Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston va Koreya hamkorligining yangi yoʻnalishlarini belgilab berdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasining The Chosun Daily nashrida eʼlon qilingan maqolasida Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasidagi hamkorlikni yangi texnologik bosqichga olib chiqish zarurligini taʼkidladi. Sunʼiy intellekt, yarim oʻtkazgichlar, robototexnika, elektr transport vositalari va biofarmatsevtika istiqbolli yoʻnalishlar sifatida qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston va Koreya hamkorligining yangi yoʻnalishlarini belgilab berdi
Koreya Respublikasining The Chosun Daily nashrida prezident Shavkat Mirziyoyevning «Oʻzbekiston va Koreya Respublikasi: oʻzgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik» sarlavhali maqolasi chop etildi.
Prezident maqolada ikki davlat o‘rtasidagi tarixiy rishtalar, alohida strategik sheriklik, savdo va investitsiya aloqalarining bugungi holati hamda hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish imkoniyatlariga to‘xtaldi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi ikki tomonlama savdo hajmi 5 barobarga oshgan. Koreyaning Oʻzbekiston iqtisodiyotiga yo‘naltirgan investitsiyalari esa 8 mlrd dollardan oshdi.
Hozirda Oʻzbekistonda Koreya kapitali ishtirokidagi 700 dan ortiq qo‘shma korxona va loyiha faoliyat yuritmoqda. KOICA, Koreya Eksimbanki va EDCF bilan hamkorlikdagi loyihalarning umumiy portfeli 3,5 mlrd dollardan ziyodni tashkil etadi.
Mirziyoyev ikki mamlakat iqtisodiyotlarining o‘zaro to‘ldiruvchanligi yangi o‘sish drayverlarini yaratish uchun katta imkoniyat ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, endilikda alohida yo‘nalishlardagi hamkorlikdan umumiy ishlab chiqarish tizimlari, texnologik platformalar va yangi bozorlarni shakllantirishga o‘tish muhim.
Maqolada sunʼiy intellekt, yarim oʻtkazgichlar, robototexnika, elektr transport vositalari, biofarmatsevtika, «aqlli» qishloq xoʻjaligi va «aqlli shaharlar» Oʻzbekiston-Koreya hamkorligining istiqbolli yoʻnalishlari sifatida qayd etilgan.
Shuningdek, taʼlim va inson kapitaliga investitsiyalarni ko‘paytirish, akademik almashinuvlarni rivojlantirish hamda qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish zarurligi ta’kidlangan.
Prezident Markaziy Osiyo-Koreya Respublikasi sammitiga ham alohida to‘xtalib, uni Koreyaning nafaqat Oʻzbekiston, balki butun mintaqa bilan hamkorligini yangi bosqichga olib chiqish uchun muhim maydon sifatida baholadi.
Oʻzbekiston ushbu format doirasida siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, amaliy hamkorlikni kengaytirish va sheriklikning yangi mexanizmlarini yaratishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishni rejalashtirmoqda.
Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi oʻrtasida tinchlik, innovatsiyalar, oʻzaro ishonch va umumiy farovonlikka asoslangan yangi hamkorlik makonini shakllantirish mumkinligiga ishonch bildirdi.

