“Yaqinda men o‘laman, bolam...” — O‘tkir Hoshimovning bir umrlik armoni ta’sirida yozilgan asar haqida

**“Yaqinda men o‘laman, bolam...” — O‘tkir Hoshimovning bir umrlik armoni ta’sirida yozilgan asar haqida**
“— Shoshma, bolam... Gap bor.
— Oyijon, shoshib turibman, ishxonaga o‘tishim kerak. Pensiya olishim kerak...
— Bolam, suratga tushaylik.
— Suratga? Nimaga, oyi?
— Yaqinda men o‘laman, bolam ...”
O‘g‘il bu so‘zlarni eshitib, yengil kulimsiradi. Onasi xuddi qo‘shninikiga chiqib keladigandek, xotirjamlik bilan gapirgan edi. Yigit “bunaqa demang” deya ko‘chaga shoshildi. Vaqt tig‘iz, qilinadigan ishlar bisyor edi. U qayoqdan bilsin? Oradan roppa-rosa bir hafta o‘tib, onaning o‘sha osoyishta bashorati haqiqatga aylanib, yigitni bir umrlik vijdon azobiga, kechirim so‘rashning imkoni yo‘q bo‘lgan abadiy iztirobga mubtalo qilishini u qayoqdan bilsin?
O‘sha shoshqaloq yigit, onasining so‘nggi iltimosini yoshlikning g‘o‘rligi sabab kulgi bilan qarshi olgan yigit – kelajakda butun o‘zbek xalqini o‘z onasi oldidagi qarzini eslashga majbur qila olgan, asarlari ikki milliondan ortiq nusxada chop etilgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov edi.
Biz ko‘pincha yozuvchilarni baland minbarlardan turib xalqqa aql o‘rgatadigan, hayotning barcha jumboqlarini yechishga qodir komil insonlar qiyofasida tasavvur qilamiz. Ammo chinakam So‘z odami, avvalo, o‘zining bitmaydigan jarohatlari, kechikkan pushaymonliklari va hammadan yashirgan ko‘z yoshlari ustida unib chiqadi. U boshqalarning dardini qog‘ozga to‘kadi-yu, o‘zining dardi bilan birga mozorga ketadi.
Ushbu maqolada o‘zbek nasriga pichirlab ham hayqiriqdan baland chiqadigan so‘zi bilan kirib kelib, xalqining qonli va shonli tarixini, eng yupun va eng pokiza tuyg‘ularini ikki eshik orasida qoldirgan, kuldirib turib yig‘latish san’atining ustasi — O‘tkir Hoshimovning qismat yo‘li haqida gaplashamiz.
**Do‘mbirobod changi**
1941-yil 5-avgust. Ikkinchi jahon urushi olamni qonga bulayotgan, odamzotning qadri bir siqim kepakka tenglashgan pallada Toshkentning Do‘mbirobod qishlog‘ida bir chaqaloq dunyoga keldi. Uning tomirlarida oddiy dehqon emas, balki XIX asr oxirlarida mustamlakachilar armiyasi Eski shaharni qirg‘in qilmoqchi bo‘lganida, general-gubernator huzuriga kirib, xunrezlikni to‘xtatib qolgan Abulqosimxon eshonning (mashhur Abulqosim madrasasi banisi) qoni oqardi.
Otasi Ataulla aka nihoyatda tajang, haqparast va kamgap kishi edi. Onasi Hakima aya esa butun mahalla “Poshsho oyi” deb e’zozlaydigan, sodda, mehnatkash va xalq laparlarining tirik xazinasi bo‘lgan ayol edi. O‘tkir aynan mana shu ikki xil qutb — otasining murosasiz haqiqatparvarligi hamda onasining cheksiz mehr-shafqati orasida shakllandi.
U bolaligidan urushning asoratini, muhtojlikning zaxini tortib o‘sdi. A’lo baholarga o‘qisa-da, oilaviy sharoit tufayli yeng shimarib ishlashga majbur bo‘ldi. Toshkent Davlat universitetining jurnalistika fakultetida sirtqida o‘qib, “Temiryo‘lchi”, “Toshkent haqiqati”, “Qizil O‘zbekiston” kabi gazetalarda qora ishchi, xat tashuvchi, musahhih bo‘lib ishladi. Mehnat va qora ter uning eng birinchi ustoziga aylandi.
**Qahhorning nigohi va yelkaga tushgan tog‘**
Ijodga sarmast yigit yigirma bir yoshida (1962-yil) “Po‘lat chavandozlar” ocherklar to‘plamini chiqardi. Ammo uni haqiqiy yozuvchilar maydoniga olib kirgan hodisa 1963-yilda yozilgan “To‘rt maktub” hikoyasi va uning asosida yaratilgan “Cho‘l havosi” qissasi bo‘ldi.
O‘sha yillari o‘zbek adabiyoti maydonida shunday bir qutb bor ediki, uning bitta gapi yo yosh ijodkorni osmonga olib chiqardi, yo umrbod qalamni tashlashga majbur qilardi. Bu – so‘zni tonnalab olib, grammlab sotadigan Abdulla Qahhor edi. Talaba yigitning ilk asarini o‘qigan ulug‘ adib unga maktub yo‘lladi:
“Birdan lov etib alanga bilan boshlangan ijodning kelajagi porloq bo‘ladi... Shu alanga hech qachon pasaymasin, ijodingiz hech qachon tutamasin!”
Bu qanday ulkan baxt bo‘lsa, shunday ulkan yuk ham edi. O‘tkir Hoshimov butun umri davomida nimaiki yozmasin, yelkasi ortida Qahhor domla tikilib turgandek, “Xo‘sh, mulla, buyog‘i qanday bo‘lyapti?” deb dashnom berayotgandek his qilib yashadi. Bu mas’uliyat uni chala tug‘ilgan asarlar yozishdan asradi. Shu asnoda 1970-yillarga kelib “Bahor qaytmaydi”, “Qalbingga quloq sol”, “Nur borki, soya bor” asarlari yomg‘irdan keyingi qo‘ziqorindek emas, balki asriy chinordek ildiz otib maydonga chiqdi.
U xatolarni asar qahramonlari orqali ko‘rsatishni bilar, ularga nisbatan “shafqatsiz” edi. “Bahor qaytmaydi” qissasidagi Alimardon obrazi bunga yaqqol misol. O‘quvchilar va tanqidchilar Alimardonni nega o‘limga mahkum qilganini so‘rashganda, adib sovuqqonlik bilan shunday derdi:
“Uni men emas, o‘zi halok qildi. Unda xudbinlik bilan birga mardlik ham bor. U birovdan mag‘lub bo‘lib yashagandan ko‘ra hayotdan ketishni afzal ko‘radi”.
**Tahririyatdagi shumliklar: 40 santimetrli quloq va koʻrlar**
Yozuvchini faqat gʻam-anduh va mudhish fojialar kuychisi deb oʻylash katta xato boʻlardi. Oʻtkir Hoshimov favqulodda yumor hissi rivojlangan, quvnoq va hangomatalab inson edi. “Toshkent oqshomi” gazetasida adabiyot va sanʼat boʻlimini boshqargan yillari (1966-1982) asablarni egovlaydigan, doimiy shoshinch jurnalistika muhitida u oʻzining mutoyibalari bilan hamkasblariga xushkayfiyat ulashib turardi.
Bir kuni u qadrdon doʻsti va hamkasbi Toʻlqin Rasulovni boplashga qaror qiladi. Telefonda ovozini oʻzgartirishga gʻoyat usta boʻlgan adib, goʻshakni koʻtarib, oʻzini ToshMI (Tibbiyot instituti) xodimi sifatida tanishtiradi va atayin boʻgʻiq, salobatli tovushda gap boshlaydi:
— Bu “Oqshom”mi? Biz ToshMIdan gapiryapmiz. Axborot kerakmi?
Har kuni “informatsiya” normasini bajarolmay boshi qotib oʻtirgan Toʻlqin akaning joniga orom kiradi:
— Kerak! Hozir men qogʻoz olib olay... Ayting.
Oʻtkir Hoshimov butunlay jiddiy ohangda tarixda misli koʻrilmagan noyob operatsiya haqidagi uydirmani “diktovka” qila boshlaydi: Boʻka tumanidagi “Avangard” kolxozi 8-brigadasidan ogʻir ahvolda keltirilgan bemor Boqiboyevning yoshi, oilasi, mehnatdagi yutuqlari, operatsiyada qatnashgan oʻnga yaqin professorlaru dotsentlar... Hatto amaliyot paytida qoʻrqib xushidan ketib qolgan talabagacha erinmay sanaydi. Bularning barini qogʻozga tushiraverib sillasi qurigan Toʻlqin aka oxiri toqati toq boʻlib soʻraydi:
— Oʻzi nimani operatsiya qilishdi?
Shunda Oʻtkir Hoshimov yana oʻsha tamomila jiddiy ohangda javob qiladi:
— Nimani boʻlardi! Bemor Boqiboyevning oʻng qulogʻi binoyidek boʻlgan-u, chap qulogʻi oʻzidan-oʻzi choʻzilib ketavergan. Oʻsib-oʻsib, bir haftada 40 santimetrga yetgan. Jarrohlar uning 33 santimetrini kesib, 8 santimetrini qoldirishdi...
Xonada portlagan qahqahani telefonda Toʻlqin Rasulov ham eshitadi va hammasini tushunadi. Zum oʻtmay, u xonaga kirib kelib, ham kulib, ham koyinib shunday deydi: “Qanaqa odamsiz? Yozaverib qoʻlim ogʻrib ketdi-ku!”.
Adibning bunday “shumliklari” bitta emasdi. Yana bir gal gazetadagi xodimlardan biri oʻz maqolasida “Koʻr koʻrni qorongʻida topibdi” degan maqolni tasodifan, biroz nooʻrin ishlatib qoʻyadi. Buni oʻqib qolgan Oʻtkir Hoshimov darhol Toʻlqin Rasulov va Solih Yoqubovni yoniga chorlab, yangi hazil rejasini tuzadi. Telefon orqali maqola muallifi xonaga chaqirtiriladi. Adib unga qarab oʻta jiddiy va xavotirli qiyofada deydi:
— Ogʻayni, nima qilib qoʻydingiz? Koʻrlar jamiyatidan kelgan delegatsiya bosh muharrirning qabulxonasida oʻtiribdi. “Hukumatimiz koʻzi ojizlar haqida shuncha gʻamxoʻrlik qilayotgan bir paytda, bizni haqorat qilishga jurʼat etgan jurnalistni bir koʻrib qoʻyaylik”, deyishdi. Bittasi meni tanir ekan. “Oʻzi yaxshi yigit, bilmasdan yozibdi, oʻzimiz tanbeh beramiz” deb, manavi akalaringiz bilan bir amallab, arang qaytarib yubordik.
Bu gaplarni eshitgan shoʻrlik xodimning qoʻrquvdan rangi dokadek oqarib ketadi. U adib va uning hamkasblariga qayta-qayta minnatdorlik bildirib, boshqa bunday xato qilmaslikka soʻz beradi. Hatto, ishdan keyin ushbu “xaloskorlari” uchun maxsus dasturxon yozib, ziyofat qilib bergan ekan.
Bu voqealar yozuvchining nafaqat soʻz bilan insonlarni istagan kuyiga sola olishini, balki inson psixologiyasini, uning qoʻrquv va ishtiyoqini qanchalik nozik his qilishini ham yaqqol koʻrsatib turadi.
**Ilohiy “kontakt” va ko‘z yoshlar**
O‘tkir Hoshimov ijodni shunchaki kasb emas, ilohiy bir jarayon deb bilardi. U asar yozilishini kosmik kemaning parvoziga qiyoslagan:
“Aeronavtika va kosmonavtikada g‘alati qoida bor. Uning nomi kontakt deb ataladi... Agar o‘sha ondayoq kema motori gurillab ishlab ketmasa, parvoz bekor qilinadi. Bir soniya oldin ham, bir soniya keyin ham bo‘lmasligi shart!”
Asarlar uning ichida oylab, yillab yashar, biroq aynan “kontakt” tugmasi bosilgan lahzada u dunyoni unutar, qog‘oz va qalam bilan yakkama-yakka qolardi. Shunday paytlarda xonadonga mutlaq jimjitlik cho‘kardi. Turmush o‘rtog‘i O‘lmasxon aya farzandlariga: “Adang ishlayaptilar”, desa kifoya edi – hovlida pashsha uchsa eshitiladigan darajada osoyishtalik hukm surardi.
Yozuvchining asarlari faqat tafakkur emas, qon va ko‘z yosh bilan yozilardi. 1980-yilda uning o‘sha farishtamonand onasi qazo qildi. U bu judolikni shunday og‘ir o‘tkazadiki, adabiyotshunos do‘stlari uni chalg‘itish va dardidan xalos qilish uchun “Sijjak”ka dam olishga olib ketishdi. Ularning “Shu iztiroblaringizni qog‘ozga tushiring, sizda iqtidor bor-ku” degan maslahati o‘zbek adabiyotidagi eng o‘qishlilaridan bo‘lgan, o‘quvchilarini ko‘p yig‘latadigan asar — “Dunyoning ishlari” (1982) paydo bo‘lishiga turtki berdi.
Yozuvchining rafiqasi O‘lmasxon ayaning eslashicha, u hayotida turmush o‘rtog‘ining uch marta o‘ksib yig‘laganini ko‘rgan ekan. Biri — onasi vafot etganda, ikkinchisi — aynan shu asardagi “Oq marmar, qora marmar” qissasini yozib tugatganda.
O‘tkir Hoshimov haqida gapirganda uning 1986-yilda yozilgan “Ikki eshik orasi” romanini eslamay o‘tsak bo‘lmas. Asar kompozitsiyasi va falsafasi jihatidan yangi va yuqori hodisa edi. Yozuvchining o‘zi aytganidek:
“Odamzod tug‘ilganda bitta eshikdan kiradi, o‘lganda ikkinchisidan chiqadi. Barcha tortishuvlar mana shu ikki eshik oralig‘ida kechadi”.
U bu romanni yozish jarayonida asar qahramonlarining azobini o‘z vujudidan o‘tkazardi. Bir kuni rafiqasi ijodxonaga kirsa, adib stolda boshini egib o‘tiribdi. Qog‘ozlarga ko‘z yoshi tomchilab tushgan. U xotiniga qarab:
— Munavvarni o‘ldirib qo‘ydim! — deydiyu, hovliga chiqib ketadi. Qisqasi, Hoshimov chinakamiga iztirob chekib yozilgan asar rohat qilib o‘qilishini o‘z tajribasida isbotlab qo‘ydi. Umar zakonchi va Ra’no kabi obrazlarni shunchalik mahorat bilan yozadiki, kitobxon ulardan nafratlanish tugul, hazar qilib turgan chog‘ida ularning ham yashash mantig‘i, o‘zining teskari xaqiqatlari borligini ko‘rsatib beradi.
**Manqurtlar, “O‘zbek ishi” va qo‘rqmas tahririyat**
80-yillarning oxiri va 90-yillarning boshlari. Mustabid tuzum qon qusayotgan, biroq hali to‘liq o‘lmagan palla. O‘tkir Hoshimov 1985-1995-yillarda “Sharq yulduzi” jurnaliga bosh muharrir etib tayinlandi. Bu oddiy lavozim emas, siyosiy va ma’naviy maydon edi. Aynan uning rahbarligida 1990-yili jurnalda Qur’oni Karimning o‘zbekcha tarjimasi (Alouddin Mansur tarjimasi) chop etila boshlandi. “Ateizm uyi” kabi dinsiz idoralar buni kamsitish deb atab, jurnalni yopishga, tarjimani to‘xtatishga qancha urinmasin, Hoshimov va uning jamoasi orqaga chekinmadi.
Adib o‘tgan asr oxiridagi fojealarni qog‘ozga tushirish uchun yillar davomida Afg‘on urushi nogironlari, “o‘zbek ishi” qurbonlari bilan gaplashib materiallar to‘playdi, biroq asar boshlanmasdi. Bir kuni u og‘ir xastalanib kasalxonaga tushdi. Shifokorlar zudlik bilan operatsiya qilishni talab qilar, u esa ko‘nmasdi. Ma’yus kech kuz oqshomi. Uchinchi qavat balkonida sigaret chekib turganida, shamol daraxtdan bitta xazonni yulib kelib, uning oyog‘i ostiga tashladi. Yozuvchi xazonni bosib yubordi... “qisir” etib majruh barg maydalandi. Ana shu lahza “kontakt” rolini o‘ynadi! Zudlik bilan ijodxonasiga qaytgan adib roman ruhiyatini belgilab bergan o‘sha mashhur birinchi jumlani yozdi: “Kuz – o‘lim to‘shagida yotgan bemorga o‘xshaydi. Oyoq ostida kasalmand xazonlar ingraydi…”
Ayniqsa, asardagi Komissar obrazi orqali yozuvchi tuzumning asl basharasini ochib tashladi. Komissar shunchaki salbiy personaj emas edi, u o‘ta xavfli, aqlli manqurt, onasidan ham voz kechishga tayyor tizim quli edi. Lekin Hoshimov unga qanday jazo berdi? Qamoqmi? O‘limmi? Yo‘q. Yozuvchi uni tiriklayin chirishga, hammadan ajrab, yakkamoxovga aylanishga mahkum etdi. O‘zining qilmishlari tufayli xotini o‘lgan, o‘g‘illari nafratlangan, kechalari alahsirab chiquvchi tirik murdaga aylantirdi. Adib bu asari orqali sovet tuzumining insoniylikka qarshi qaratilgan yirik jinoyatini fosh qilib berdi.
**Ikkinchi eshikka qarab...**
Umrining so‘nggi yillarigacha u qalamini qo‘ymadi. Qariyb 40 yil davomida qog‘ozga tushirib borgan xulosalarini jamlab, “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” asarini yaratdi. Bu kitob haqida o‘ylasam uning bozor iqtisodiyoti haqidagi gaplari yodimga keladi:
Kecha alifni kaltak deyolmagan ateist bugun ming kishini to’plab “amri-ma’ruf” qilsa-yu, unga dashnom bergan o’qituvchisi choy tashib yursa, hayratlanmay iloj yo’q! O’sha o’qituvchi ertasiga maktabni tashlasa-yu, “Ippadrom”ga chiqib sigaret sotsa, hayratlanmay ilojim yo’q!
Kecha buyuk ixtirolar qilgan olim bekatda tursa-yu, “kontrakt” bilan o’qishga kirgan talaba “inomarka”sida unga loy sachratib o’tsa... Chalasavod “hofiz” bir soat “hangragani” uchun boshidan dasta-dasta “ko’ki”dan sochsalar…
Davraning bir burchida o’tirgan shoir yurak qoni bilan yozgan g’azallari tuproqqa qorishganidan ko’ngli o’ksib izdihomdan bosh egib chiqib ketsa... Bunaqa bozorga o’t tushib, alangasi osmonga chiqsin!
O‘tkir Hoshimov adabiyotni mo‘may daromad manbai qilib olgan, iste’dodsiz, puliga kitob chiqarayotgan noshirlar va yozuvchinamolarni tovuqqa o‘xshatardi: “Yong’oqdek tuxum tug’adi-da, qaqog’lab olamni buzadi!”
Yillar o‘tib adibimiz “Mehnat shuhrati”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlarini, “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvonini oldi, butun bir xalqning ardoqli yozuvchisiga aylandi. Biroq vaqt doimgidek o‘z so‘zini ayta boshladi, xastalik esa qalamdan emas, to‘g‘ri yoqadan olardi.
2013-yilning 24-may kuni. Toshkentning osmonida bulutlar tarqalgan, quyosh zaminni isitayotgan bir paytda... O‘tkir Hoshimov o‘zi ta’riflagan o‘sha “ikkinchi eshik”dan jimgina chiqib ketdi.

