“Paxtakor” darvozasiga ikkita gol urgan futbolchiga “Barselona” va “Al-Hilol” qiziqish bildirmoqda
Portugaliya milliy jamoasi a’zosi Joau Feliks faoliyatini boshqa klubda davom ettirishi mumkin.

“Paxtakor” darvozasiga ikkita gol urgan futbolchiga “Barselona” va “Al-Hilol” qiziqish bildirmoqda
Saudiya Arabistonining “Al-Hilol” klubi portugaliyalik hujumchi Joau Feliksni o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda.
Oldinroq 26 yoshli hujumchiga uning sobiq jamoasi — “Barselona” ham jiddiy qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Xususan, “ko‘k-anorranglilar” prezidenti Joan Laporta futbolchini yana Kataloniyaga qaytarishni rejalashtirmoqda. Biroq Ekrem Konurning aytishicha, “Al-Hilol” rahbariyati Feliksni Saudiya Arabistoni chempionatida olib qolishni maqsad qilgan. Hozirda riyodliklar futbolchi atrofidagi vaziyatni sinchiklab kuzatib bormoqda va ushbu transfer bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyor.
Ma’lumot uchun, Joau Feliks Krishtianu Ronaldu bilan birga Ar-Riyodning boshqa bir jamoasi — “An-Nassr” sharafini himoya qilmoqda. Hujumchi joriy mavsumda 10 ta uchrashuvda maydonga tushib, 3 ta gol va 7 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2-noyabr kuni Feliks to‘p surayotgan “An-Nassr” klubi Toshkentda “Paxtakor” mehmoni bo‘ldi. Gollar shousiga aylangan ushbu bahsda portugaliyalik futbolchi 2 ta gol va 2 ta assist qayd etib, jamoasining 6:2 hisobidagi yirik g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi.

