Layfstayl

Qarsaklar shovqinida haqiqatning ovozi eshitilmaydi | 5 daqiqa

Insonning qoʻliga katta hokimiyat berilsa, odatda atrofdagilarga qanday yashashni oʻrgata boshlaydi. Lavozimi koʻtarilgani sari oʻzini koʻproq narsani biladigan, hatto oʻzida yoʻq sifatlarga ham ega inson sifatida tasavvur qilishi mumkin. Biroq Mark Avreliyning «Oʻzimga oʻgitlar» asarini oʻqir ekansiz, butunlay boshqa manzaraga guvoh boʻlasiz.

Qarsaklar shovqinida haqiqatning ovozi eshitilmaydi | 5 daqiqa

«5 daqiqa»ning navbatdagi sonida Rim imperatori boshqalardan koʻra, oʻzini qanday boshqarish haqida koʻproq oʻylaganini bilib olasiz.

Mark Avreliy milodiy II asrda yashagan va Rim imperiyasining hukmdori boʻlgan. Uning qoʻl ostida katta davlat, katta armiya, katta vakolat bor edi. Uning qarorlari koʻplab mamlakatlar taqdiriga taʼsir qilardi. Bunday odam oʻzini dunyoning abadiy egasidek tasavvur qilishi oson, albatta. Biroq u boshqacha yashadi.

«Oʻzimga oʻgitlar» aslida boshqalarga atalgan kitob ham emas. Hukmdor uni shaxsiy mulohazalari, oʻzini tartibga chaqiruvchi eslatmalari sifatida yozgan.

Imperator ushbu kitobda oʻzini gʻazabdan qaytarishga urinadi. Obroʻga ortiqcha berilmaslikni eslatadi. Boshqalarning fikriga bogʻlanib qolmaslik haqida oʻylaydi. Vaqtning oʻtib ketayotganini koʻp tilga oladi.

Tasavvur qiling, Rimning humkdori oʻzini tayyor, kamolga yetgan shaxs sifatida koʻrsatmaydi. Aksincha, u oʻzining kamchiliklarini biladi va ularni qayta-qayta tan oladi. Goʻyo imperatorlik unga inson boʻlish vazifasini bekor qilib qoʻymaganini oʻziga uqtirayotgandek.

Masalan, gʻazab haqida koʻp oʻylaydi. Atrofidagi odamlar uning xohishiga koʻra ish tutmasligi, noshukr boʻlishi, qoʻpol gapirishi yoki oʻzini yomon tutishi mumkin. Lekin boshqa odamning xatosi uning oʻzini ham yomon odamga aylantirib qoʻymasligi lozim.

Bu fikrlar koʻpchiligimizga yaxshi tanish, albatta. Masalan, kimdir mashinada yoʻlimizni toʻsadi va butun kunimiz rasvo boʻladi. Kimdir nohaq gapiradi, kayfiyatimiz oʻzgaradi. Kimdir bizga hurmatsizlik qiladi, biz ham unga shunday javob qaytarishni xohlaymiz. Avreliy esa boshqa odamning xulqi ustidan hukm yuritishdan oldin oʻz xulqingizni nazorat qiling, demoqchi boʻladi. Chunki birovning xatosi uchun oʻzingizni jazolashingiz shart emas.

Imperator maqtovga juda ehtiyotkor munosabatda boʻladi. Xushomadgoʻy, qarsakboz odamlarni oʻzidan yiroq tutadi. Ishonavering, bugun sizni koʻkka koʻtargan odam, ertaga boshqa rahbar kelganida unga ham taʼzim qiladi. Hatto siz haqingizda butunlay boshqacha fikr aytishi ham mumkin. Odamlarning bahosi oʻzgaruvchan, obroʻ esa vaqt oldida hamisha ojiz, deydi.

Avreliy shuning uchun shuhratni hayotning eng katta maqsadiga aylantirmaslikka urinadi. Unga koʻra, insonning yaxshi yoki yomonligi uni qancha odam maqtagani bilan belgilanmasligi kerak. U nima qilyapti, nima uchun qilyapti va bu ish uni qanday insonga aylantiryapti. Asosiysi shu!

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.