Prezident Koreyadagi vatandoshlar bilan uchrashdi
Uchrashuv ishtirokchilari Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasida iqtisodiyot, ilm-fan va taʼlim sohalaridagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan takliflarni ilgari surishgan.

**Prezident Koreyadagi vatandoshlar bilan uchrashdi**
Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida ushbu mamlakatda mehnat qilayotgan va tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashdi.
Prezident matbuot xizmati maʼlum qilishicha, norasmiy muhitda oʻtgan samimiy suhbatda Yangi Oʻzbekistondagi islohotlarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalar hamda ularni hayotga faol tatbiq etishda vatandoshlarimizning qoʻshayotgan hissasi muhokama qilingan.
Uchrashuv qatnashchilari Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi oʻrtasida iqtisodiyot, ilm-fan va taʼlim yoʻnalishlaridagi aloqalarni kengaytirishga qaratilgan bir qator ilgʻor takliflarni ilgari surishdi.
Milliy iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va davlat boshqaruviga sunʼiy intellekt hamda Koreyaning raqamli texnologiyalarini integratsiya qilish, tibbiyot, transport, bojxona va turizm sohalarida innovatsion yechimlarni ilgari surish, milliy toʻlov tizimlari va pul oʻtkazmalari platformalarini jadal rivojlantirish hamda axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, madaniy-gumanitar aloqalarni chuqurlashtirish boʻyicha ham aniq takliflar bildirildi. Jumladan, Koreya Respublikasida Oʻzbekiston madaniy markazlari tarmogʻini kengaytirish, oʻzbek tilini oʻrganish dasturlarini rivojlantirish, ikki mamlakat hududida turli madaniy tadbirlarni oʻtkazish hamda oʻzbek mumtoz adabiyoti namunalarini koreys tiliga tarjima qilish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston rahbari mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga qoʻshayotgan salmoqli hissasi uchun vatandoshlarimizga minnatdorlik bildirib, ularning har bir tashabbusi batafsil oʻrganilishini, eng muhim loyihalar har tomonlama amaliy qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidladi.
Oʻzbekiston yetakchisi uchrashuvda qatnashgan professorlar, tadbirkorlar, faollar va talabalarga oʻqishda va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyatlar tilab, davlatimiz ular bilan muloqotga doimo ochiqligi, vatandoshlarimizning bunyodkorlik salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga tayyorligini alohida qayd etdi.

