Pedagog va o‘quvchilar har yili psixologik diagnostikadan o‘tadi
Prezident qaroriga ko‘ra, ta’lim tashkilotlarida pedagog va o‘quvchilar har yili psixologik diagnostikadan o‘tadi. Natijalar esa

Pedagog va o‘quvchilar har yili psixologik diagnostikadan o‘tadi
Prezidentning 2026-yil 19-oktyabrdagi PQ–379-sonli qarori bilan uzluksiz ta’lim tizimida psixologik xizmat sohasini ilmiy asosda rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
Qarorga ko‘ra, barcha ta’lim tashkilotlarining pedagoglari, tarbiyachilari, o‘quvchilari, tarbiyalanuvchilari va talabalari har o‘quv yilida kamida bir marta maqsadli psixologik diagnostikadan o‘tkaziladi.
Tizimni joriy etish ikki bosqichda amalga oshiriladi. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida, 2027/2028-o‘quv yilidan esa o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim tashkilotlarida diagnostika yo‘lga qo‘yiladi.
Psixologik diagnostika Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan maxsus elektron platformada yuritiladi. Unda shaxsga doir ma’lumotlar hamda diagnostika natijasida aniqlangan ma’lumotlarning sir saqlanishi ta’minlanadi.
Natijalar sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida tahlil qilinib, pedagog va o‘quvchilar uch guruhga ajratiladi: «psixologik barqaror», «psixologik qo‘llab-quvvatlashga muhtoj» va «faol psixologik qo‘llab-quvvatlash zarur».
Birinchi guruhga kiritilganlar psixologik barqaror deb baholanadi. Ikkinchi guruhga ta’lim tashkilotining psixologi, uchinchi guruhga esa tegishli hudud bo‘yicha mentor psixolog biriktiriladi.
Kaskadli malaka oshirish kurslariga o‘qituvchi sifatida jalb qilingan psixologlarga kurs davrida asosiy ish joyidagi lavozim maoshining 20 foizi miqdorida ustama beriladi.
O‘quv yili davomida psixologik barqarorlikni ta’minlashda yuqori natijalarga erishgan 150 nafar mentor psixolog mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 20 baravari miqdorida bir martalik moddiy rag‘batlantiriladi. Ta’lim tashkilotlarining psixologik xizmat xodimlari har besh yilda kamida bir marta malaka oshirishi shart etib belgilandi.
Shuningdek, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetining Psixologiya o‘quv-ilmiy markazi negizida Psixologiya ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etiladi va u Ta’lim va ilm-fan vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi.
2027-yil 1-yanvardan institutda Raqamli psixologiya va sun’iy intellekt, Ta’lim psixologiyasi va psixologik xizmat, Psixologik salomatlik va profilaktika laboratoriyalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

