Pokiston kompaniyasi Yangi Toshkentda uy-joylar va koʻngilochar markazlar qurmoqchi
Pokistonning Vision Group kompaniyalar guruhi Yangi Toshkentda turarjoylar, bogʻlar, savdo va koʻngilochar markazlarni qamrab oluvchi yirik investitsiya loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Loyihani taqdim etish va qurilish shartlarini muhokama qilish uchun kompaniya ishchi guruhining Oʻzbekistonga tashrifini tashkil etishga kelishildi.

Pokistonning Vision Group kompaniyasi Yangi Toshkentda uy-joylar hamda koʻngilochar markazlar barpo etishni rejalashtirmoqda. «Dunyo» axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, bu masalalar Oʻzbekistonning Pokistondagi elchisi Alisher Toʻxtayev va Vision Group rahbariyati oʻrtasidagi muzokaralarda muhokama qilingan.
Uchrashuv chogʻida kompaniya vakillariga Yangi Toshkent loyihasi, shuningdek, qurilish sohasiga sarmoya kiritayotgan xorijiy investorlar uchun yaratilgan imtiyoz va preferensiyalar haqida batafsil maʼlumot berilgan.
Pokiston tomoniga yangi shaharda infratuzilma hamda muhim ijtimoiy obyektlarni qurishga davlat tomonidan katta mablagʻ yoʻnaltirilayotgani, hozirga qadar 2 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritilgani aytilgan.
Shuningdek, Yangi Toshkent uchun jami 20 ming gektar yer ajratilgani, birinchi bosqichda 6 ming gektar hududda 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilgani taʼkidlangan.
Vision Group vakillari Yangi Toshkentni jozibador va istiqbolli investitsiya yoʻnalishi sifatida koʻrayotganini bildirgan.
Kompaniya taklif etayotgan loyiha zamonaviy turarjoy binolari, bogʻlar, sayilgohlar, favvoralar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari, savdo va koʻngilochar markazlarni qamrab oladi. Aholi hamda xorijiy mehmonlar uchun ijtimoiy va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini yaratish ham rejalashtirilgan.
Muzokaralar yakunida mazkur loyiha taqdimotini oʻtkazish uchun kompaniya ishchi guruhining Oʻzbekistonga safarini tashkil etishga kelishib olingan. Xabarda loyihaning aniq qiymati va qurilish muddatlari keltirilmagan.
Vision Group 1990-yilda tashkil etilgan boʻlib, koʻchmas mulk qurilishi, ommaviy axborot vositalari, kino, farmatsevtika, taʼlim, arxitektura va dizayn sohalarida faoliyat yuritadi.
Agentlik maʼlumotiga koʻra, guruh soʻnggi 22 yil ichida Pokiston shaharlarida umumiy maydoni 2,6 ming gektar boʻlgan shaharsozlik va qurilish loyihalarini amalga oshirgan. Kompaniya aktivlari 7 milliard dollarga baholanmoqda.

