Dunyo

O‘zbekiston va Koreya alohida strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan tor

O‘zbekiston va Koreya alohida strategik sheriklikni yangi bosqichga olib chiqishga kelishib oldi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Seul shahrida Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myon bilan tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi.

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston–Koreya alohida strategik sherikligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalari batafsil ko‘rib chiqildi.

Tomonlar savdo, investitsiyalar, muhim minerallar, transport va infratuzilma yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirishni ustuvor vazifa sifatida belgiladi.

Qayd etilishicha, Koreyadan O‘zbekiston iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 8 milliard dollardan oshgan. Mamlakatda Koreya kapitali ishtirokidagi 700 dan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.

Joriy tashrif doirasida umumiy qiymati qariyb 12 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar tayyorlangan. Shuningdek, Koreya Eksimbanki bilan 8 milliard dollarlik Strategik hamkorlik dasturi qabul qilingan.

Prezidentlar Koreyaning ilg‘or texnologiyalari hamda O‘zbekistonning resurs va sanoat salohiyati asosida innovatsion va texnologik alyans shakllantirishga alohida e’tibor qaratdilar.

Axborot texnologiyalari, kiberxavfsizlik, tibbiyot, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sohalarida yuqori texnologiyali hamda raqamli yechimlarni joriy etish ustuvor yo‘nalishlar sifatida belgilandi.

Shuningdek, harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish, idoralararo aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tadbirlar o‘tkazish va harbiy mutaxassislarni tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.

Tomonlar hududlararo hamkorlikni kengaytirishga ham kelishib oldi. Ikki mamlakat o‘rtasida ilk bor o‘tkazilgan Hududlararo forum natijalari yuqori baholanib, navbatdagi forumni Samarqand shahrida o‘tkazish belgilandi.

Muzokaralarda ta’lim va kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Ayni paytda O‘zbekistonda Janubiy Koreya universitetlarining to‘rtta filiali va KOICA ko‘magida tashkil etilgan beshta kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyat yuritmoqda.

Madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida 2027 yilni “Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilish hamda qo‘shma tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar bo‘yicha ikki tomon pozitsiyalarining yaqinligi ham tasdiqlandi.

xabarchi’da cookie fayllari

Til va mavzu tanlovingizni eslab qolish hamda hozir saytni nechta odam o‘qiyotganini sanash uchun cookie fayllaridan foydalanamiz — bu hisob anonim, faqat brauzeringiz ochiq turganda saqlanadi va na siz bilan, na boshqa tashrif bilan bog‘lanmaydi. Ruxsatingiz bilan sayt qanday o‘qilishini ham o‘lchaymiz: Microsoft Clarity sahifa ko‘rishlari va ulardagi harakatlarni yozib boradi, o‘z hisobimiz esa qaytgan o‘quvchilarni sanaydi. Sizni tashriflar orasida taniydigan hech narsa siz qabul qilmaguningizcha o‘lchanmaydi.