Layfstayl

“Qizimga xuddi mendek turmush o‘rtoq uchrasin”. Imron oilaviy qadriyatlari va g‘iybatchi do‘stlari haqida

“Qizimga xuddi o‘zimga o‘xshagan turmush o‘rtoq uchrasin”. Imron oilaviy qadriyatlari va g‘iybatchi do‘stlari haqida

Xonanda Imron “Milliy” telekanalining “Ayol qalbi” ko‘rsatuviga bergan intervyusida hayotida duch kelgan qiyinchiliklar, g‘iybatga bo‘lgan munosabati hamda oilaviy qadriyatlari haqida so‘zlab berdi.

“Odamlar meni yo‘q joydan chiqib, mashhur bo‘ldi, deydi”

— Meni kuzatmaydigan, ko‘p narsadan xabari yo‘q odamlar men haqimda “birgina xit qo‘shig‘i bilan yo‘q joydan chiqib keldi”, deyishadi. Bunday gap-so‘zlar bo‘lishi tabiiy hol. Qiyinchilik payti aslida bizga ham oson bo‘lmagan. Konservatoriyani bitirgandan keyin ham yetti-sakkiz yil yurdik. 2005-yildan to 2018-yilning oxirigacha tinimsiz mualliflik qo‘shiqlarini tayyorladim. Bunda menga dadam va akalarim yordam berishgan. Chunki Toshkentda talaba bo‘lib, bitta mualliflik taronasini chiqarish ham oson emasdi. Joy topolmay, ko‘chada qolgan paytlarim ham bo‘lgan. Bu qiyinchiliklarni o‘zim bilganim ma’qul. Hammaga bu haqda bong urib, ko‘zyosh qilishdan foyda yo‘q, deb ko‘p aytaman, deydi xonanda.

“Qiyinchilikka duch kelinganda, buni oila a’zolariga — onasi va rafiqasiga aytish kerak”

— Inson hayotida qiyinchilikka duch kelsa, vaziyatni yaqinlarga aytib, hech bo‘lmasa bir qismini ma’lum qilish kerak. Ko‘pchilik bu haqda onasiga aytmaslikni afzal ko‘radi. “Onangga aytma, uni qiynab qo‘yasan, azob chekadi”, deyishadi. Nimaga endi? Xudoga hammasi oson-ku. Qaytaga, onangiz ahvolingizni bilsa, siz uchun yanada ko‘proq duo qiladi. Ayolingizga aytsangiz, u ham duo qiladi. Men, aksincha, bu haqda ularga bildirish tarafdoriman. Qandaydir qiyinchilik bilan yuzlashsam, buni dadamga ham aytgim keladi. Inson baribir yaqinlariga hol-ahvoli, vaziyati haqida gapirib turishi kerak.

“Birovni muhokama qiladiganlar bilan murosa qilolmayman”

— Bir kuni bir voqea bo‘ldi. Olti-yetti kishi davrada gaplashib o‘tirgandik. Davramizdagilardan biri xayrlashib, turib ketdi. Men kuzatib turibman, qolgan besh kishi ketgan odamni g‘iybat qilishga tushdi. Boshida buni shunchaki odatiy hol bo‘lsa kerak, deb o‘yladim. Birozdan so‘ng yana bir kishi davrani tark etdi. Uni ham muhokama qilishga o‘tishdi. Shunda ularga: “xafa bo‘lmanglaru, men hozir turib ketishga ham hijolat bo‘lib, qo‘rqib turibman. Agar shunday qiladigan bo‘lsanglar, yig‘ilib nima qilasizlar?”, dedim. Mana shunaqa birovning ortidan gapirib, g‘iybat qiladiganlar bilan murosa qilolmayman. Bunday ishlarga aslo rozi emasman. Kim bo‘libsanki, birovni g‘iybat qilasan, deydi u.

“Qizimning turmush o‘rtog‘i menday bo‘lishini xohlayman”

— Endi mening ham qizim bor. Ertaga, vaqti kelib uni kimgadir uzatish haqida o‘ylayman. Xuddi shunday ayolim ham kimningdir qizi. Ba’zan kech bo‘lishiga qaramay, ayolimga biror ish buyursam, og‘rinmasdan, ortig‘i bilan bajarib qo‘yadi. Buning uchun unga rahmat aytaman.Yana bir narsa bor, ko‘pchilik mendan “qizingiz uchun o‘zingizga o‘xshagan kuyov xohlarmidingiz?”, deb so‘raydi. Bu savolga ko‘pchilik “yo‘q”, deb javob beradi. Men esa xohlayman, deyman.

“Yaqinlarini yaxshi ko‘rishini amalda ko‘rsatish, uni aytishdan ko‘ra yaxshiroq”

— Erkak kishi yaqinlariga nisbatan “sizni yaxshi ko‘raman”, deb ayta olmasligi mumkin. Bu odat menda ham bor. Yaqinlarimni, oila a’zolarimni yaxshi ko‘rishimni amalda ko‘rsatishga harakat qilaman. “Yaxshi ko‘raman”, deb aytish ham yaxshi, albatta. Ammo, nazarimda, buni amalda isbotlash gapdan ko‘ra ancha baland turadi. Ayollarga maslahatim: agar turmush o‘rtog‘ingiz yoki farzandlaringiz sizga nimanidir ilinib, vaqt ajratayotgan bo‘lsa, bilingki, ular yaxshi ko‘rishini amalda ko‘rsatishmoqda. Buni to‘g‘ri tushunib, shukr qilinglar va rozi bo‘linglar, — deydi xonanda.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.