«Chiqindi tashiydi deb mensishmaydi...» - yarim asrlik haydovchining mehnati va baxt siri
Har tong toza koʻchalardan oʻtib ketarkanmiz, buning ortida kimlarning zahmati borligini koʻpincha xayolimizga keltirmaymiz. Shahar hali uyquda boʻlgan paytda ishga otlanadigan ana shunday insonlardan biri - yarim asrga yaqin umrini rulda oʻtkazgan chiqindi tashuvchi haydovchi. Uning mehnati koʻzga koʻrinmasligi mumkin, ammo har kuni minglab odamlar his qiladigan tozalik ortida qahramonimizning mashaqqati bor.

«Chiqindi tashiydi deb mensishmaydi...» - yarim asrlik haydovchining mehnati va baxt siri
Hayoti davomida u odamlarning turli munosabatlariga duch keldi: baʼzilar uning mehnatini qadrlasa, boshqalar uni «chiqindi tashiydi» deb mensimadi. Ammo uning oʻzi uchun baxtning mezoni boshqacha – halol mehnat, oilasi va har kuni ishiga rozi boʻlib qaytish.
Bugungi qahramonimiz – 69 yoshli Muhammadolim aka, «Maxsustrans» korxonasida 16 yildan beri chiqindi tashuvchi mashina haydovchisi boʻlib ishlaydi va 50 yillik haydovchilik tajribasiga ega. Uning hayoti faqatgina mashaqqatli mehnatdan iborat emas. Uning ortida togʻdek turguvchi ayoli, 15 nafar nabirasi va tozalikka bagʻishlangan umri bor. Biz qahramonimizning ish jarayoni va shinam xonadonida boʻlib, hayot hikmatlariga quloq tutdik.
«Hozir odamlar asabiy, bir xillari ishimizni mensimaydi»
Muhammadolim akaning ish kuni tong sahar soat 08:00 da boshlanadi. Shahar boʻylab yigʻilgan chiqindilarni maxsus poligonlarga tashish uning kundalik vazifasi. Bir kunda mashinasida 70-80 kilometr masofa bosib oʻtadi. 50 yildan beri rul chambaragini ushlab kelayotgan bu inson odamlarning yillar davomida qanday oʻzgarib borayotganini oʻz koʻzi bilan koʻrgan.
«Oldin odamlar bir-birini hurmat qilgan. Kattaroq odam oʻtirgan boʻlsa «assalomu alaykum» deb oʻtgan. Hozirgilarning baʼzilari salom bermay oʻtib ketadi. Avtobus bekatlarida yoshlar savlat toʻkib oʻtiradi, qariyalar esa tik oyoqda turadi. Odamlar hozir negadir asabiyroq.
Kasbimizni kimdir hurmat qiladi, lekin koʻpchilik chiqindi mashinaning ichida yuribsan deb mensimaydi. Oldingizdan qoʻlini siltab, harakatlari bilan pisand qilmay oʻtib ketishadiganlar bor. Baʼzida majburiy toʻxtab ishlayotganimizda, signal chalib baqirib berishadi. Lekin biz shukronalik bilan mehnat qilyapmiz, chunki tozalik bor joyda fayz va baraka boʻladi», - deydi qahramonimiz.
Chiqindilar orasidan topilgan xazina va kutilmagan topildiqlar
Kasbning oʻziga yarasha mashaqqati va hayratlanarli tomonlari bor. Muhammadolim aka faoliyati davomida chiqindilar orasidan qimmatbaho buyumlar ham topib olganini yashirmaydi.
«Bir marta chiqindi tashlayotganda tiqillagan ovoz keldi. Qarasam, uzuk. Boshida mis boʻlsa kerak deb oʻylab, uyga olib bordim, nabiralarim oʻynab yurishdi. Keyin bilsam, koʻzi bor tilla uzuk ekan. Toshkentdagi savdo markazida tekshirtirganimda, tilla ekanini tasdiqlashdi va oʻsha paytdagi pulga 400 ming soʻmga sotganman. Bu juda katta pul edi. Yana bir marta chiqindilar orasidan uzilib ketgan tilla zanjir ham topib olganman».
Albatta, bunday holatlar har kuni ham boʻlavermaydi, lekin bu halol mehnat qilayotgan insonga berilgan Allohning kichik siylovlaridek goʻyo.
45 yillik baxt siri: «erkak kishining choʻntagini kovlamang»
Chiqindixona poligonidagi ishini yakunlagan qahramonimiz bilan uning xonadoni joylashgan Zangiota tumaniga yoʻl oldik. 15 yil oldin qurilgan, fayzli va ozoda hovlida bizni turmush oʻrtogʻi Zulxumor opa kutib oldi. Hovlidagi turli qushlar va bedanalarning sayrashi bu oiladagi xotirjamlikdan darak berardi. 45 yildan beri bir yostiqqa bosh qoʻyib kelayotgan Zulxumor opa baxtli oilaning sirini bitta soʻz bilan izohladi:
«Xoʻp boʻladi!»
«Baxtli oilaning siri nimada deysizmi? Xoʻjayinni hurmat qilib, nima desalar «xoʻp boʻladi» deyishda. Erkak kishiga boshqa hech narsa kerak emas: vaqtida ovqati, choyi, kiyimlari tayyor boʻlsa, uy ozoda tursa boʻldi. Buvim oʻrgatgan edilar: «hech qachon erkak kishining pulini soʻrama, choʻntagiga qarama. Shunda senda baraka va hurmat boʻladi». Men shu paytgacha xoʻjayinimning choʻntagini kovlamaganman. Qiyinchilik paytlar ham boʻlgan, bolalarga tuzukroq ovqat qilib berolmagan kunlarimizni ham koʻrdik. Ammo barchasi sabr bilan oʻtib ketdi».
Ichidan nur taralayotgan inson
Suhbat davomida Muhammadolim akaning yuz-koʻzlaridan, qilayotgan ishidan qanchalik mamnun ekanini sezish qiyin emasdi.
«Bu yoshda energiyani qayerdan olasiz deyishadi. Energiyani ichimdan, oʻzimdan olaman! Yoshim 70 ga yaqinlashyapti, lekin orzularim hali ham bor. Nabiralarim katta boʻlib, shularning toʻyini koʻrish nasib qilsin», - deydi jilmayib.
Uning uyidagi ozodalik ishdagi masʼuliyati bilan hamohang. Zulxumor opaning taʼkidlashicha, Muhammadolim aka azaldan tozalikni yaxshi koʻradi. Hovlida bitta choʻp yotsa ham eʼtiborsiz oʻtmaydi.
Xulosa oʻrnida...
Biz koʻpincha koʻchalarimiz tozaligini tabiiy holdek qabul qilamiz. Biroq buning ortida Muhammadolim aka kabi yomgʻir-u qorda, jazirama issiqda xizmat qilayotgan, baʼzan bizning nooʻrin muomalamizga ham sabr bilan javob qaytarayotgan mehnatkashlar turibdi. Ular shunchaki chiqindi tashimaydi, ular shaharning nafas olishiga yordam beradi. Ularning mashaqqatli mehnati evaziga koʻchalarimiz koʻrkam, uylarimiz fayzli. Azizlar, shunday insonlarning mehnatini qadrlaylik!

