Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda 2,5 mlrd dollarlik 10 ta loyiha qurilishiga start berdi
O‘zbekiston prezidenti Yangi Toshkentda Xitoy, Turkiya, BAA va boshqa xorijlik hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 2,5 mlrd dollar bo‘lgan o‘nta yirik loyiha qurilishiga start berdi. Ular orasida sanoat hududi, yo‘l va ko‘prik, biznes siti, turar joy majmualari hamda Yangi Toshkent markaziy shifoxonasi bor.

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda 2,5 mlrd dollarlik 10 ta loyiha qurilishiga start berdi
Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentda bunyod etilgan inshootlarni ishga tushirish hamda yangi loyihalar qurilishiga start berish marosimida qatnashdi.
Ma’lum qilinishicha, barpo etilayotgan Yangi Toshkentning birinchi bosqichidayoq 50 milliard dollarlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Shaharda 2 ming gektar yashil hudud va 500 gektar istirohat bog‘lari tashkil etiladi. “Yashil qurilish standartlari” asosida 150 million kvadrat metr turar va noturar joy maydonlari quriladi.
O‘tgan davrda Yangi Toshkentda 2 milliard dollarlik ishlar bajarildi. Turar joylar, universitetlar, kutubxona va amfiteatr barpo etildi. Bugungi marosimda umumiy qiymati 1 milliard dollar bo‘lgan yettita obyekt foydalanishga topshirildi.
Ular “Sharq bahori” turar joy majmuasining birinchi bosqichi, yo‘l va infratuzilma obyektlari, “Yangi Toshkent” 1-son nimstansiyasi, trigeneratsiya stansiyasi, Savdo-sanoat palatasi binosi, “Sohil bog‘i” istirohat bog‘i hamda 2 ming o‘rinli umumta’lim maktabidan iborat.
Turkiyaning “MIMSAN” kompaniyasi ishtirokida 73 million dollar investitsiya evaziga qurilgan trigeneratsiya stansiyasi 100 ming xonadonni markazlashgan tarzda isitish va sovitish, shu bilan birga elektr energiyasi ishlab chiqarish imkonini beradi. Xitoyning “Haocheng Industry Group Limited” kompaniyasi bilan barpo etilgan nimstansiya va yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari loyihasining qiymati 95 million dollarni tashkil etadi.
Shuningdek, 18 kilometr avtomobil yo‘li qurildi, 13 kilometr kanalizatsiya va 4,5 kilometr ichimlik suv tarmoqlari tortildi. Qirg‘oq bo‘ylab 10 kilometrlik “Sohil bog‘i”da piyodalar va velosiped yo‘laklari tashkil qilindi. “Sharq bahori” turar joy majmuasining dastlabki bosqichida qariyb 7 mingta xonadon qurildi.
Marosimda Xitoy, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa xorijiy hamkorlar ishtirokida umumiy qiymati 2,5 milliard dollar bo‘lgan yana o‘nta yirik loyiha qurilishiga start berildi.
Ulardan biri yuqori texnologik mahsulotlar va yarim o‘tkazgichlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Deep Tech park” sanoat hududidir. Uni barpo etishga 320 million dollar yo‘naltiriladi. Kelgusida bu yerda umumiy qiymati 1,7 milliard dollarlik loyihalar joylashtiriladi.
Finlyandiyaning “MariMatic” kompaniyasi ishtirokida chiqindilarni to‘plash va ulardan “yashil” elektr energiyasi olish loyihasi amalga oshiriladi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylar tomiga umumiy quvvati 20 megavatt bo‘lgan fotoelektr tizimlarini o‘rnatish rejalashtirilgan.
Yangi Toshkentni poytaxt bilan bog‘lash uchun Temur Malik ko‘chasi va 4R12 avtomobil yo‘li o‘rtasida ko‘prik, yo‘l o‘tkazgich va 10 kilometr yo‘l quriladi. Metro bekatlari bilan tutashgan yer osti avtoturargohini barpo etish ham yangi loyihalardan biri.
Umumiy maydoni 818 ming kvadrat metrdan ortiq bo‘lgan “Metropolis” biznes sitida ofislar, mehmonxona, turar joylar va xizmat ko‘rsatish obyektlari joylashadi. Maydonning 500 ming kvadrat metr qismi biznes uchun mo‘ljallangan. Bu yerda 1,5 ming nafar odamning bandligini ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, “Silk City”, “Mavj” va “Marjon” turar joy majmualari hamda 120 o‘rinli Yangi Toshkent markaziy shifoxonasi quriladi.
Davlat rahbari ushbu loyihalar Yangi Toshkentning biznes, turizm va madaniyat markazi sifatida shakllanishiga xizmat qilishini ta’kidlab, shahar bunyodkorligida ishtirok etayotgan quruvchilar, muhandislar, loyihachilar va xorijiy hamkorlarga minnatdorlik bildirdi.

