitlar» asarini oʻqir ekansiz, butunlay boshqa manzaraga guvoh boʻlasiz.

Qarsaklar shovqinida haqiqat ovozi eshitilmaydi | 5 daqiqa
«5 daqiqa»ning navbatdagi sonida Rim imperatori boshqalardan ko‘ra, o‘zini qanday boshqarish haqida ko‘proq o‘ylagani haqida bilib olasiz.
Mark Avreliy milodiy II asrda yashagan va Rim imperiyasining hukmdori bo‘lgan. Uning qo‘l ostida katta davlat, katta armiya va katta vakolat bor edi. Uning qarorlari ko‘plab mamlakatlar taqdiriga ta’sir qilardi. Bunday odamning o‘zini dunyoning abadiy egasidek tasavvur qilishi oson, albatta. Biroq u boshqacha yashagan.
«O‘zimga o‘gitlar» aslida boshqalarga atalgan kitob ham emas. Hukmdor uni shaxsiy mulohazalari, o‘zini tartibga chaqiruvchi eslatmalari sifatida yozgan.
Imperator ushbu kitobda o‘zini g‘azabdan qaytarishga urinadi. Obro‘ga ortiqcha berilmaslikni eslatadi. Boshqalarning fikriga bog‘lanib qolmaslik haqida o‘ylaydi. Vaqtning o‘tib ketayotganini ko‘p tilga oladi.
Tasavvur qiling, Rim hukmdori o‘zini tayyor, kamolga yetgan shaxs sifatida ko‘rsatmaydi. Aksincha, u o‘zining kamchiliklarini biladi va ularni qayta-qayta tan oladi. Go‘yo imperatorlik unga inson bo‘lish vazifasini bekor qilib qo‘ymaganini o‘ziga uqtirayotgandek.
Masalan, g‘azab haqida ko‘p o‘ylaydi. Atrofidagi odamlar uning xohishiga ko‘ra ish tutmasligi, noshukr bo‘lishi, qo‘pol gapirishi yoki o‘zini yomon tutishi mumkin. Lekin boshqa odamning xatosi uning o‘zini ham yomon odamga aylantirib qo‘ymasligi lozim.
Bu fikrlar ko‘pchiligimizga yaxshi tanish, albatta. Masalan, kimdir mashinada yo‘limizni to‘sadi va butun kunimiz rasvo bo‘ladi. Kimdir nohaq gapiradi, kayfiyatimiz o‘zgaradi. Kimdir bizga hurmatsizlik qiladi, biz ham unga shunday javob qaytarishni xohlaymiz. Avreliy esa boshqa odamning xulqi ustidan hukm yuritishdan oldin o‘z xulqingizni nazorat qiling, demoqchi bo‘ladi. Chunki birovning xatosi uchun o‘zingizni jazolashingiz shart emas.
Imperator maqtovga juda ehtiyotkor munosabatda bo‘ladi. Xushomadgo‘y, qarsakboz odamlarni o‘zidan yiroq tutadi. Ishonavering, bugun sizni ko‘kka ko‘targan odam, ertaga boshqa rahbar kelganida unga ham ta’zim qiladi. Hatto siz haqingizda butunlay boshqacha fikr aytishi ham mumkin. Odamlarning bahosi o‘zgaruvchan, obro‘ esa vaqt oldida hamisha ojiz, deydi.
Avreliy shuning uchun shuhratni hayotning eng katta maqsadiga aylantirmaslikka urinadi. Unga ko‘ra, insonning yaxshi yoki yomonligi uni qancha odam maqtagani bilan belgilanmasligi kerak. U nima qilyapti, nima uchun qilyapti va bu ish uni qanday insonga aylantiryapti — asosiysi shu!

