Pokistonning Imarat kompaniyasi Yangi Toshkentdagi loyihalarda ishtirok etishi mumkin
Ushbu yirik qurilish kompaniyasiga ko‘chmas mulkni boshqarish, sotish va raqamli mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimlarini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganish taklifi bildirildi.

Pokistonning Imarat kompaniyasi Yangi Toshkentdagi loyihalarda qatnashishi mumkin
Pokistonning yirik qurilish kompaniyasi — Imarat Group’ning Yangi Toshkent hududida yirik ko‘chmas mulk va kompleks development investitsiya loyihalarida ishtirokini yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayev ushbu mamlakatdagi qurilish kompaniyasi rahbari Akbar Shafik bilan muzokaralar olib bordi. Uchrashuv Shavkat Mirziyoyev boshchiligida Yangi Toshkent loyihasini amalga oshirish yuzasidan investorlar va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, Pokistonning yirik developerlik kompaniyalarini mazkur loyihaga jalb etish maqsadida tashkil etildi.
Pokistonlik investorga ushbu hududda ko‘p tarmoqli bunyodkorlik loyihasini amalga oshirish taklif qilindi. Loyiha zamonaviy turar joy majmualari, Grade-A toifasidagi ofis maydonlari, savdo va umumiy ovqatlanish obyektlari, mehmonxona va konferensiya markazlari hamda zamonaviy jamoat hududlarini o‘z ichiga oladi.
Imarat Group’ning ko‘chmas mulk sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tajribasi istiqbolli yo‘nalish sifatida qayd etildi. Shu munosabat bilan kompaniyaga qurilish loyihasini amalga oshirish, kelgusida Yangi Toshkentda ko‘chmas mulkni boshqarish, sotish va raqamli mijozlarga xizmat ko‘rsatish tizimlarini joriy etish imkoniyatlarini o‘rganish taklifi bildirildi.
Muhokamalarda Imarat Group delegatsiyasining O‘zbekistonga safari tashkil etilishi va dastlabki muhokamalar bosqichini aniq investitsiya konsepsiyasini shakllantirish bosqichiga olib chiqish bo‘yicha kelishib olindi.
Imarat Group Pokistonning ko‘chmas mulk va qurilish sohalarida faoliyat yurituvchi yirik kompaniyalar guruhlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya o‘z faoliyati doirasida ko‘chmas mulk, arxitektura va dizayn, mehmonxona biznesi, qurilish materiallari, ko‘chmas mulkni sotish va boshqarish, raqamli ko‘chmas mulk texnologiyalari yo‘nalishlarini yagona ekotizimga birlashtirgan.

