Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkentda uylar qurmoqchi
Kompaniya faoliyatida kottejlar va villalardan iborat zamonaviy turar joy majmualarini qurishga alohida e’tibor qaratiladi

Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkentda uylar qurishni rejalashtirmoqda
Pokistonning «Izhar Group» kompaniyasi Yangi Toshkent shahri hududida zamonaviy turar joy majmualarini barpo etishi mumkin. Bu masala O‘zbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher To‘xtayevning kompaniya rahbari Umar Izhar bilan o‘tkazgan muzokaralarida muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida kompaniyaning developerlik yo‘nalishidagi tajribasi hamda xalqaro loyihalari taqdim etildi. Umar Izharning aytishicha, «Izhar Group» faoliyatida kottejlar va villalardan iborat zamonaviy turar joy majmualarini qurishga alohida e’tibor qaratiladi.
Tomonlar kompaniyaning Turkiya va boshqa davlatlarda orttirgan tajribasini Yangi Toshkent shahrini barpo etish jarayonida qo‘llash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi. Xususan, investorning loyihaning dastlabki bosqichida yer sotib olish uchun katta mablag‘ sarflamasdan qurilishni boshlashi va ishlarni bosqichma-bosqich olib borishiga imkon beruvchi hamkorlik mexanizmlari muhokama qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Yangi Toshkent loyihasining umumiy maydoni 20 ming gektarni tashkil etadi. Birinchi bosqichda 6 ming gektar hududni o‘zlashtirish va qariyb 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.
Muzokaralarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bilan bog‘liq texnik va huquqiy talablar, moliyalashtirish, soliqqa tortish, yer ajratish, ipoteka va lizing imkoniyatlari ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida «Izhar Group» delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish hamda kompaniya vakillarining tegishli vazirlik va idoralar bilan uchrashuvlarini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

